Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:15

Blog: Qoraqamishlik o‘zbek Nobel mukofotini oladi


Yarim asrdan keyin To‘ytepada yashovchi o‘zbek to‘yda 100 ming kishiga osh berib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiradi.
Yarim asrdan keyin To‘ytepada yashovchi o‘zbek to‘yda 100 ming kishiga osh berib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiradi.
100 yildan so‘ng hayotimizda qanday kutilmagan o‘zgarishlar ro‘y beradi? Xayol degani ham bor bo‘lsin-da! Ertangi kungi voqealardan gap ochilsa, “ichimdagini top” odamning ham tili yechilib ketadi.

Internetning jonsarak va jonhalak foydalanuvchilar kelajakdagi o‘zgarishlarni muhokama qilmoqdalar. Turli ijtimoiy tarmoqlarda kuzatganimiz – O‘zbekiston hayotiga oid ayrim “bashorat”larni Ozodlik blogsevarlariga ilindik.

2050 yil. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari mo‘r-malaxdek ko‘payib ketganidan, bir-birlariga jarima solishga tushishadi. “Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimas”, “Sulton suyagini xo‘rlamas” singari maqollarining bozori kasod bo‘ladi.

2060 yil. Metro bekatiga tushayotgan yo‘lovchining ko‘z to‘rpardasi ham tekshiruvdan o‘tkaziladi.

2070 yil. “Paynet” to‘lov tizimi orqali talaba sessiyani yopishi, yosh kelin-kuyov nikohdan o‘tishi, bemor esa har turli tibbiy analiz topshirish mumkin bo‘ladi.

2080 yil. Aholi farovonligiga qo‘shgan hissasi uchun “Matiz” mashinasiga monument o‘rnatiladi.

2090 yil. Toshkent aeroportiga yaqinini kutib olish yoki kuzatish uchun chiqmoqchi bo‘lganlar mashinalarini Bobur bog‘i oldida qoldirishlariga to‘g‘ri keladi. Uchayotgan yo‘lovchilar esa parvozdan uch kun oldin aeroportga kelib tunashi talab etiladi.

2100 yil. Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishi qurilishi barqaror davom etadi.

2110 yil. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati kredit uyushmalari tashkil etadi. Qoidabuzarlik uchun jarima to‘lashga mullajiring yo‘qmi, marhamat, “gai”chilar bir zumda sizga kredit rasmiylashtirib beradi. Foiziga chidasangiz kifoya!

2120 yil. Dunyo yigirmanchi marotaba moliyaviy inqirozni boshdan kechiradi. O‘zbekistonga esa inqirozning epkini ham kelmaydi.

2130 yil. Toshkentning Qoraqamish dahasida yashovchi fuqaro qo‘lbola usulda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi vosita yaratgani uchun Nobel mukofotini oladi.

2140 yil. YuNESKO o‘zbek nosini insoniyatning ko‘hna madaniy boyliklari ro‘yxatiga tirkaydi.

2150 yil. O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Rossiya prezidenti o‘zbekistonlik hamkasbi bilan o‘zbekcha gaplashadi. Lekin O‘zbekiston birinchi rahbari rusiyzabon bo‘lgani sababli Rossiya prezidentining o‘zbekcha fikrlarini unga tarjima qilib berishga to‘g‘ri keladi.

2160 yil. Toshkent viloyatining To‘ytepa shahrida yashovchi o‘zbek to‘yda 100 ming kishiga osh berib, Ginnesning rekordlar kitobiga kiradi.

2170 yil. BMT Bosh kotibi ekologik vaziyat bilan tanishish uchun Orol sahrosiga boradi. Bosh kotib sobiq dengiz o‘rnida bir chelakcha suv ko‘rgani haqida bestseller xotiranoma yozadi.

2180 yil. O‘zbekiston parlamentining yalpi majlisida “Lotin alifbosiga butunlay o‘tish kerakmi yo kirill alifbosi ma‘qulmi?” degan masala ko‘riladi. Deputat va senatorlar bu masalani uzil-kesil hal qilishni 10 yil keyinga qoldirishadi.

2190 yil. Parlament lotin yo kirill yozuvi masalasida yana bir to‘xtamga kelolmaydi. Ayni shu yig‘ilishda o‘zbek tilining izohli lug‘atidan “pora” so‘zi tag-tugi bilan chiqarib tashlash, uning o‘rniga “hadya” so‘zini qo‘llashga qaror qilinadi.

2200 yil. Toshkent “O‘tin tayyorlashning tesha tegmagan usullari” mavzusidagi xalqaro anjumanga mezbonlik qiladi.

Ayni o‘sha yili. O‘zbek rejissyori suratga olgan “Hotamtoy va o‘tinchi chol” filьmi “Oskar”ning biryo‘la yetti nominatsiyasida g‘olib, deb topiladi.

2210 yil. O‘zbekiston xalq hofizi Jasur Umirovning “Oysara opaning qizi Jumagul” qo‘shig‘i o‘zbek mumtoz san‘ati namunasi sifatida e‘tirof etiladi.
XS
SM
MD
LG