Линклар

logo-print

Blog: Endi biz televizorda futbol ko‘ra olmaymizmi?


Sport TV Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Chempionlar ligasi o‘yinini Al-Jazira telekanalidan yozib olib ko‘rsatdi. (Surat Sanjar Rizayevning Twitter sahifasidan olindi)

Sport TV Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Chempionlar ligasi o‘yinini Al-Jazira telekanalidan yozib olib ko‘rsatdi. (Surat Sanjar Rizayevning Twitter sahifasidan olindi)

O‘zbekistondagi "Sport" telekanali futbol bo‘yicha Ispaniya kubogi finali va Angliya chempionatining so‘nggi tur o‘yinlarini namoyish qilmaganidan keyin futbol ishqibozlari buning sabablari bilan qiziqa boshladi. Stadion.uz muxbiri Cardor Yusupov ayni mavzuni “Endi biz televizorda futbol ko‘ra olmaymizmi?” maqolasida ko‘tardi. Muallif va sayt tahririyati ruxsati bilan ushbu maqolani Ozodlik mushtariylariga ham ilindik.

(Maqola tahrirsiz e‘lon qilinayapti)

Yaqinda futbol muxlislari orasida “Sport” telekanali bundan buyon xorijiy chempionat o‘yinlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etmas ekan” degan sovuq xabar tarqaldi. Hech kim rasmiy ravishda buni e‘lon qilmagan bo‘lsa-da, so‘nggi kunlarda bu telekanal orqali xorij chempionatlarining bir qancha muhim o‘yinlarini ko‘rsatilmay qolishi, bu mish-mishlarni haqiqatga yaqin ekanini bildirib qo‘ydi.

“Sport” telekanali tashkil qilingan kundan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi hududida mamlakatimiz va dunyo sportiga oid musobaqalarni translyatsiya qiladigan yagona telekanalga aylandi. Bu telekanal orqali futbol bo‘yicha jahon, Yevropa va Osiyo chempionatlari, yevrokuboklar, Osiyo chempionlar ligasi, OFK kubogi, Olimpiada, Osiyo o‘yinlari kabi ko‘plab musobaqalarning translyatsiyasini jonli efirda tomosha qildik. Yillar davomida biz ko‘plab sport musobaqalarini “Sport” telekanali orqali ko‘rar ekanmiz, buning evaziga bir tiyin ham to‘lamadik. “Televizorda futbol ko‘rish uchun pul to‘lash kerak ekan” degan fikr hatto hayolimizga ham kelmadi. Vaholanki, yirik sport musobaqalari allaqachon tijorat ob‘ektiga aylangan va ularni translyatsiya qilish, efirga uzatish uchun katta miqdorda pul to‘lanishi hech kimga sir emasdi.

Umuman olganda, har qanday sport musobaqasining translyatsiya huquqi musobaqa tashkilotchilariga yoki ularni manfaatlarini ko‘zlab harakat qiladigan maxsus kompaniyalarga tegishli bo‘ladi. Misol uchun, Yevropa chempionlar ligasini translyatsiya huquqi UYEFAga, jahon chempionatlariniki FIFAga tegishli. Aynan mana shu tashkilotlar translyatsiya huquqini boshqa kompaniyalarga tender asosida sotishadi.

Masalan, Rossiya futbol premьer-ligasi o‘yinlarini translyatsiya qilish huquqi to‘laligicha NTV-Plyus kompaniyasiga tegishli. Undan boshqa biror telekompaniyaga RFPL o‘yinlarini to‘liq ko‘rsatishi, hatto o‘yinlardan qisqa lavhalar olib berishi ta‘qiqlanadi. NTV-Plyus Rossiya futbol ittifoqiga 81,5 mln. yevro to‘lab, 4 yil muddatga bu huquqni sotib olgan. Agar O‘zbekistonning “Sport” telekanali RFPL o‘yinlarini efirga uzatishni istasa, NTV-Plyus bilan shartnoma qilishi va translyatsiya pulini to‘lashi shart. Aks holda NTV-Plyus kompaniyasining mualliflik huquqi buzilgan hisoblanadi va bu huquq qonun bilan himoyalanganligi sababli, “Sport” telekanali javobgarlikka tortiladi.

Aytish joizki, eng tomoshabop va qiziqarli bo‘lgan musobaqalarning translyatsiya huquqi narxlari ham qimmat bo‘ladi. Sababi, ular teleekran oldiga juda ko‘p tomoshabinlarni to‘play oladi. Telekompaniyalar bunday translyatsiyalar orqali reklama beruvchilarni jalb qilib, daromad topadilar, chunki ular asosan, reklama va homiylardan tushadigan pul evaziga kun ko‘radilar. Reklama beruvchilar esa teleekran oldida eng ko‘p tomoshabin to‘planadigan ko‘rsatuvlarga reklama berishga intilishadi va bu orqali o‘z mahsulotlari va xizmatlari haqidagi ma‘lumotlarni iloji boricha ko‘proq auditoriyaga yetkazishga harakat qilishadi.

Misol uchun, AQShda “amerikancha futbol” o‘yini juda ommabop bo‘lib, Milliy futbol ligasi chempionini aniqlab beradigan “Superboul” – Superkubok o‘yini har yili teletomoshabinlar soni bo‘yicha rekord o‘rnatadi. MFLning 2013 yilgi final o‘yinini translyatsiyasi 109 mln. tomoshabin yig‘a olgan va bu translyatsiya paytidagi 30 soniyalik reklama narxi 4 mln. dollarga ko‘tarilgan.

O‘zimizga tanish bo‘lgan futbolga qaytadigan bo‘lsak, Yevropa chempionlar ligasi, Yevropa ligasi, shuningdek “Qo‘hna qit‘a”ning kuchli beshta chempionati nafaqat dunyo futbol muxlislarida, balki bizda ham katta qiziqish bilan tomosha qilinadi. Xo‘sh, ushbu chempionat o‘yinlarini translyatsiya qilish narxlari qanday, ularni kimdan sotib olish mumkin?

Eng qiziqarli va ommabop bo‘lgan Angliya premьer ligasinining 2013-2016 yillardagi translyatsiya huquqi “Sky” va “British Telecom” kompaniyalariga tegishli. Bu kompaniyalar Angliya Futbol Assotsiatsiyasiga yiliga 2 mlrd. 167 mln.evro to‘lab, bu huquqni qo‘lga kiritishgan.

Germaniya bundesligasining 2013-2017 yillardagi translyatsiya huquqi “Sky Deutschland” kompaniyasiga tegishli bo‘lib, uning yillik narxi 628 mln.evro.

Ispaniya primerosi o‘yinlarini translyatsiya huquqi “Sogecable” va “Mediapro” kompaniyalariga tegishli bo‘lib, yillik narxi 655 mln.evro.

Frantsiya 1 ligasining o‘yinlari translyatsiya huquqi Al-Jazeera kompaniyasiga tegishli bo‘lib, yillik narxi 606 mln.evro.

Italiya “A” seriyasi o‘yinlari translyatsiya huquqi “Sky Italia” va “RTI” kompaniyalariga tegishli, yillik narxi 820 mln.evro.

Demak, ushbu chempionat o‘yinlarini translyatsiya qilish uchun aynan mana shu kompaniyalar bilan shartnoma tuzilishi shart. Misol uchun, agar “Sport” telekanalimiz “Manchester Yunayted” va “Arsenal” klublari o‘rtasidagi APL o‘yinini efirga uzatishni istasa, u holda “Sky” yoki “British Telecom” kompaniyasi bilan shartnoma tuzib, translyatsiya pulini to‘lashi shart. Shundan keyingina bu o‘yinni O‘zbekiston hududida namoyish etilishi qonuniy bo‘ladi.

