Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:07

O‘zbekiston MDH Erkin savdo hududiga qo‘shilishga rozilik berdi


O‘zbekistonning MDH Erkin savdo hududiga qo‘shilishi¸ mutaxassislar fikricha¸ tovarlarning O‘zbekiston chegarasidan kirib-chiqishini osonlashtirishga xizmat qilmaydi.
O‘zbekistonning MDH Erkin savdo hududiga qo‘shilishi¸ mutaxassislar fikricha¸ tovarlarning O‘zbekiston chegarasidan kirib-chiqishini osonlashtirishga xizmat qilmaydi.
MDH Ijroiya qo‘mitasi rahbari Sergey Lebedev hamdo‘stlik hukumat rahbarlarining 31 may kunga belgilangan navbatdagi uchrashuvida O‘zbekistonning Erkin savdo hududiga qo‘shilishi kutilayotgani haqida bayon qildi. Mutaxassislar fikricha¸ O‘zbekistonning Moskva yetovidagi bu kelishuvga qo‘shilishi mamlakatdagi savdo-sotiqning liberallashuvini anglatmaydi.

Belarus poytaxtida qilgan bayonotida Sergey Lebedev “O‘zbekistonning MDH Erkin savdo hududiga qo‘shilishi muhim masala ekani”ni ta‘kidlab¸ juma kuni Toshkentning bu kelishuvga qo‘shilgan 9-davlat bo‘lishiga umid bildirdi.

MDH Ijroiya qo‘mitasi kotibiyatining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi Ozodlik muxbiriga O‘zbekistonni a‘zolikka qo‘shish uchun lozim barcha hujjatlarning hozirligi¸ gap faqat Toshkent vakilining mazkur kelishuvga qo‘l qo‘yishida qolganini bildirdi.

MDH doirasidagi Erkin savdo hududiga doir kelishuvga 2011 yilning 18 oktyabrida Rossiya¸ Armaniston¸ Belarus¸ Qozog‘iston¸ Qirg‘iziston¸ Moldova¸ Tojikiston va Ukraina qo‘l qo‘ygan.

Ozarbayjon¸ O‘zbekiston va Turkmaniston kelishuvga o‘z shartlari asosida qo‘shilishlari mumkinligini bildirgan edi.

MDH Ijroiya qo‘mitasi rasmiysining Ozodlikka bildirishicha¸ uzoq davom etgan muzokaralar natijasida O‘zbekiston o‘z shartlari asosida kelishuvga qo‘shilishga rozilik bergan:

- O‘zbekiston bu kelishuvga o‘z qonunchilik normalariga tayangan holda qo‘shiladi. Bu kelishuvning ayrim jihatlari O‘zbekiston qonunchiligiga moslansa¸ ayni paytda¸ O‘zbekiston ham ayrim o‘z normalarini kelishuv¸ aniqrog‘i Jahon Savdo tashkiloti ko‘zda tutuvchi xalqaro normalarga moslashi kerak bo‘ladi. Bu moslashishlar tomonlar uchun bir xil manfaatlidir¸ deydi MDH Ijroiya qo‘mitasi rasmiysi.


Kelishuvga qo‘shilish nimani anglatadi?


Bu savolga javob bergan o‘zbekistonlik iqtisodchi Feruz Ilhomovga ko‘ra¸ Erkin savdo hududiga qo‘shilish¸ O‘zbekiston istagan taqdirda¸ qolgan a‘zolar bilan savdo jarayonidagi qog‘ozbozlikni kamaytirishga xizmat qilishi mumkin:

- O‘zaro import-eksport jarayonida ro‘yxati uzun qator hujjatlarni taqdim etish so‘raladi. Kelishuvga qo‘shilgach¸ O‘zbekiston ana shu ro‘yxatdagi ayrim hujjatlarni olib tashlashi va import-eksport jarayonidagi ma‘muriy to‘siqlarni qisqartirishi mumkin. Ammo istamasa¸ bu jarayon ham o‘zgarishsiz qolishi mumkin¸ deydi mutaxassis.


