Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:04

“Shig‘ar juz rubl” – 2 (davomi)


O‘zini O‘zbek Turist, deb tanishtirgan tinglovchimizning WhatsApp dasturi orqali yozib-jo‘natgan yo‘lnomasi dastlabki qismini 21 may kuni e‘lon qilgan edik.

O‘zbek Turistning smartfon hikoyasi o‘zbek mehnat muhojirlarining poyezdda Qozog‘istonning kirish chegarasidan to chiqish chegarasigacha ko‘rgan-kechirganlari bayonidir.

Hikoya, bir qarashda, qozog‘istonlik ma‘murlarning yulg‘ichligi to‘g‘risida. Lekin, matnni diqqat bilan o‘qisangiz...

Smartfon hikoyaning davomini o‘qing.

***

11:33 - Oxirgi chegara (qozoqlarniki) tinkamizni quritdi. Pul so‘rab. Odamlarning aksariyatida pul qolmagan. Pograndosmotrlar odamlarning sumkalarini titib, cho‘ntaklarini kavlab, pul chiqmaganlarning narsalarini obqo‘yishdi.

Bitta yoshi elliklardan oshgan farg‘onalik amakining sumkasida eski drel borakan. “Buning cheki qani”, deb uniyam olib qo‘ydi. “Hoy bola, o‘g‘lim tengi ekansan. Bu mening asbobim. Ustaman, shu bilan pul topaman”, desayam quloq solmadi.

11:34 - Odamga alam qiladi. O‘zbegim ishdan qaytayotgan bo‘lsayam mayliydi, bir-ikki ming rubl ortiqcha solvoladi cho‘ntagiga. Ko‘pchilik bilan gaplashdim, deyarli hammasining uyida sharoiti og‘ir, molini sotib, hatto qarz olib yulkira kilib ketishyapti. Bir-ikki marta borib kelganlari shu qozoq chegarachilari, bojxonachilariga deb, ozgina zahirasi bilan chiqadi. Birinchi marta ketayotganlari yo‘lda yeb-ichib ketaman, degan pullarini oldirib bo‘ldi. Hatto shisha bankadagi qovurdog‘iniyam obqo‘yishdi.

11:43 - O‘zbekiston kuzatishi mumkinmi bu yozishmalarni? Baribir odam cho‘chiydi sal. Texnika taraqqiy etdi. Har-har xakerlar bor davlatning ishida shu taraqqiyotga yarasha. Lekin siyosatga qarshi hech narsa yomadimu...

11:44 – Agar, shu ish bilan astoydil shug‘ullanamiz, desanglar, menda Qozog‘istonning xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari ishonch telefoniyam bor, yozvoraman.

11:47 - Yozganlarim hammasimas, yana Ukrainaning chegarasiyam bor. Ukraina chegarachiyu bojxonachilari bilan bir gaplashgan odam qozoq chegarachilarini quchoqlab, peshonasidan o‘pib qo‘ygisi keladi. Jiddiy aytyapman.

11:58 - Shu ko‘rib turganingiz o‘n sakkizga to‘lmagan bola. Nima ish qilasan, desam, “Nima ish bo‘lsayam qilaveraman”, deydi. Hunaring bormi qo‘lingda, desam, “G‘isht urish, beton quyish qo‘ldan keladi”, deydi. O‘zim shu yoshda dada velik obering, magnitofon obering, deb yurganimni esladim.


12:06 - Yana bir yo‘lovchi -oltmishga kirgan. U nima ish qiladi, kim ish beradi - Xudo biladi. Lekin ishga ketayotganligi aniq. Kurortga ketayotgan odam Rolton yeb, maxorka chekmaydi.

