Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:13

Estoniya o‘zbeklari: "So‘g‘diyona"


Estoniyaning Narva shahridagi o‘zbeklar jamiyati o‘zining 10 yilligini nishonlamoqda. Narva shahridagi “So‘g‘diyona” O‘zbeklar jamiyati asoschisi va rahbari Irina Farmonova-Kravtsova haqida hikoya qilmoqchimiz.

Narva – Estoniyaning eng sharqida joylashgan, yirikligi, aholi soni bo‘yicha mamlakatdagi uchinchi o‘rinni egallab kelayotgan tarixiy shahar. 1223 yilda asos solingani aytiladigan va asosan ruslar yashaydigan bu shahar uzoq asrlar davomida Rossiya hamda boshqa Yevropa davlatlari o‘rtasida tortishuvlarga sabab bo‘lgan.

Nihoyat bugungi kunga kelib shahar Narva daryosi bo‘ylab ikki qismga ajratildi: Estoniya qismi Narva shahri, Rossiyaga qarashli tomon Ivan-gorod deb nomlandi. O‘sha davrdagi Ivan Grozniy hamda Livoniya knyazlari o‘rtasidagi qarama-qarshilikni bugungi kungacha saqlanib qolgan daryoning ikki sohilida qad ko‘targan qal‘a – German va Ivangorod qal‘alari eslatib turadi.

Bir qarashda O‘zbekiston va o‘zbeklar bilan bog‘liqligi mutlaqo sezilmaydigan Yevropaning bu qismida mana 10 yildirki O‘zbeklar madaniy markazi faoliyat yuritib kelmoqda.

2003 yilda Narvada mahalliy o‘zbeklar va o‘zbekistonliklarni birlashtirgan bu jamiyat shaharda ko‘zga ko‘ringan va ekzotik tuzilmalardandir.

Эстония ўзбеклари: Сўғдиëна
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:28 0:00


O‘tgan 10 yil davomida nafaqat Narva, balki butun Estoniyada Sharq madaniyatining bevosita timsoliga aylanishga ulgurgan O‘zbeklar jamiyati “So‘g‘diyona” nomiga ega. “Axir men o‘zim Samarqandning Juma shahridanman”, deydi Ozodlik Radiosi bilan suhbatlashgan jamiyat asoschisi va o‘n yillik rahbari Irina Kravtsova.

- Onam ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lgan va Sariko‘lga ishlashga yuborilgan. Dadam Zulxon Farmonov o‘sha paytda maktabda ishlab yurgan. Ular o‘sha yerda tanishishgan, oila qurishgan. Dadam Jumada uy qurganidan keyin ko‘chib o‘tishgan, biz o‘sha yerda tug‘ilib o‘sganmiz. O‘sha paytda negadir o‘zbeklar oilalarida ruscha ism qo‘yish modada bo‘lgan va dadam uchchala qiziga ruscha ism qo‘ygan. Ana shu sababli men Irina bo‘lib qoldim, ustiga bu yerda turmushga chiqib familiyam ham Farmonovadan Kravtsovaga aylandim. Bu yerda avvaliga hamma hayron – ismim, familiyam ruscha, ko‘rinishim osiyocha, - deb kuladi Irina Kravtsova.




Irina Estoniyaning Narva shahriga turmush o‘rtog‘i ortidan kelib qolganini gapirar ekan, Sovet Ittifoqidan ajralib Yevropa Ittifoqiga qo‘shilgan Estoniyada yashayotganiga 36 yil bo‘lganidan o‘zi ham hayratlanadi. “Buning hammasi xuddi kecha bo‘lib o‘tgandek”, deya davom etadi Irina opa.

- Men bitta diplomim bo‘yicha boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, ikkinchi diplomim bo‘yicha logoped mutaxassisligiga egaman. Bu yerda o‘zbeklar juda kam. Tallindagi o‘zbeklar jamiyati rahbari Lola opaning aytishicha, bir necha yil burun Estoniyada 63 nafar o‘zbek bo‘lgan. Bilmadim, hozir ko‘paydimi-kamaydimi...Narvaning o‘zida 10 yil oldin jamiyat tuzganimizda ro‘yxatimizda 20 nafar o‘zbekistonlik yozilgandi. Kimdir olamdan o‘tdi, kimdir Narvadan ko‘chib ketdi. Qolgan bo‘lsa o‘zbek tilida so‘zlashuvchi qariyalar ham sanoqli qoldi shahrimizda, deya afsuslanadi jamiyat rahbari.

Uzoq Samarqandni qumsab, farzandlari ota-onalari tug‘ilib o‘sgan o‘zbek yurti haqida farzandlari mutlaqo bexabar qolayotganidan kuyingan Irina opa nihoyat o‘zbeklar jamiyatini tuzish, o‘zbek raqslariga qiziqadigan mahalliy qizlarni bir guruhga jamlashga qaror qilganini aytadi.

U tuzgan “So‘g‘diyona” o‘zbek raqs san‘ati guruhiga asosan sharq raqsiga qiziquvchi rus va eston qizlar qatnashib keladi. Bu qizlar boshiga o‘zbek do‘ppisini kiyib, nafaqat Estoniyaning, balki Yevropaning qator davlatlarida o‘z mahoratlarini namoyish qilishga ulgurgan.

Jamiyat faoliyatida unga to‘ytepalik Lidiya Fedorovna yordam berayotganini aytib, Irina Farmonova-Kravtsova o‘zbeklar jamiyati Narva shahar rahbariyati ko‘magi va bu yerda mavjud boshqa jamiyatlar yordamida 10 yildan buyon butun Estoniyada tanilib qoldi, deydi.

- O‘zbekistonni juda qo‘msayapmiz... Mana shu shaharda 1977 yildan - yosh qizchaligimdan buyon yashab kelaman, umrimni yarmidan ko‘pini shu yerda o‘tkazdim. Lekin, o‘zbek nonini yeb, suvini ichganing butun vujudingga singib ketar ekan... Shu yillar davomida o‘z yurtimiz haqida xabarlarni eshitib turishga oshiqdiq, hozir Internet orqali u yerda bo‘layotgan voqealardan xabardormiz. Shahrimizda esa sharqona kiyim-kechagimiz, odatlarimiz juda katta qiziqish uyg‘otyapti. Axir biz ular uchun afsonaviy, go‘zal Sharqmiz. Kattalarning esida “Yalla”, “Toshkent”, “non”, “do‘ppi”, “paxta” kabi O‘zbeklar yurti to‘g‘risida tasavvurlar ozmi-ko‘pmi qolgan bo‘lsa, mahalliy yoshlar O‘zbekiston haqida eshitmagan ham. Biz paydo bo‘lgandan buyon narvaliklarning barchasi o‘zbek madaniyati to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘ldi, - deya maqtanishga ijozat so‘radi jamiyat raisi.

U bir yilda kamida bir marotaba shaharliklar uchun o‘zbekcha raqs va qo‘shiqlardan iborat kontsert dasturi, turli madaniy tadbirlarni tayyorlab borishini ma‘lum qildi.

Suhbatdoshimiz Narva “So‘g‘diyona”si yana bir nomdosh jamoa - Finlyandiya O‘zbeklar jamiyati bilan qalin munosabatlar o‘rnatilganini bildirdi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Narvadan tashqari o‘zbeklar jamiyati Estoniyaning Tallinn va Tartu shaharlarida ham faoliyat yuritib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG