Линклар

logo-print
Toshkentda AI 80 rusumdagi benzin AI 91 narxida aholiga ikki hafta mobaynida sotilgani haydovchilar tashvishiga sabab bo‘ldi.

Toshkentning Qoratosh va Baynalminal mavzelaridagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida AI 80 rusumdagi benzin AI 91 benzini narxida aholiga ikki hafta mobaynida sotilgan. Narh tafovutidan tushgan pul kassaga kirim qilinmasdan Uzgazoil rahbariyati tarafdan o‘zlashtirilgani iddao qilinyapti.

Bu holat tafsilotlarini Uzgazoil boshqaruviga yaqin shaxs Ozodlik radiosi bilan suhbatda aytib berdi.

Ammo Uzgazoil shirkati rasmiylari bu iddaolarni inkor qilmoqda.

Uzgazoi ichidagi vaziyatni yaxshi bilgan suhbatdosh ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikka bergan intervьyusida aholiga neft masulotlari sotish sohasida yuz berayotgan tovlamachilik borasida ma‘lumot berdi.


Bir AYoQShdan olti million “cherniy nal”


Bundan ikki hafta oldin Buhoro neftni qayta ishlash korxonasi AI 91 rusumli benzin chiqarishni vaqtincha to‘xtatdi. Uzgazoil rahbariyati esa bu vaziyatda AI 80 rusumdagi benzinni AI 91 narxida sotishga qaror qildi.

Ozodlik tasarrufida Toshkentdagi kamida ikki AYoQShda AI 80 benzini AI 90 benzini deya qimmat sotilganini tasdiqlovchi ma‘lumot bor.

Bu Toshkent markazidagi eng gavjum va benzin eng ko‘p sotiladigan ikki AYoQShdir.

Toshkent markazida kirakashlik qiladigan Bobomurod ismli taksichining Ozodlikka aytishicha¸ shahardagi aksar AYoQShlarda AI 91 rusumli benzin deya sotilayotgan yoqilg‘i sifati juda past.

Ozodlik muxbiri Toshkentning Bodomzor mavzesidagi Uzgazoilga oid zapravkaga telefon qilib¸ haydovchilarnining benzin sifatidan shikoyat qilayotganini aytdi.

O‘zini AYoQSh bosh operatori deb tanishtirgan yigit sotilayotgan benzinning davlat standartlariga mos tarzda va davlat narxida sotilayotganligini ta‘kidladi.

Uzgazoil boshqaruviga yaqin shaxs Ozodlik radiosi bilan suhbatda, haqiqatda ham, keyingi bir hafta ichida AYoQShlarga sifatli benzin berilayotganini tasdiqlab¸ bu holatning vaqtincha ekanligini ta‘kidladi.

- Bir haftachayam bo‘lmadi¸ shu besh kuncha bo‘lib qoldi toza 91 berilvotti haqiqatdan. Lekin undan oldin 91 hech qatta yo‘q edi. 80 benzin ikkita zapravkada qimmatiga sotildi bo‘tta. Kuniga bir moshina ya‘ni 18 ming litr ketadigan zapravkalarda 80lik benzin 91 narhida sotildi. 1645 so‘mlik benzinni 1805 so‘mdan sotildi. Har litrida 160 so‘mdan foyda qovotti. Bu kuniga 6 million o‘rtacha 7 million "cherniy nal" (rasmiylashtirilmaydigan naqd pul-tahr.) degani¸- deydi suhbatdosh.

Uzgazoil boshqaruviga yaqin shaxs mablag‘ni o‘zlashtirish mexanizmini ham tushuntirdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ yoqilg‘i quyish quvurlariga o‘rnatilgan hisoblagichlar orqaga burab qo‘yiladi:

- Chek urilmaydi. Savdo so‘ngida cheklar to‘g‘irlab qo‘yiladi. 1805 so‘mdan sotilgan benzinni 1645 so‘mga to‘g‘irlab qo‘yishadi. Sistema oson¸- deydi Uzgazoil boshqaruviga yaqin manba Ozodlik bilan suhbatda.
XS
SM
MD
LG