Линклар

Gulnora Karimova Ozodlik e‘lon qilgan TeliaSonera shirkatiga ko‘p million dollarlik haq evaziga O‘zbekiston davlat idoralaridan “himoya qilishni” taklif qilganiga ishora qiluvchi hujjatlar borasidagi maqolaga Twitter sahifasi orqali munosabat bildirib, bu materiallar ortida “O‘zdunrobita” shirkatining hozirda qidiruvda bo‘lgan sobiq bosh direktori Behzod Ahmedov turganini iddao qildi.

“Ozodlik yolg‘on gapirayapti”


22 may kuni tushdan keyin Twitter tarmog‘ida @GulnoraKarimova va uning folloverlari Ozodlik saytida e‘lon qilingan “TeliaSonera Gulnora Karimovaga "himoya" uchun millionlab dollar to‘lagan bo‘lishi mumkin” maqolasini muhokama qilish bilan mashg‘ul bo‘ldi.

@GulnoraKarimovaning 31 mingdan ziyod folloveri bo‘lib, muhokamada qatnashgan folleverlarning barchasi ushbu maqolani o‘qiganini yozib, maqoladagi ma‘lumotlarni yolg‘on va uydirma deya baholashdi.

Dastlab Karimovaning Twitterdagi tarafdorlari Ozodlik radiosining “go‘riga g‘isht qalashdi”. @GulnoraKarimova Ozodlik haqida ayni mazmundagi tvitlarni birma-bir qayta e‘lon (retvit) qilib bordi.

“@meclarck: @holbek1Озодлик не проверяет факты, никогда не фильтрует информацию, все материалы подряд кидают, короче фруктовый салат.”хуже💩

@meclarckning “Ozodlik faktlarni tekshirmaydi, hech qachon axborotni filtrdan o‘tkazmaydi, barcha ma‘lumotlarni ketma-ket tashlaydi, qisqasi, mevali salat” degan fikrlarini @GulnoraKarimova qo‘llab, “bundan ham battar” deya yozdi.

Karimova tarafdorlarining barchasi Ozodlik maqolasidagi faktlarni bo‘hton deya baholashini yozdi. Jumladan, ‏@Khushnudbek Karimova xonimning xorijiy kompaniyalardan pul talab qilishi haqidagi iddaolarni “Ozodlik nomiga nomunosib o‘zbekcha fisqu fasodlik” deya atadi.

Lekin ayni paytda Karimova o‘z tvitlari orqali Ozodlik qo‘lga kiritgan hujjatlardagi faktlarni butunlay inkor qilgani kuzatilmadi.

"Bir paytning o‘zida ular soxta hujjat "topishgan", ular o‘zlari aytayotganiday "bu hujjatlar qalbaki bo‘lishi mumkin" deb yozdi @GulnaraKarimova.



GK: Ahmedov menga choh qaziyapti!


@GulnoraKarimova Ozodlik jurnalistlari qo‘lga kiritgan hujjat ortida “O‘zdunrobita” sobiq bosh direktori Behzod Ahmedov turganini iddao qildi.

Karimovaning bu fikrini qo‘llagan uning tarafdorlari Ahmedov haqidagi “bor haqiqat”ni Twitter sahifalari orqali yoyinlashdi.

‏@Idrisov_Sei "Behzod Ahmedov va uning ortida turgan odamlar Gulnora Karimovani shantaj qilgani”ni ta‘kidladi, @GulnoraKarimova buni tasdiqladi.

“Ahmedovning homiylari Karimovani obro‘sizlantirish uchun uning sha‘niga bo‘hton ag‘darayotgani” haqida @GulnoraKarimovaning deyarli har bir folloveri tvit qildi.

@UlushMirab “MTS O‘zbekistonda millionlarni ishlab topdi, endi esa hammaga loy chaplayapti” deb yozsa, ‏@meclarck “Ahmedov o‘zini siyosiy qurbon sifatida ko‘rsatib, qo‘llovga erishmoqchi” dedi.

@GulnoraKarimova esa dangaliga ko‘chdi: “U va uning guruhi begonalarning elektron pochtalarini ochadi, qog‘ozlarni qalbakilashtiradi”, “Qalbakilashtirish bo‘yicha u mohir usta”, "U hali ham yalab to‘ymayapti", deya tvitladi.

Ayrimlar "TeliaSonera Gulnora Karimovaga "himoya" uchun millionlab dollar to‘lagan bo‘lishi mumkin" nomli maqola va "Moskvadan kelgan chopar" filmini “saylov yaqinlashayotgani uchun Gulnora Islomovnaga nisbatan kompramat” deya baholadi.

Ozodlik va Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi jurnalistlari birgalikda o‘tkazgan surishtiruv natijalariga asoslangan maqola va hujjatli filmda Gulnora Karimova Shvetsiyaning TeliaSonera telekom shirkatidan davlat nazorat idoralaridan himoya qilish uchun millionlab AQSh dollari miqdorida haq talab qilgani haqida gap boradi.

Ayni paytda, katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga qarashli TeliaSonera muvaqqat prezidenti Per-Arne Blumkvist shirkat O‘zbekistonda Gulnora Karimova yetakchiligidagi Fond Forum tashkilotiga pul berganini tasdiqladi.

Gulnora Karimova va uning sobiq hamkori Behzod Ahmedov

Behzod Ahmedov- MTS O‘zbekiston shirkatining sobiq bosh direktori¸ Gulnora Karimovaning yaqin o‘tmishdagi biznes hamkori bo‘lgan.

Karimova o‘zining eng ishonchli odamlaridan biri bo‘lgan Behzod Ahmedovni 23 may kuni Twitter orqali "uchiga chiqqan aroqxo‘r, narkoman va pedofil" deb atadi.


O‘tgan yilning iyun oyida O‘zbekistonni tark etganidan beri MTS himoyasi ostida ekani aytiladigan Behzod Ahmedov va uning ortida turgan guruhlar Gulnora Karimovaga bir necha oy davomida kompramat e‘lon qilish bilan tahdid qilib kelgani haqida Karimova xonim avval ham bir necha bor iddao qilgan.

Xususan, Financial Times gazetasida e‘lon qilingan “O‘zbekiston: Yakkayu yagona rahnamo xonim” nomli maqola ham, Karimova xonim iddaosicha, Behzod Ahmedov bir yil davomida o‘ylab topgan uydirmalardan iborat.
XS
SM
MD
LG