Линклар

logo-print

Rossiyadagi 200 million foydalanuvchiga ega bo‘lgan “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i bolalar pornografiyasini tarqatishda gumonlanib vaqtincha to‘sib qo‘yildi. Bundan avvalroq tarmoq asoschisi Pavel Durov xalqaro qidiruvga berilgan, ijtimoiy tarmoq esa Kreml bilan til biriktirgan holda muxolif siyosatchilar obro‘sini to‘kish bilan shug‘ullangani aytilgan.

Rossiyadagi mashhur “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i xatolik tufayli juma kuni taqiqlangan saytlar ro‘yxatiga kirib qolgan va buning uchun uzr so‘raymiz, deb bildirdi juma kuni Roskomnadzor vakili Vladimir Pikov.

Xatolik natijasida ijtimoiy tarmoq bir necha soat to‘sib qo‘yilgan, ammo xato to‘g‘rilangach, tarmoq yana ishlay boshlagan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, dastlab “VKontakte” bolalar pornografiyasini tarqatayotganlikda gumon qilinib yopib qo‘yilgan. Bunga tarmoqdagi bolalar modasiga oid sahifada dushda yuvinayotgan qizchaning surati ilingani sabab bo‘lgan. Keyinroq esa Roskomnadzor bu xato bo‘lganini aytib, saytdan to‘siqni olib tashlagan.

“VKontakte” Rossiya internet hududidagi eng yirik ijtimoiy tarmoq bo‘lib hisoblanadi. Tarmoqda ro‘yxatga olingan foydalanuvchilar soni 200 million kishini tashkil qiladi. Har kuni mazkur tarmoqqa 40-50 million atrofida foydalanuvchi kirishi aytiladi.

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoq bilan bog‘liq turli janjallar yuz bermoqda. Jumladan tarmoq asoschisi Pavel Durov federal qidiruvga berilgan. U joriy yilning 5 aprelida yo‘l harakati noziriga tahdid qilganlikda ayblanmoqda. Durov bir necha marta tergovga chaqirilgan, lekin kelmagan. U ayni paytda AQShga qochib ketgan, degan taxminlar ham mavjud.

O‘tgan yili Pavel Durov Peterburgdagi “Dvortsoviy” maydonida turli qiymatdagi qog‘oz pullardan qog‘oz samolyotchalar yasab uchirgani bilan matbuotning diqqat markaziga tushgan edi.

Joriy yilning aprel oyi boshlarida esa ijtimoiy tarmoqning matbuot kotibi Vladislav Tsipluxin tarmoq “o‘z ish beruvchisini ortiqcha g‘alvalardan saqlash maqsadida Kreml bilan hamkorlik” qilganini tan olgan.

Bu mavzuda “Novaya gazeta”da chop etilgan maqolada aytilishcha, “VKontakte” o‘z foydalanuvchilari haqidagi ma‘lumotlarni Federal tergov byurosi, Ichki ishlar vazirligi va prezident ma‘muriyatiga yetkazib turgan. Isbot tariqasida “Novaya gazeta” maqolaga Tsipluxinning 2011 yil iyulidan dekabrigacha prezident ma‘muriyatiga jo‘natgan maktublari skrinshotlarini ilova qilgan.

Mazkur xatlardan ma‘lum bo‘lishicha, “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i Kreml topshirig‘i va moliyaviy qo‘llovi ostida Rossiya rahbariyati nomaqbul deb hisoblovchi siyosatchilarning obro‘sini to‘kish va siyosiy diskreditatsiya bilan shug‘ullangan. Ma‘lumotlarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq tomonidan diskreditatsiya qilinishi kerak bo‘lgan siyosatchilar ro‘yxatida Rossiya sobiq moliya vaziri Aleksey Kudrin va biznemen Mixail Proxorov ham bo‘lgan.
XS
SM
MD
LG