Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:59

Dovudxon: Ayblanganlarga qarshi yangi hujjatlar bor


Dovudxon kasalzonada otasi Obidxon qori Nazarov oldida.
Dovudxon kasalzonada otasi Obidxon qori Nazarov oldida.
Dovudxon Obidxon o‘g‘li otasiga qarshi suidqasdda ayblangan, keyinchalik oqlangan ikki o‘zbekistonlik ustidan bo‘ladigan 3 iyun kungi mahkamada ayblov tomoni yangi dallilarni taqdim etishini kutmoqda. U hozircha bu dalillar mazmunidan bexabarligini aytmoqda.

Shvetsiyaning Sudsvall shahrida 3-4-5-13-14 iyun kunlariga belgilangan mahkamada Obid qori Nazarovga nisbatan uyushtirilgan suiqasdga aloqadorlikda gumon qilinganlarga nisbatan yangi dalillar ilgari surilishi mumkin.

Obid qori Nazarovga nisbatan 2012 yilning 22 fevralida Shvetsiyada uyushtirilgan suiqasdga aloqadorlikda gumon qilingan ikki o‘zbek — Bahodir Po‘latov va Nodira Aminovalar o‘tgan yili 26 aprel kungi mahkama qarori bilan oqlangan edi.

Ushbu qaror ustidan kiritilgan shikoyat arizasiga binoan o‘tadigan navbatdagi mahkamada ishtirok etishini aytgan Dovudxon Obidxon o‘g‘li jinoyatga sheriklikda gumon qilingan o‘zbeklarni ozod qilish haqidagi qarorni noto‘g‘ri, deb hisoblashini aytadi.

- Ikkinchi bosqich mahkamada avvalgi bosqichdagi xatoliklar aniqlanadi. Prokuratura tomonidan ham yangi hujjatlar to‘planganligi haqida ma‘lumotlar bor. Shu hujjatlarning qo‘shimcha kuch sifatida, qo‘shimcha dalil sifatida taqdim qilinishini biz ham kutyapmiz, dedi Dovudxon.

Hozircha, bu hujjatlar mazmuniga oid Ozodlikda biror ma‘lumot yo‘q.

O‘tgan yili Shvetsiyaning Stromsund shaharchasidagi o‘z uyi yo‘lagida noma‘lum qurolli shaxs tomonidan otib ketilgan 54 yashar Obid qori Nazarovning safdoshlari ham navbatdagi mahkamaga hozirlik ko‘rayotganini aytmoqdalar.

Jumladan, Obid qorining yaqin safdoshi bo‘lgan Ahmadjon Valiyev ushbu mahkama ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish uchun maxsus bayonot tarqatishga hozirlik borayotganini aytdi.

Ayni paytda Obid qori Nazarov Shvetsiyadagi shifoxonada qolmoqda.

Uning bugungi ahvoli haqida bergan Ozodlik savoliga javoban Dovudxon otasining sog‘ligi favqulodda yaxshilanayotgani haqida so‘zladi.

- Aytganimizday, umumiy olganda dadamlar, alhamdulillah, asta-sekin harakatga kelib, oyoqqa turishga harakat qilayaptilar.

Ozodlik: Oyoqqa turishga harakat qilayapti, deysizmi?

- Ha, inshoolloh, kelajakda sekin-sekin shunday holatlarga o‘tishlik ham kuzatilayapti.

Ozodlik: Dovudjon, siz jiddiy narsani aytayapsiz. Ya‘ni, qisqa qilib aytganda, otangizning umumiy holatlarini qanday qilib tasvirlagan bo‘lardingiz? Misol uchun, gapirayaptilarmi, ovqatni o‘zlari yeyaptilarmi?

- Endi aytganimizday, bu jihatlar haqidagi savollarning biriga javob berilsa, savollar ikkinchisiga ham o‘z-o‘zidan ulanib ketishi jihati borligi uchun ham biz umumiy ma‘noda "harakatlari normal holatga qaytishga boshlayapti", degan gapimiz bilan cheklansak.

Ozodlik: Gapirayaptilarmi-yo‘qmi?

- Yo‘q, bu savolga javob berishligim tergov ishlariga bog‘liq bo‘lgani uchun javob bermaslikka harakat qilaman, dedi umumiy qilib Dovudxon.

Shved prokuror Krister Petersson appelyatsiya tartibida kiritgan da‘vo arizasiga binoan boshlanajak 3 iyun kungi mahkama shved jurnalistlarining ham diqqat markazida qolmoqda.