​14:04 - O‘zbek har qanaqa qiyinchilikka chidaydi. Dunyo xalqlari orasida o‘zbek xalqidaqa har qanday sharoitga moslashadigan xalq bo‘lmasa kerak. O‘zbeklarni bir qanchasi manzillarda tushishdi. O‘rnilariga bir qancha ruslar chiqdi. Biznikilar o‘zi bilan o‘zi ovora: kim uxlayapti, kim ovqatlanyapti, kimlar kechagi holatlarni eslab kulishyapti, kim poyezddan tushib uyog‘iga kanday yetvolar ekanman, bor pulimni oldirib qo‘ydimu, deb o‘ylanib o‘tiribdi. Hech kim qiynalgani yo‘q. Faqat yangi chiqqan yo‘lovchi ruslarning ba‘zilari achinib, ba‘zilari esa, yomon ko‘z bilan bizga qarab-qarab qo‘yayotganini ko‘rib, men qiynalib ketyapman. Bizzi o‘zbekka esa po... Ular ko‘nikib ketgan bunaqa nigoxlariga, kesatiq gaplariga ruslarning.

14:18 - Bir tomon - Qozog‘istonning, yana bir tomon - Ukrainaning chegarachisiyu melisalari bo‘lsa, bu o‘zbek deganlari faqaat ikki o‘rtada - Rossiyadagina sal erkin nafas olarkan-da, degan xulosa bo‘lsa, noto‘g‘ri o‘ylapsiz. Sizga haliroq yana bir voqea aytaman.

14:20 - Hozir telefonimni zaryadi o‘tirib koldi. Vagon-restoranga o‘tib zaryadkaga qo‘yib kelaman.

15:46 - Yana men.

16:10 - Xullas, 2012 yil oktyabr oyida Vatanga qaytayotuvdik. Poyezdda odam ko‘p. Hamma uyiga ketayotgan payt. Rossiyadan chiqish chegarasiga uch soatcha qolganda bir stantsiyadan beshta rus melisa poyezdga chiqdi. Ichida bittasi ayol kishi. “Migratsionnaya politsiya”, deb hammaning hujjatini tekshirib ketdi. Ba‘zilarning pasportini olib, cho‘ntagiga solib qo‘yishadi. Bilsak, registratsiyasi muddati o‘tgan, migratsion kartasida xatosi bor o‘zbeklarning pasportini yig‘ishtirishayapti. Keyin bitta-bitta tamburga chaqirishib, bir yarim ming, ikki mingdan (rubl) pulini olib, qo‘yvorayapti. Biznikilardan biri - yigirma uch-yigirma to‘rt yashar yigit ular bilan tortishib qoldi. Patent, registratsiyasining srogi o‘tmagan, davlatga to‘lagan nalogining kvitantsiyalariyam - hammasi bor ekan. Aybi migratsion kartada "tselь vizita" degan grafasi bor. Shuning "rabota" degani tagiga chizmagan ekan. Printsip qilib uning pasportini berishmadi. Keyin yana bir qizning pasportini berishmadi. U qizning registratsiyasi muddati o‘tib ketgan ekan.

16:10 - Xullas, chegaraga keldik. Bizning vagondan haligi yigit bilan qiz, yana qolgan vagonlardan ham bitta, ikkita qilib o‘ntacha odamni poyezddan obtushib yetaklab ketishdi. Qayoqqa, deb so‘rasak, “bankka borib shtraf to‘lab kelishadi”, dedi kapitan-melisa. Men bu ayolning puli yo‘q-ku, qanday to‘laydi, puli bo‘lganda o‘sha paytda o‘zingga berib obqolardi pasportini, desam, “Hechqisi yo‘q, biletini topshirsa - pul bo‘ladi, shtrafgayam, taksigayam yetadi”, deb obketdi.

16:18 - Biz haligi chegarada ikki soat turdik. Keyin ozgina yurib, Qozog‘iston chegarasiga keldik. U yerdayam ikki soat turib, keyin ketdik. Tushganlar qaytishga ulgurmadi. Bir soatdan oshiqroq yurib, Qozog‘istonning bir kattaroq shahriga to‘xtadik. Poyezddan tushsak, haligi Rossiyani chegarasida qolgan odamlar turishibdi. Haligi tortishgan yigit vagonga chiqib sheriklaridan o‘n ming rubl olib, qozoq taksistga beruvdi, qozoq ikkita pasportni cho‘ntagidan chiqarib berdi. Bittasi haligi juvonniki. U qiz birinchi poyezdga chiqqanda...

