Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:04

Bitiruvchi-2013: 15 yoshida ota bo‘layotganlar bor


Toshkentda 22 maydan boshlab, ko‘ngil ochar bog‘larga tushdan keyin maktab o‘quvchilarining kirishi cheklandi. Ma‘lumotlarga ko‘ra, 25 may oqshomida kechi soat 18 dan aksar parklardagi attraktsionlarning ishi ham to‘xtatilib, yoshlar uylariga qaytarilgan, "Bitiruv kechalari" esa taqiqlangan.


Cheklovlar 22 maydan boshlangan


25 may kuni Toshkentdagi ko‘ngil ochar bog‘lar va markaziy maydonlarda maktab o‘quvchilarining harakatlari cheklanishi — "Bitiruv kechalari"da kuzatiladigan noxush hodisalar va pul yig‘ishlarning oldini olish bilan bog‘liqligi aytilmoqda.

Ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka so‘zlagan toshkentlik o‘qituvchilardan biriga ko‘ra, cheklovchi chora-tadbirlar 22 may kunidan ko‘rila boshlagan.

- Bu narsa 22 dan (22 may - Tahr.) boshlangan. Shu o‘quvchilarni nazoratga olish uchun shunaqa bo‘ldi. O‘qituvchilar soat 6 dan keyin shunaqa joylar yopilsin, degan iltimos bilan chiqishgan, menimcha. Maktablarda ham bitiruv tadbirlariga faqat kunduzlari ruxsat berildi. 2-3 soat, unda ham o‘qituvchisi, agar kelsa, ota-onasining nazoratida. Oqshomlarga hech qanaqa kecha-pecha o‘tkazish yo‘q, dedi toshkentlik o‘qituvchi.


Vazirlik tavsiyasi: Katta mablag‘ ... man etiladi


Xalq ta‘limi vazirligining "Bitiruv kechalari"ni cheklashga oid tavsiyasi.
Xalq ta‘limi vazirligining "Bitiruv kechalari"ni cheklashga oid tavsiyasi.
Toshkentlik o‘qituvchi chora-tadbirlar O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligining "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirini o‘tkazish bo‘yicha bergan maxsus tavsiyasiga binoan ko‘rilayotganini qo‘shimcha qildi.

O‘zbekistondagi umumiy-o‘rta ta‘lim muassasalariga 2013 yilning 18 mayida yo‘llangan bu tavsiyanomada, jumladan, shunday deyilgan:

"Ta‘kidlash joizki, ta‘lim muassasalarida ushbu marosimlar uchun bitiruvchilardan ma‘lum miqdorda mablag‘ yig‘ish, maktab rahbarlari va o‘qituvchilarni turli qimmatbaho sovg‘alar bilan siylash hamda tantanalarni o‘quvchi yoki o‘qituvchilarning xonadonlarida, restoran yoki qahvaxonalarda katta mablag‘ talab etadigan tarzda o‘tkazish qat‘iyan man etiladi".

Vazirlik tavsiyanomasida asosiy e‘tibor "Bitiruv kechalari" uchun yig‘iladigan mablag‘ning katta bo‘lib ketishi oldini olishga qaratilgan.


Gap mablag‘da emas, 15 yoshida ota bo‘layotganlarda


Ammo, toshkentlik o‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, asosiy muammo keyingi yillarda 15-16 yoshli maktab bitiruvchilarning oqshomga belgilangan va odatan, ota-ona hamda o‘qituvchilar nazoratidan chetda o‘tadigan tadbirlarida noxush voqealarning ko‘p ro‘y berayotganidir.

- 15-16 yosh bo‘ladida bitiruvchilar. Yosh bola hammasi. Hozir texnika rivojlangan... 15 yoshda ota bo‘lib qolayotganlari bor. 15 yoshida ona bo‘lib qolayotganlari bor. Ichib-chekib, yo‘ldan chiqib ketayotganlari bor. O‘zicha katta bo‘ldim, deb o‘ylaydida, dedi toshkentlik o‘qituvchi.

U o‘z rahbarligidagi sinfda 30 ga yaqin o‘quvchi borligi, ularning har biri uchun javobgarligi, hatto, kichik muammo yuzaga chiqqudek bo‘lsa ham ishdan ketishidan xavotir qilishini aytadi.