Endi yana bir yirik musobaqa – futbol bo‘yicha jahon chempionatiga to‘xtalamiz. Yaqinda FIFA 2015-2022 yillarda bo‘lib o‘tadigan musobaqalar (ayollar o‘rtasidagi jahon kubogi - Kanada-2015 va 2019, shuningdek Rossiya-2018 va Qatar-2022)ni translyatsiya huquqini 1,85 mlrd. dollar evaziga bir qancha kompaniyalarga sotdi. Endilikda ushbu chempionat o‘yinlarini translyatsiya qilish huquqi “Fox”, “Telemundo”, “Futbol de Primera Radio”, “SBS”, “Bell Media”, “IMC” va “Infront Sports & Media” kompaniyalariga tegishli. Shulardan Shveytsariyaning “Infront Sports & Media” kompaniyasi jahon chempionati o‘yinlarini Osiyo mamlakatlariga translyatsiya qilish huquqini qo‘lga kiritdi. Endilikda, jahon chempionati o‘yinlarini O‘zbekiston hududida translyatsiya qilishni istagan telekompaniyalar faqat “Infront Sports & Media” orqali ish ko‘rishlari talab qilinadi.

Narxlardan ko‘rinib turibdiki, futbol o‘yinlarining translyatsiya huquqi kompaniyalar uchun juda katta xarajatlarni talab qiladi. O‘z navbatida bu telekompaniyalar pullik telekanallar orqali bu translyatsiyalarni o‘z mijozlariga yetkazib, ushbu xarajatlarni qoplab, daromad ko‘rishga intiladilar.

Pullik kanallarni tomosha qilish uchun esa mijozlar maxsus resiver (tyuner)lar, telekarta modullari va smart kartalarni sotib olishlari lozim. Ularning narxi 1000 yevrogacha boradi. Bundan tashqari, ushbu kanallarga a‘zo bo‘lish uchun yillik, oylik obuna to‘lovi ham joriy qilinadi. Ma‘lumot tariqasida ba‘zi kanallarning narxlarini ko‘rsatsak: NTV+Supersport oyiga 8$, Al-Jazira Sport – 15$, Setanta sports 22 yevro, Skay Sports – 50 yevro va h.k.

Endi o‘zimizning “Sport” telekanaliga qaytsak.. Ushbu telekanal ma‘muriyati yillar davomida aksariyat translyatsiyalarni sun‘iy yo‘ldosh orqali uzatiladigan telekanallardan ko‘chirib olgan holda namoyish etishi hech kimga sir emasdi. Buni teleekranning burchagida joylashgan xorij kanalining logotipini bo‘yab, yashirib ko‘rsatilishidan, shuningdek translyatsiya davomida eshitilib turadigan xorijlik telesharhlovchilarning ovozidan bilib olish qiyin emasdi. (Qonuniy sotib olingan translyatsiyalarda boshqa telekompaniyaning logotipi va sharhlovchilarning ovozi bo‘lmaydi). Albatta, xorijlik kompaniyalar bunga jimgina qarab turmasdan, turli tashkilotlar, xalqaro sudlar bilan tahdid solib, O‘zbekistonga bosim o‘tkazib turishdi. Chunki ular mana shu o‘yinlarni efirga uzatish huquqi uchun katta pul sarflashgan edi. Lekin “Sport” telekanali bunga pinagini ham buzmasdan, har turli kanallardan ko‘chirgan holda translyatsiyalarni davom ettiraverdi. Ammo ish uzoqqa bormasligi ayon edi...

Avvalo, davlatimiz mustaqillik yillarida, mualliflik huquqini himoya qilish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Mualliflik huquqi va uni himoya qilinishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksiga kiritildi. 2006 yilda esa "Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Shuningdek mualliflik huquqlari muammolari bilan shug‘ullanuvchi “Mualliflik huquqi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi agentligi” tashkil qilindi. Bundan tashqari O‘zbekiston mualliflik huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ko‘pgina xalqaro bitimlarga imzo chekdi, ma‘lum bir majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi. Endilikda xorij kompaniyalarning mualliflik huquqlari O‘zbekistonda ham himoya qilina boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1070-moddasida “mualliflik huquqini buzgan tomon keltirilgan zararni, shu jumladan olinmay qolingan foydani qoplab berishi shart” deyilganini hisobga oladigan bo‘lsak, “Sport” telekanalining “ko‘chirmachilik” faoliyati, oxir-oqibat bu kanalni bankrotlikka uchratuvchi katta miqdordagi jarimalarga olib kelishi ayon edi.

