Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:45

Salonlarda mashina sotish to‘xtadi, dollar yana ko‘tarildi


Toshkentning Farhod bozoridagi “qora bozor”da payshanba kuni AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbatan qiymati 2850 so‘mni tashkil etdi.

- Bugun dollar yana ko‘tarildi. Olish 2800, sotish 2850 so‘mdan, dedi ismi sir qolishini istagan Farhod bozoridagi sarrof.

Hafta boshida O‘zbekistondagi salonlar to‘satdan avtomobil xaridorlari bilan shartnomalarni so‘mda imzolay boshlashi ortidan salonlar oldida navbat ko‘payib, dollarning qora bozordagi qiymati 2700 so‘mga tushib ketgan edi.

Payshanba kuni avtosalonlarda xaridorlar bilan shartnoma imzolash to‘xtagani e‘lon qilinganidan keyin "qora bozor"da dollar yana ko‘tarilgani kuzatilayapti.

Mashina biznesi bilan shug‘ullanuvchi Tohir ismli toshkentlik tadbirkorning aytishicha, “qora bozor”da AQSh dollarining qiymati bir necha kun ichida tushib ko‘tarilgani aynan avtomobil bozoridagi ahvol bilan bog‘liq:

- O‘zbekistonda mashina olish uchun istagan payt salonga borib shartnomani imzolay olmaysiz. Salonlar shartnoma berishni boshlashi bilan dollar tushib ketadi. Chunki shartnoma imzolangandan keyin xaridorlar mashina narxini 80 foizini oldindan to‘lashi kerak bo‘ladi. Bunaqa holatda mashina oluvchilar yig‘ib qo‘ygan dollarlarini so‘mga almashtira boshlashadi. Bozorda so‘mga talab oshib, dollar tushib ketadi, deydi Tohir.

Avtoxaridorlar xalta-xalta so‘mni ko‘tarib, avtosalonlarga yopirilishi bilan bog‘liq sarosima uzoqqa cho‘zilmadi.

O‘zbekistondagi avtosalonlarda xaridorlar bilan shartnoma imzolash yana to‘xtadi:

- Hozir shartnoma to‘xtadi. “Malibu”ga bor faqat, boshqalariga yo‘q. Kutasiz. Telefon qilib turing, yana ochilsa aytamiz, dedi Toshkentdagi “UzDawooAuto”saloni xodimi.

Tashkentlik tadbirkor Tohirning aytishicha, avtosalonlarda bunaqa ahvol birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston g‘aznasiga naqd pul kerak bo‘lgan payt aholidan so‘mni yig‘ib olish maqsadida GM-Uzbekistan avtomobil ishlab chiqarish zavodining avtosalonlarini ishga solishadi:

- O‘zbekistonda o‘zi qonun bo‘yicha valyutaga mol sotish mumkin emas. Avtosalonlarda esa vaziyat boshqacha, avtomobillarni xorij valyutasida ham kerak bo‘lgan payt so‘mda ham sotishadi. Qachon hukumatga so‘m kerak bo‘lib qolsa, so‘mga o‘tishadi. Kerakli miqdordagi naqd pul jamlanganidan so‘ng, yana avvalgi holiga qatadi, deydi Tohir.

Kuzatuvchilar fikricha, O‘zbekistonda davlat g‘aznasi hozir bo‘shab qolgan. Davlat idoralari xodimlariga maosh, nafaqaxo‘rlarga pensiya to‘lash bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgan:

- Aholidan so‘mni yig‘ib olishning eng oson yo‘li bir necha million so‘m turadigan avtomobillarni sotishni e‘lon qilishdir, deydi Tohir.

O‘zbekistonlik nafaqaxo‘rlardan pensiyalari berilmayotgani haqida Ozodlik tahririyatiga tinimsiz shikoyatlar kelmoqda.

Ammo, O‘zbekiston Markaziy banki rasmiylari davlat xazinasida so‘m yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammo yo‘qligini aytishdi:

- Hech qanaqa muammo yo‘q. Pensiyalar hammasi vaqtida yopilgan, dedi Markaziy bank axborot xizmatining o‘z ismini aytmagan mas‘ullaridan biri.
XS
SM
MD
LG