Jumladan, jurnalist Ula Vesterberg ayblov tomoni mahkamaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rganini aytmoqda.

Bu mahkama xususida hozircha prokuror Krister Peterssonning o‘zidan ma‘lumot olishning imkoni bo‘lmadi.


Po‘latov va Aminovalarning qayerda ekani noma‘lum qolmoqda


Nodira Aminovani tanigan va u bilan muloqotda bo‘lganlar yarim yilcha muqaddam u bilan aloqalari uzilib qolganini aytmoqdalar.

O‘tgan yilning kuzida Ozodlikka intervyu bergan Nodira Aminova Yuriy Jukovskiyni tanishi, unga ko‘mak berganini tan olgan, ammo uning asl niyatini bilmaganini aytgan edi.

- Juda soddadil inson bo‘lib ko‘rindi u bizga. Jinoyatchiga sira o‘xshamaydi. Akamning o‘rtog‘i sifatida uyimizda mehmon qildik. Lekin, nima qilayotgani haqida bizga hech narsa gapirmasdi. Bir necha kundan keyin shu xabarni Internetda o‘qiganimizdan so‘ng shok bo‘lib qoldik. Chunki biz unga yordam berganmiz, niyatini bilmaganmiz¸ degan edi Nodira Aminova.

Shuningdek, Nodira Aminova o‘zbek tilidagi qator axborot vositalari, jumladan Ozodlik radiosidan ham uni aybdorga chiqargan va qoralagan mushtariy hamda tinglovchilar mulohazalari uchun norozi ekanini aytgan edi.

Shundan so‘ng Ozodlikning ham u bilan aloqalari uzilib qoldi.

Bu ayol bilan suhbatlashgan, maktub yozishgan Shvetsiyadagi boshqa jurnalistlar ham Aminova bilan aloqa uzilgani, uni topish imkonsiz qolayotganini aytmoqda.

O‘z vaqtida shved prokurori Krister Petersson ikkovlonning vizasi tugashi va ularning mamlakatni tark etishi mumkinligidan ogohlantirgan hamda ularni O‘zbekistonga deportatsiya qilishni so‘ragan edi.

Mahkama bu boradagi so‘rovlarni ham qondirmagan.


Yuriy Jukovsiyning qayerda ekani ham noma‘lum


Shved prokurori ilgari surgan ayblovga ko‘ra, Obidxon qoriga o‘q uzganlikda gumon qilingan O‘zbekiston fuqarosi, 1978 yil tug‘ilgan Yuriy Jukovskiyning qayerda ekani ham hozircha keng jamoatchilikka noma‘lum qolmoqda.

O‘tgan yili 12 oktyabr kuni uning Rossiyada qo‘lga olingani haqida norasmiy xabar paydo bo‘lgan va prokuror Petersson bu ma‘lumotlarni sharhlamagan holda qat‘iy xulosani tilga olgan edi.

- Men aynan jinoyatni sodir etgan shaxs qo‘lga olinganmi yoki yo‘qmi - bu haqdagi xabarni sharhlamayman. Chunki, matbuot orqali manfaatdor shaxslarga ma‘lumot berishni istamayman. Lekin ochiq aytishim kerakki, suiqasdni sodir etishda gumonlangan shaxsni qo‘lga olishga order berganmiz va bu shaxs, oxir-oqibat, Shvetsiyaga keltiriladi, degan edi prokuror Petersson.

Rossiya Federal Xavfsizlik xizmati bu xabarni tasdiqlamagan, ammo, inkor ham qilmagan edi.

Hozircha har ikki davlatning mutasaddi idoralaridan bu borada biror aniq ma‘lumot olish imkonsiz qolmoqda.

Shved prokurori taniqli o‘zbek imomi Obid qoriga nisbatan suiqasdni uning siyosiy va diniy faoliyati bilan bog‘liq, deb hisoblashini aytgan.

Biroq, Obid qoriga uyushtirilgan suiqasd ortida O‘zbekiston hukumati va uning maxsus xizmati turibdi¸ degan iddaoni aniq tasdiqlaydigan dalil yo‘qligini ham ta‘kidlagan.

54 yashar Obid qori Nazarov 2012 yilning 22 fevralida Shvetsiyaning Stromsund shaharchasidagi o‘z uyi yo‘lagida noma‘lum qurolli shaxs tomonidan otib ketilgan edi.
XS
SM
MD
LG