Линклар

Rossiyalik mehnat muxojiri 26 yashar Nargiza o‘zi muxlis bo‘lgan o‘zbek pop-guruhi “Ummon”dan qattiq hafa bo‘lganini Ozodlikka yozib yubordi. Suhbatdosh yo‘llagan maktubga ko‘ra¸ Moskvada kontsert o‘tkazgan “Ummon” guruhi o‘z muxlislarini kamsitgan.

Chipta narxi 500 rubl, deya reklama qilingan bu kontsert pirovardida muxlislarga 1500 rublga tushgan.

“Bunga ham rozi bo‘lib zalga kirgan 400 tomoshabin sal o‘tmay militsiya tarafidan haydab chiqarildi”, deb yozadi Nargiza maktubida.

- Tashqariga bizni xuddi molga o‘xshab haydab chiqarishdi¸ deb ta‘kidladi o‘z maktubida moskvalik qo‘shiq muxlisi.

Maktubda yozilishicha¸ tashqarida 4 soat turgan tomoshabinlarga yana zalga kirishga izn berilgan.

Ana shundan keyin “Ummon” guruhi a‘zolari parda ortidan chiqib, ikki qo‘shiq aytishgan, xolos.

- Qolganiga Otabek degan prodyusser chiqib zaldagilarni oshkora kamsitdi. Bu proyusser zaldagi chiroqni o‘chirib biz tomoshabinlarni qo‘pol tarzda haydab soldi. O‘zbek bo‘lganimdan uyaldim¸1500 rubl to‘lab haqorat eshitganimizni ko‘rib ustimizdan ruslar kuldi¸deb yozdi Nargiza Ozodlikka yozgan maktubida.

Biz bu maktub orqasidan o‘zbek ashulachilarining chet elda o‘tkazgan kontsertlarida kuzatilgan ma‘suliyatsizlik¸ saviyasizlik va tovlamachilik kabi holatlarni o‘rganishga harakat qildik.


Bomba


Avvaliga “Ummon” guruhi bilan bog‘landik. O‘zini guruh ma‘muri, deya atagan yigitga ko‘ra, Moskvadagi kontsertdan oldin kimdir zalga bomba qo‘yilgan, deb militsiyaga xabar bergan.

Shu bois, militsiya 4 soat mobaynida zalni tekshirgan. Kontsert dasturining qisqaligini ham tashkilotchi shu omil bilan izohladi.

Rossiyada istiqomat qiladigan sotsiolog Abdusami Rahmonovga ko‘ra¸ o‘zbek musiqa guruhlari bilan bog‘liq tovlamachilik holatlari ko‘p kuzatilgan.

- Ammo, bu holatda o‘z huquqlarini bilmaydigan o‘zbek mehnat muhojirlari jabrdiyda bo‘lib qolaveradi. Rossiya iste‘molchilar haq-huquqi himoya qilinadigan mamlakat. Chuv tushgan tomoshabinlar o‘zlariga yetkazilgan moddiy va ma‘naviy zararni qoplashlari mumkin¸ deydi suhbatdosh.

Rossiyada kontsertlar tashkil qilish bilan shug‘ullanib kelgan Sankt-Petrburgdagi “Obmorok i Mama” musiqa guruhi rahbari Ixtiyor qo‘shiqchilik sohasidagi tovlamachilikka barham berish uchun Rossiyadagi mavjud qonunchilik mukammal emasligini aytadi.

- Masalan, Yevropada fonogramma bilan aytiladigan kontsert chiptasi 50 foiz arzon bo‘lishi kerak, degan qoida bor. Rossiyada bunday qoida haqida endi o‘ylashmoqda. Ammo, mavjud qonunlar doirasida ham 1500 rubl evaziga kamsitilgan tomoshabin huquqi ta‘minlanadi¸ dedi Ixtiyor.


Toshbo‘ron


Har ikkala suhbatdosh ham qo‘shiqchilik sohasidagi tovlamachilikka qarshi kurashning huquqiy tarzi haqida gapirishdi.

Ayni paytda kontsertlardan ko‘ngli to‘lmagan muxlis o‘z alamini hushtak chalish bilan ifodalamoqda.

Qashqadaryodagi to‘yga bir soat kechikib kelgani uchun ashulachi Hosila Rahimova toshbo‘ron qilingan edi.

"O‘zbekistonda toshbo‘ron bo‘lishdan qo‘rqqan ashulachilar o‘z tovlamachiliklarini Rossiyaga ko‘chirishgan ko‘rinadi"¸ deydi Sankt-Petrburgda istiqomat qiladigan o‘zbek mehnat muhojiri Ochilboy Ozodlik bilan suhbatda.

- Mehnat bilan topgan pulimizga chipta olib borib, fonogramma tinglab kelamiz. Bu insofdan emas, deya ta‘kidlagan Ochilboy O‘zbekistondan keladigan artistlarning mardikorlarga past nazar bilan qarashidan nolidi.


Hazilning tagi zil


O‘zbekistonlik taniqli qiziqchi Shukrullo Isroilovning AQShga kontsert safari chog‘ida u yerdagi o‘zbeklarga gastarbayterlar, deb murojaat qilgani muxlislarga biroz og‘ir botgan edi.

Sankt-Petrburgdagi “Obmorok i Mama” musiqa guruhi rahbari Ixtiyorga ko‘ra, o‘zbekistonlik musiqachilar mamlakat tashqarisidagi mehnat muhojirlarini kamsitishi insofdan emas.

- Bu xuddi suv ichayotgan buloqqa tupurgan kabi holat¸ deydi suhbatdosh.

O‘zbekistonlik taniqli xonanda Ozodbek Nazarbekov esa o‘zbek musiqachilari mardikorlar bois dunyo kezayotganlarini e‘tirof qilgan edi.

- Sizlar Rossiyaga bordingizlar bizlar ketinglardan keldik¸ sizlar Amerikaga borganlaringizda bizlar ketinglardan Amerikaga bordik¸ degan edi o‘tggan yili Moskvadagi kontsert paytida Ozodbek Nazarbekov.

Ozodbek Nazarbekovning kontsertlarini o‘tkazuvchi Sankt-Petrburgdagi shirkatning o‘zini Maya, deb tanishtigan vakili bundan buyon muxlislar e‘tirozlarini inobatga olishini va‘da qildi.
XS
SM
MD
LG