Линклар

Iyun oyidan boshlab Sirdaryoda UzTE brendi ostida uyali telefonlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalanmoqda. Bu haqda Ozodlikka UzTE shirkati PR-menejeri Kamila Tursunova ma‘lum qildi.

UzTE shirkati vakilasiga ko‘ra, Sirdaryodagi zavodda uch turdagi smartfon ishlab chiqariladi.

- Biz GRAND-V, GRAND-X va GRAND-M degan nom bilan uch xil smartfon ishlab chiqarishni rejalayapmiz. Aytishim mumkinki, telefonlarimizning hammasi Android operatsion tizimining oxirgi versiyasi asosida ishlaydi, - dedi Kamila Tursunova.

Suhbatdoshimiz UzTE shirkati chiqargan mobil telefonlar o‘zbekistonliklar orasida ommabop bo‘lgan iPhone yoki Android operatsion tizimi asosida ishlaydigan Samsung smartfonlari bilan bemalol raqobatlasha olishiga shubha qilmaydi.

- Bu milliy brend bo‘ladi. Telefonlar UzTE nomi ostida chiqariladi va ular O‘zbekiston aholisi uchun mo‘ljallangan. Bu, birinchidan, narxi pastligi jihatdan chetda chiqarilgan boshqa smartfonlar bilan raqobat qila oladi. Ammo narx telefonlarimizning sifatiga muvofiq bo‘ladi. Shuning uchun men bu bilan iste‘molchilarimiz yaxshi tanlov imkoniyatiga ega bo‘ladi, deb o‘ylayman, - der ekan Kamila Tursunova UzTE smartfonlari narxini hozircha ochiqlay olmasligini, bu ma‘lumot mahsulot bozorga chiqarilishi arafasida yoyinlanishini ma‘lum qildi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, UzTE shirkati Sirdaryodagi smartfon zavodi ishlab chiqarish quvvatini yiliga 100 ming dona telefon ishlab chiqarishga yetkazishni rejalagan. Bugungi kunda mazkur korxona rivoji uchun 3 million dollarcha sarmoya yotqizilgani aytilmoqda.

Ellik kishini ish bilan ta‘minlashi kutilayotgan Sirdaryodagi zavodda smartfonlar hozircha faqat yig‘iladi, xolos. Telefonlarning ehtiyot qismlari va dizaynini ishlab chiqish esa Xitoyda amalga oshiriladi. UzTE shirkati PR-menejeri Kamila Tursunova kelajakda bu ehtiyot qismlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi mumkinligini ham qo‘shimcha qildi.

Tursunovaga ko‘ra, Sirdaryodagi zavod ishga tushishi barobarida shirkat ishlab chiqargan telefonlar ta‘miri bilan shug‘ullanadigan servis-markazlar ham ochiladi.

O‘zbekistonlik mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi kpk.uz internet-do‘kon sotuvchisi Shamil, agar narxi “chaqmaydigan” bo‘lsa, UzTE shirkati ishlab chiqarajak smartfonlar o‘z xaridorini topishiga ishonadi.

- Agar ular, aytaylik, Samsung telefonlaridan arzonroq bo‘lsa, shu bilan birga, sifati ham uncha qolishmasa, ular albatta sotiladi. Bu telefonlar O‘zbekistonda xaridorgir bo‘lishi uchun ko‘rsatkichlari, masalan, protsessorining quvvati, tasvirining aniqligi, funktsionalligi bir xil bo‘lgan muqobil telefonlardan kamida 100-150 dollar arzon bo‘lishi kerak, - deydi sotuvchi Shamil.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, suhbatdoshimiz aytgan Samsung Galaxy S4 telefoni -hozir Toshkentda, xarakteristikasiga qarab, o‘rtacha 700-800 dollardan sotilmoqda.
XS
SM
MD
LG