Erkin savdo hududiga qo‘shilish savdo erkinlashuvini anglatmaydi


O‘zbekiston-Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarining real vaziyatidan xabardor mutaxassislarga ko‘ra¸ Toshkentning MDH Erkin savdo hududiga qo‘shilishi¸ bu kelishuvga a‘zo qolgan sakkiz davlat bilan amaldagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni o‘zgartirmaydi.

Feruz Ilhomov¸ Toshkent hukumatining importni cheklashga oid 1 apreldan kuchga kirgan qarori¸ O‘zbekiston rahbariyatining savdoni liberallashtirish emas¸ aksincha¸ uni yanada iskanjaga olish siyosatining dalili ekanini aytadi:

- Amalda bu o‘zbek tadbirkori va savdogari¸ ya‘ni o‘rta biznesga hech narsa bermaydi. Vazirlar Mahkamasining import chekloviga oid so‘nggi qaroriga bir qarang. Qonunchilikka kiritilgan bu o‘zgartish¸ mamlakatdagi savdo-iqtisodiy iqlimi ustidan nazorat va bosimning yanada kuchayganini anglatadi. O‘zbekiston hukumati o‘z hududida o‘z fuqarolariga erkin savdo bilan shug‘ullanishga umuman yo‘l bermayotgan bir paytda¸ Erkin savdo hududiga oid kelishuvga qo‘shilishning nima keragi bor¸ degan savol tug‘iladi. Taxminimcha¸ O‘zbekistondagi import va eksport jarayonini o‘z monopoliyasiga aylantirgan tor guruhning bu kelishuvga qo‘shilishdan qandaydir aniq rejalari bor. Ular bu kelishuv asosida qandaydir oldi-sotdini manfaatli shartlar bilan amalga oshirgach¸ Toshkent bu kelishuvga qanday kirgan bo‘lsa¸shunday chiqishini chamalash qiyin emas¸ deydi o‘zbekistonlik iqtisodchi-tadbirkor.


O‘zbekiston Erkin savdo hududiga qo‘shilishga tayyor emas


O‘zbekistonlik mustaqil iqtisodchi Mirkomil Toshkandiy fikricha¸ bunday kelishuvga qo‘shilib¸ MDH a‘zolari bilan savdo munosabatlarini liberallashtirish uchun Toshkent hukumati jiddiy islohotlarni amalga oshirishi lozim:

- Erkin savdo hududiga kirish uchun O‘zbekiston oldin o‘z eksport potentsialini ko‘paytirishi kerak. Ikkinchi masala¸ O‘zbekistonda importyorlar monopoliyasi mavjud. Import monopoliyadan chiqishi kerak. O‘shanda O‘zbekiston Erkin savdo zonasiga kirsa¸ bir narsa o‘zgarishi mumkin. Hozirgi vaziyatda bu kelishuvga kirsa¸ hech narsa o‘zgarmaydigina emas¸ O‘zbekiston tovar ishlab chiqaruvchilari qiynalib qoladi. Chunki O‘zbekistonga kiradigan arzon va sifatsiz tovarlar oqimi ko‘payib ketishi mumkin¸ deydi Toshkandiy.


Dehqon va fermer ham bu "erkinlik"dan ro‘shno topmaydi


Ozodlik suhbatlashgan mutaxassislar ta‘kidicha¸ MDH Erkin savdo hududiga oid kelishuvda¸ bu kelishuv normalarining qishloq xo‘jalik mahsulotlari import-eksportiga tatbiq qilinmasligi alohida belgilab qo‘yilgan.

Bu esa¸ Toshkentning mazkur kelishuvga qo‘shilishi O‘zbekistondan Rossiya va boshqa postsovet hududlariga poliz va sabzavot mahsulotlari eksport qilishga urinayotgan o‘zbek fermerlari faoliyatidagi ulkan to‘siqlar kamayishiga mutlaq aloqasiz ekanini anglatadi¸ degan fikrda iqtisodchilar.
XS
SM
MD
LG