Shu o‘rinda, mamlakatimizda xorij sport musobaqalarini qonuniy ko‘rishning iloji bormi degan haqqoniy savol tug‘iladi. Shu maqsadda tashkil qilingan “Uzdigital TV” kompaniyasi faoliyati - bu yo‘lda tashlangan dastlabki qadamdek ko‘rinadi.

2009 yildan boshlab mamlakatimizda DVB-T standartli raqamli televideniye xizmatlari yo‘lga qo‘yilib, “Uzdigital TV” kompaniyasiga asos solindi. Hozirgi kunda bu kompaniya yurtimizning deyarli barcha viloyatlarida 12 kanaldan iborat bepul paket, shuningdek Toshkent shahri va viloyatida 25 va 36 kanaldan iborat pullik paketlarni taqdim qilmoqda.

Ushbu kompaniya kanallarini tomosha qilish uchun mijozlar DVB-T signallarini qabul qila oluvchi resiver (tyuner)ga yo bo‘lmasa shunaqa resiveri mavjud bo‘lgan televizorga ega bo‘lishlari shart. Pullik paket kanallarini tomosha qilish uchun esa qo‘shimcha ravishda TeleKARD moduli va smart-karta sotib olishlari talab qilinadi. 25 kanalli paketning obuna narxi oyiga 10000 so‘m, 36 kanalli paketning obuna narxi 15000 so‘m qilib belgilangan.

Hozirgi kunda kompaniya Toshkent shahrida yashovchi mijozlarga, sportga oid – “NTV+Futbol”, “Evrosport” va “Sport 1” kanallarini, Toshkent viloyatidagi mijozlarga esa “Rossiya 2” kanalini taqdim qilyapti (barcha kanallar pullik paketga kiradi).

Xo‘sh, “Uzdigital TV” kompaniyasi xorij telekanallarini efirga uzatishda amaldagi qonunchilikka rioya qilyaptimi?

Bunga aniqlik kiritish maqsadida “Uzdigital TV” kompaniyasining pullik paketiga kiruvchi “NTV+Futbol” kanali to‘g‘risida NTV-Plyus kompaniyasiga murojaat qildim. Mazkur kanal Rossiyaning NTV-Plyus kompaniyasiga tegishli bo‘lib, unda Yevropa chempionlar ligasi, Yevropa ligasi, Ispaniya, Italiya, Frantsiya va Germaniya chempionati o‘yinlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib ko‘rsatiladi. NTV-Plyus kompaniyasi ushbu o‘yinlarni faqat Rossiya Federatsiyasi hududida translyatsiya qilish huquqini sotib olgan. Ya‘ni bu kanalni Rossiya Federatsiyasi hududidan boshqa joylarda, xususan O‘zbekistonda ham translyatsiya qilish ta‘qiqlanadi. Bundan tashqari NTV-Plyus kompaniyasi O‘zbekistondagi birorta kompaniya bilan hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolamagan.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkin: afsuski, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi hududida eng ommabop sport musobaqalarini qonuniy ko‘rishning iloji yo‘q.

Endilikda, qonun doirasida harakat qilib, xorijiy kompaniyalarning mualliflik huquqlarini hurmat qilgan holda, translyatsiya shartnomalarini imzolab, musobaqalarni efirga uzatish - yuzaga kelgan vaziyatdan chiqib ketishning yagona yo‘lidir. Hozirgi kun talabi shuni taqozo etadi. Bu maqsadga qanday yo‘llar bilan erishish, baquvvat homiylarni topish, kerak bo‘lsa, mijozlarga pullik xizmatlar orqali bo‘lsa-da bu translyatsiyalarni yetkazish “Sport” telekanali va “Uzdigital TV” kompaniyalarining vazifasidir.

Manba: Stadion.uz
XS
SM
MD
LG