Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:49

Telia Sonera Gulnora Karimovaning Fond Forumiga pul berganini tan oldi


Telia Sonera shirkatining muvaqqat bosh ijroiya direktori Per-Arne Blomquist.
Telia Sonera shirkatining muvaqqat bosh ijroiya direktori Per-Arne Blomquist.
Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi muxbirlari asosiy aktsiyalari shved va fin hukumatlariga qarashli Telia Sonera shirkatining O‘zbekistondagi maxfiy kelishuvlarini fosh qilishda davom etmoqdalar. Mazkur surishtiruv davomida Telia Sonera rahbari O‘zbekistondagi UCell sho‘ba tarmog‘i orqali Gulnora Karimovaning Fond Forumi o‘tkazgan tadbirlarga pul berganini tan olishga majbur qoldi.

- Hurmatli qatnashchilar! Bir masalada juda aniq bo‘lishim kerak. Bizni tanqid qilishdi va biz aybimizni tan olamiz. Biz O‘zbekistondagi biznesimizni boshqacha boshlashimiz kerak edi.

Bu - Telia Sonera shirkatining muvaqqat bosh ijroiya direktori Per-Arne Blomquistning “Telia Sonera: O‘zbek ishi” hujjatli filmidan so‘ng o‘tkazilgan bahorgi matbuot anjumanida qilgan bayonoti.

Ko‘rinib turganidek¸ Shvetsiyaning dunyo mobil aloqa bozoridagi yirik o‘yinchisi bo‘lmish Telia Sonera “o‘zbek ishi”ni tezroq bosdi-bosdi qilib¸ o‘tmishda qoldirish istagida.

Ammo shved jurnalistlari birinchi hujjatli filmdan so‘ng boshlangan tergov jarayonida iste‘foga ketishga majbur bo‘lgan Lars Nyuberg o‘rniga kelgan yangi ijroiya direktorning bu istagini puchga chiqardilar.


“Qing‘ir ishning qiyrig‘i 40 yilda ham chiqadi”


Shved jurnalistlari 22 may kuni jamoatchilikka taqdim qiladigan hujjatli film Gulnora Karimova o‘z qo‘li bilan izohlar yozgani taxmin etilayotgan hujjatga tayanadi. Shved va va Ozodlik jurnalistlari qo‘lida mavjud mazkur hujjat esa¸ 2012 yilda Telia Sonera shirkatining Gulnora Karimovaga u o‘tkazadigan turli madaniy tadbirlarga “homiylik” qilish vositasida pul to‘lash haqida muzokara olib borganini ko‘rsatadi.

Ushbu hujjatda¸ “Style.uz”¸ “Kelajak ovozi” va “Asrlar sadosi” kabi Gulnora Karimova muntazam o‘tkazadigan tadbirlar qayd etiladi.

Shved jurnalistlari bilan ushbu hujjat yuzasidan o‘tkazilgan suhbatda Telia Sonera muvaqqat bosh ijroiya direktori Per-Arne Blomquist bunday kelishuvlar amalda bo‘lganini rad eta olmadi:

- Men Style.uz. ga pul o‘tkazganimizni bilmayman. Lekin turli madaniy tadbirlar o‘tkazadigan Fond Forum bilan hamkorlik qilganimizni bilaman. Bunday qarorlarning mahalliy boshqaruvchilar tomonidan mahalliy darajada qabul qilinishini eslatib qo‘ymoqchiman. Biz minglab bunaqa kelishuvga egamiz. Ammo shulardan biriga aralashganimizni yaxshi bilaman.

- Siz Fond Forumning orqasida kim turishini bilasizmi?

- Bilishimcha¸ bu jamg‘arma raisi Gulnora Karimova. Menda har qalay shunaqa tasavvur bor.

- Demak siz orqasida Gulnora turgan tashkilot tadbirlariga homiylik qilgansiz?

- Biz xayriya tadbiriga homiylik qilganmiz. O‘zbekiston kabi davlatlarda esa¸ bu kabi tashkilotlar ko‘pincha mamlakatdagi yetakchi shaxslarga borib taqaladi. Savolingizga kelsak¸ ha¸ biz mutlaqo Fond Forumga homiylik qilganmiz¸ dedi O‘zbekistondagi Ucell egasi Teli Sonera shirkatining muvaqqat prezidenti shved jurnalistlari 22 may kuni jamoatchilikka taqdim etadigan yangi hujjatli film nihoyasida.


Shvetsiyaning mashhur prokurori bu bayonotni “inobatga oladi”


Shved jurnalistlarining 22 may kuni jamoatchilikka ham televideniye¸ ham Internet orqali taqdim qiladigan “Moskvadan kelgan chopar” hujjatli filmini yaqindan kuzatib¸ tahlil qiladiganlar orasida Shvetsiya Bosh prokuraturasining Korruptsiyaga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Gunnar Stetler ham bor.

Shvetsiyadagi eng shov-shuvli jinoyatlarni shaxsan o‘zi taftish qiluvchi bu mashhur prokuror o‘tgan yildan beri Telia Sonera shirkatining O‘zbekiston bozoriga kirish uchun Gulnora Karimovaga millionlab dollar pora berganiga oid ayblovlarni tergov qilmoqda.

“Men bugungi hujjatli filmda keltiriladigan biror hujjat¸ biror bayonotni e‘tiborsiz qoldirmayman”¸ deydi janob Stetler Ozodlik bilan suhbatda.

- Men hujjatli filmni yaxshilab ko‘rib chiqaman¸ undagi ma‘lumotlarni sinchkovlik bilan o‘rganaman¸ hujjatlarni taftish qilaman. Filmdagi har bir ma‘lumotni men o‘ta jiddiy e‘tiborga olaman. Ammo hozircha bu haqda aniq izoh bera olmayman¸ dedi 22 may kuni Ozodlik bog‘langan shved prokurori.
XS
SM
MD
LG