16:46 - Poyezdga chiqqanda kiyinishi, gap-so‘zi, o‘zini tutishi umuman yoqmaganidi. Yengiltakligi, Rossiyada nima ish bilan shug‘ullangani aniq bilinib turuvdi. Qizni melisalar obtushganda puli yo‘q edi. Ko‘pchilik oz-ozdan yig‘ib jarimasini to‘lashibdi.

17:16 - Keyin o‘sha yerdagi qozoq taksistlar bilan gaplashib, uchta mashinaga chiqishgan. Tushib qolganlar kim biletini...

17:24 - Kim biletini topshirgan, kim oxirgi pulini bergan, xullas, hech kimda pul yo‘q, nasiyaga taksi gaplashib chiqishgan. Yo‘lda kelishayotganda bir joyda to‘xtashib, bitta uyga haligi qizni obkirib, to‘rtta qozoq navbat bilan zo‘rlashibdi. Qolgan o‘zbeklar nima gapligiga sal-pal bo‘lsayam fahmi yetib tursayam, mashinadan tusholmay o‘tiraverishgan. Shuning uchun chegaraga ulgurib kelisholmagan. Keyingi katta stantsiyaga yetkazib oborish uchun kelishilgan. Yulkira narxi yana oshgan. Nihoyat yetib kelib, hammasi poyezdda odamlarga yig‘lab yalinib, pul so‘rab yurishdi. O‘nta odamdan ikkitasi qolib ketdi o‘sha joyda taksistga pul topolmay. Haligi farg‘onalik qiz bo‘lsa hech narsani tushunmayapti, karaxt bo‘pqolgan. Yomg‘irda ivib ketgan, tomog‘ining taglari tishlanib ko‘karib ketgan. Bir-ikki kishi ko‘targudek qilib vagonga obkirdik. Suv ichib, o‘ziga kelib, bo‘lgan ishlarni bitta menga aytib berdi. Boshida yomon ko‘rganim o‘sha suyuqoyoq o‘zbek qiziga rahmim keldi. Yig‘lagim keldi. Vagonning tualetiga kirib rosa yig‘ladim. O‘zbekni nima sababdan buncha xor bo‘lganiga tushunolmay yig‘ladim. Nima, balki, kim sabab?!

17:24 - Erkak kishi bo‘lsam ham yaqindan beri shunaqa yig‘loqi bo‘pqoldim. Millatning xorligini ko‘rib, qo‘limdan hech narsa kelmayotganidan yig‘lavoraman. Alamdan yig‘lavoraman.

17:26 - Bunaqa kechinmalarim ko‘p. Ozginasini yozdim. Balki sizga uncha qiziqmas tuyulishi mumkin. Lekin umuman yolg‘oni yo‘q. Hammasi rost, bo‘lgan, bo‘layotgan ishlar. Axir kimdir kimgadir kachondir yorilishi kerak-ku! Xohlang, tahrirlab bosib chiqaring, xohlang chiqarmang, lekin siz ham xabardor bo‘ling millatimning bugunidan qayerda joylashgan bo‘lsangiz ham.

17:28 - Qozog‘iston nomeridan yozib, Rossiya nomeridan yozib ham baribir hadik bilan turibman, O‘zbekistonda turib kuzatayotgan bo‘lishsachi, deb.

17:32 - Qani butun boshli millat?! Davlatni so‘ramayman. Mamlakatni so‘ramayman. Millat qani, millat?!

17:39 - Biron fikr yoki savol bo‘lsa ikki soatlar chamasi ichida yozing. Chunki keyin Ukrainaga kirib ketamiz, bu nomer o‘chadi.

O‘zbek Turist

Ozodlikdan: Tinglovchimiz O‘zbek Turistning smartfondagi Whats App dasturi orqali yozib-jo‘natgan hikoyasining ikkinchi qismi shu o‘rinda yakuniga yetdi. Muallif hozircha aloqaga chiqqani yo‘q. Lekin biz uning aloqaga chiqishiga, yo‘l taassurotlarini yozishni davom ettirishiga umid qilamiz.

Ozodlikning WhatsAppi:
(WhatsApp +420 724 971 539
)


Siz ham biz bilan aloqaga chiqing!
XS
SM
MD
LG