Xalq ta‘limi vazirligining "Bitiruv kechalari"ni cheklashga oid tavsiyasi.
Xalq ta‘limi vazirligining "Bitiruv kechalari"ni cheklashga oid tavsiyasi.
​Zero, vazirlik tavsiyasida jazo chorasiga ham aniq ishorat berilgan:

"Tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha barcha xavfsizlik choralarini ko‘rish ta‘lim muassasalari rahbarlari zimmasiga yuklanadi."

- Shuning uchun maktab direktorilari kechalarni taqiqlash bilan muammodan qutulmoqchida. O‘ziyam tinch, o‘qituvchisiniyam ishdan haydab, hammaga yomon ko‘rinmaydi. Bolasiyam tinch bo‘ladi, deydi toshkentlik o‘qituvchi.


"Bitiruv kechalari"ni taqiqlash osonmas


Toshkentda istiqomat qiluvchi Dilorom Ishoqova ham vaziyatdan xabardorligini aytar ekan, bitiruvchilarning uylarida tadbirlar bo‘layotganini tilga oldi.

- Oqshom soat 6 dan keyin parklardagi hamma kacheliyalarni to‘xtatib tashlashganini eshitdim men ham. Lekin, odamlarning uylarida bo‘layatibdi. Ota-onalardan vakillar va sinf rahbari qatnashsagina ruxsat ekan, deydi suhbatdosh.

Toshkentlik o‘qituvchi ham maktab rahbariyati va ota-onalar nazorati sust bo‘lgan hollarda bitiruvchilarning restoranlarda, uylarida tadbirlarni o‘tkazishi hollari mavjudligini aytadi.

- Endi bolada. Qayerda maktab rahbari, o‘qituvchilarning so‘zi o‘tmasa yoki parvoyi falak bo‘lsa, kechalaram bo‘layapti, mushtlashuvlaram bo‘layapti. Ertasiga melisama-melisa qatnashlaram bo‘layapti. Bechora o‘qituvchilar ishidanam ketayapti. Endi hammasi nazoratga bog‘liq, deydi bu o‘qituvchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharning puldor qatlami yashaydigan hududlardagi maktablarda o‘qituvchilar jamoasining o‘quvchilarni nazorat qilishi juda qiyin.


"Bitiruv kechalari"ni taqiqlashsa, men rozi!


Dilorom Ishoqova bu yil 8-sinfni tamomlayotgan farzandini o‘z sinfdoshlari bilan o‘tkazayotgan tadbirlariga yo‘llashdan qo‘rqishini aytadi.

- Yoshda, juda yosh. Yanagi yil bitirsa, men ham jo‘natmayman tadbirlariga. 10-sinfni tamomlasa ham boshqa gap edi. 17-18 yosh bo‘lardi. Bular esa 15-16 yosh, qo‘rqaman. Har xil voqealar bo‘layaptibdi. Bolam o‘g‘il bolsa bo‘lsa ham, qo‘rqaman, deydi Dilorom Ishoqova.


Bu yil 533 ming 685 o‘quvchi maktabni bitirdi


O‘zbekiston Xalq ta‘limi vazirligi e‘lon qilgan rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, bu yil mamlakatdagi jami 9 ming 800 maktabni 533 ming 685 o‘quvchi tamomlamoqda.

Vazirlik o‘quv yili yakuniga yaqin o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, bularning 482 ming 427 nafari kasb-hunar kollejlarida o‘qish niyatini bildirgan.

51 ming 231 nafari esa akademik litseylarda o‘qishni davom ettirish harakatida.

2011 yildan boshlab, bitiruvchilarning mutlaqo hammasini o‘rta-maxsus ta‘limga jalb qilish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori e‘lon qilingan edi.

Bundan tashqari, 2013 yilning yanvaridan boshlab, Respublika ichki ishlar vazirligi xodimlari ishtirokida kollej va litsey o‘quvchilarining darslarga qatnovi, o‘rta-maxsus ta‘lim muassasalarini bitirgan yoshlarning ish bilan ta‘minlanganini aniqlash, nazorat qilishga qaratilgan tadbirlar ham yo‘lga qo‘yilgan.
XS
SM
MD
LG