Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:24

O‘zbek mashinalari so‘mga sotila boshlagani sarosimaga sabab bo‘ldi


Toshkentdagi avtosalonlarda O‘zbekistoda ishlab chiqarilgan avtomobillarning so‘mga sotilish haqidagi habar ortidan salonlar olidida uzunquyruq navbatlar paydo bo‘ldi va bu holat dollar kursining pasayishiga olib kelgani aytilmoqda. O‘zbek mashinalarining so‘mga sotila boshlagani bu sohadagi poraxo‘rlikni yanada kuchaytirgani kuzatilmoqda.

O‘zini Baxtiyor deb tanishtirgan toshkentlik 31 yashar yigit so‘mga sotilayotgan mashinaga xaridor bo‘lib, poytaxtning Sirg‘ali tumanidagi avtosalonga borganida ko‘rgan kechirganlarini Ozodlikka gapirib berdi:

- “Damas” va “Matiz” kabi avtomobillarni xarid qilish uchun Sergelidagi avtosalon oldida navbat va to‘polonni ko‘rdim. Odamlar bir kun oldin borib navbatga turishdi. Kechasi yotib qolishdi. Ertalab kimdir ichkaridan chiqib navbat tugadi, mashina yo‘q, dedi. Oxiri ur-to‘polon bo‘lib ketdi. Jahli chiqqan olomon avtosalon derazalarini sindirdi¸- deydi suhbatdosh.

Hafta boshida Toshkentdagi avtosalonlarda General Motors Uzbekistan qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan Chevrolet rusumidagi avtomobillarni milliy valyutada xarid qilish imkoniyati paydo bo‘lgani e‘lon qilindi.

Toshkentdagi “Uchtepa” avtosaloni mulozimi, Ozodlik bilan 29 may kungi suhbatda, so‘mga sotilayotgan mashinalar xaridorlari bilan shartnoma tuzish va ularni navbatga ro‘yxatga olish yana qayta yo‘lga qo‘yilganini bildirdi:

- So‘mga Captiva, Lacetti, Chevrolet Cobaltning uchinchisini so‘mga sotyapmiz. Davlat narxida. Masalan, Lacetti 50 million 624 ming so‘m. Navbat bor. Navbatga turish kerak. Bugun pulini hammasini to‘lab qo‘ysa, oktyabr-noyabr oylarida mashina kalitini oladi,- deydi avtosalon vakili.

Ozodlik muxbirining salonlar oldidagi ur-yiqit navbatlar va shartnoma sotilayotgani borasidagi savoliga avtosalon vakili “hech qanaqa muammo yo‘q”, deb javob berdi. Ayni paytda, suhbatdosh muammo mavjudligini ham qisman tan oldi:

- Oka bor mashinaga pul qabul qilinadi. Hozir muammo yo‘q. Lekin ertaga mashina tugasa, muammo bo‘lishi mumkin¸- deydi Toshkentdagi “Uchtepa” avtosaloni mulozimi Ozodlik bilan suhbatda.

Ayni paytda qaysi avtosalonda mashina borligi “davlat siri” bo‘lib qolmoqda deydi mashinasini yangilamoqchi bo‘lgan toshkentlik Fazliddin ismli yigit:

- Qaysi avtosalonda mashina borligini bilish uchun Nukus ko‘chasidagi General Motors Uzbekistan idorasiga borib ma‘lumot olyapmiz. Ular ma‘lumotni bekitishadi. Bir-ikki so‘m bersangiz sekin aytishyapti¸ falon avtosalonga mashina tushdi deb. Keyin o‘sha avtosalondan tanish topasiz¸- deydi suhbatdosh.

Ozodlik bilan suhbatlashgan avtohavaskorlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mashinalarni sotish sxemasi shunday qurilganki, istagan shaxs ko‘ngliga yoqqan mashinani avtosalonning o‘zidan sotib olib ketishi mumkin emas.

Avtosalondan xarid qilish uchun, avvalo salon bilan shartnoma tuzilishi, mashina narxining 85 foizi to‘lanishi, keyin bir yarim yil atrofida kutilishi zarur. Narxning 100 foizini to‘lasangiz, kutish muddati olti oyga qisqaradi, deydi suhbatdoshlarimiz.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, bir yarim yil ichida mashinaning narxi oshadi, mashina narxining asosiy qismini to‘lab qo‘ygan xaridorlar, yangi narxlardan kelib chiqib, avtosalonga qo‘shimcha haq to‘lashlari lozim.


Navbatni o‘lpon evaziga yaqinlashtirish mumkin


Ozodlik suhbatlashgan toshkentlik ikki avtohavaskor mashina olish uchun to‘lanadigan va xalq orasida “shapka” deb ataladigan pora preyskurantini yaxshi bilishadi.

- Navbatni yaqinlashtirish uchun salon xodimlariga avtomobil modelidan kelib chiqib 500 dollardan 3000 dollargacha pora berishadi¸- deydi Fazliddin.

Suhbatdoshga ko‘ra, “Damas” va “Matiz” avtomobillari xaridorgir bo‘lgani uchun ular ustiga kiygizilgan “shapka” ham qimmatroq bo‘ladi.

- Man tanish-bilish qilib “Matiz” ustiga bir yarim ming dollar pora berdim. Endi Xudo xohlasa, oktyabr oyida mashinani olaman¸- deydi Fazliddin.

Yana bir suhbatdosh Baxtiyorning iddaosiga ko‘ra, "Damas" uchun berilgan 3000 dollarlik "shapka" navbatdagilar ro‘yxatining yuqori pog‘onasiga chiqish va mashinani bir necha oyda olish imkonini beradi.

Ozodlik General Motors Uzbekistan shirkati realizatsiya bo‘limi bilan bog‘lanib¸ mashinalarning pora evaziga sotilishi va avtomobil defitsiti borasida izoh so‘radi.

O‘zini 6-operator, deb tanishtirgan ayol bu holatni telefon orqali izohlamasligini aytdi.


Mashina vasvasasi ijtimoiy tarmoqlar muhokamasida


Mashina navbatida qiynalganlar o‘z dardini Internetdagi forumlarda elga doston qilmoqda.

Ular Toshkent avtosalonlaridagi navbat va ur-yiqitlar aks etgan suratlarni ham yoyinlamoqda.

"Ro‘yhatga yozilish haqida xabar tarqalgandan boshlab, avtosalonlar oldida navbat, deya atash qiyin bo‘lgan katta olomon to‘planmoqda. To‘polonda bir ayolning qo‘lini sindirishdi, bittasini esa, o‘lasi qilib tepkilashdi"¸ deb yozadi Internet foydalanuvchilaridan biri.


Dollar tushdi


Avtosalonlarda so‘mga mashina sotila boshlanishi bilan AQSh dollarining "qora kurs"i pastga qarab keta boshladi, deydi Baxtiyor ismli xaridor.

Suhbatdoshga ko‘ra, mashina salonidagi navbatga parallel tarzda valyutachilarning oldida ham turnaqator navbat paydo bo‘lmoqda.

- So‘mga talab oshdi, valyutachilar so‘mni uni defitsit qilib turishibdi. Kecha bir dollar 2700 bo‘lsa bugun 2650 ka tushdi. Tushdan keyin esa valyutachilar dollarni 2650 so‘mdan kamiga ham berishyapti. Lekin bozorda so‘m ham yo‘q¸- deydi suhbatdosh.
XS
SM
MD
LG