Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:04

Ashxobod yana Ginnes kitobiga kirdi


Ashxoboddagi masjidlardan birining oq marmar bilan qoplangan minorasi.
Ashxoboddagi masjidlardan birining oq marmar bilan qoplangan minorasi.
Turkmaniston beshinchi marta Ginnesning rekordlar kitobida tilga olinmoqda.

Bu safar poytaxt Ashxoboddagi oq marmarli binolar Ginnes kitobi mualliflarini o‘ziga jalb etdi.

Kitobning bosh muharriri Kreyg Glendeyl juma kuni Turkmaniston rahbariyatiga Ashxobod dunyodagi oq marmar bilan qoplangan binolar eng ko‘p bo‘lgan shahar, deya e‘tirof etilgan maxsus sertifikatni topshirdi.

Ginnesning rekordlar kitobida keltirilishicha, Ashxobodda so‘nggi yillarda 543ta oq marmarli bino qurib bitkazilgan.

Oq marmar bilan qoplangan bino devorlarining umumiy kengligi 4.5 million kvadrat metrni tashkil etadi.

- Hozirgi vaqtda dunyoning hech bir shahrida bunaqa hajmda oq marmarli binolar qurilmagan, - dedi Glendeyl.

Turkmaniston poytaxti bundan avval ham bir necha marta Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan.

2011 yilda Ashxoboddagi teleminoraning quyosh energiyasi ta‘sirida kechayu-kundiz yonib turadigan ulkan sakkiz qirrali yulduzi inson qo‘li bilan yasalgan dunyodagi eng katta yulduz, deb tan olindi.

Balandligi 211 metr bo‘lgan minora mamlakat mustaqilligining 20 yilligi arafasida dengiz sathidan ming metr balanddagi Kopetdog‘ cho‘qqisida qad ko‘tardi.

2009 yilda esa Turkmaniston o‘zining eng katta gilami bilan Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan edi.

Gilamning kattaligi 301 kvadrat metr, og‘irligi 1200 kilogramm bo‘lgan.

Shuningdek, Ashxoboddagi fontan kompleksi dunyodagi eng katta favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan.

Uzoq yillardan buyon avtokratik boshqaruv ostida bo‘lib kelayotgan Turkmaniston dunyodagi eng korruptsiyalashgan mamlakatlardan biridir.

Neft va gazga boy mamlakatda prezident tabiiy boyliklar sotilishidan ko‘riladigan daromad haqida xalqiga hisob bermaydi.
XS
SM
MD
LG