Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:01

“Muhtasham yuz yil” Hurramsiz qoldi


Hurram Sulton va Sulton Sulaymon.
Hurram Sulton va Sulton Sulaymon.
Dunyoning oltmishdan ziyod mamlakatida efirga berilayotgan “Muhtasham yuz yil” turk serialida Hurram Sulton rolini ijro etib kelgan Maryam Uzerli va filmni suratga olayotgan TIMS Production studiyasi o‘rtasida yuzaga chiqqan kelishmovchilik oqibatida¸ Uzerli filmni tark etdi.

TİMS Production vakili Go‘zde Yilmaz Ozodlik bilan suhbatda filmni suratga olish Maryam Uzerlisiz davom etayotganini tasdiqladi:

– Ha to‘g‘ri, hozir Meryam Uzerli va studiyamiz o‘rtasida yo‘llar ayrildi. Lekin filmni suratga olishni davom ettirayapmiz, bu haqda boshqa gap ayta olmayman sizga, dedi Yilmaz xonim.

TİMS Production bayonotida aytilishicha, Maryam Uzerli shu oy o‘rtalarida Bodrumga uch kunlik ta‘tilga ketganicha studiyaga qaytmagan.

S‘emkaga bir kun qolganda Uzerli rejissyoriga Berlindan qo‘ng‘iroq qilgan, o‘zini yaxshi his etmayotgani, nemis tilida gaplashadigan doktorga ehtiyoji borligini ma‘lum qilgan.

Buning ortidan TİMS Production filmni suratga olishni vaqtincha to‘xtatib turishga qaror qilgan.

23 may kuni “Muhtasham yuz yil” filmining 100-seriyasi “bosh rol ijrochisining sog‘ligi bilan bog‘liq texnik sabablar”ga ko‘ra efirga berilmadi.

“Muhtasham yuz yil” filmi prodyuseri Temir Savji nomidan e‘lon qilingan bayonotda aytilishicha, TIMS Production Maryam Uzerlini qaytarish uchun qo‘lidan kelgan ishni qilgan:

"Unga Turkiyadan nemischa va inglizcha biladigan eng malakali hakimlarni topib berishimizni aytdik. Maxsus uchoq yuborishimizni ham bildirdik. Ammo Uzerli o‘rtaga akasini qo‘yib, bizga Germaniyada qolishni istayotgani va uni ortiq bezovta qilmasligimizni aytdi. Qo‘limizdan boshqa narsa kelmasligini tushunganimizdan so‘ng, olti kunlik tanaffus ortidan, ayrim o‘zgarishlar bilan yana filmni suratga olishga kirishdik", deyiladi TIMS Production bayonotida.

Turk matbuotiga ko‘ra, Germaniya fuqarosi bo‘lgan 30 yashar aktrisa Maryam Uzarli TIMS Production studiyasi bilan filmdagi rol uchun berilayotgan haq borasida kelisha olmagan.

“Bosh rol uchun haftasiga beriladigan 30 ming turk lirasi (15 ming AQSh dollari) lik haqdan rozi bo‘lmagan Uzerli, arazlab Germaniyaga ketib qoldi”, deb yozdi Turkiyada chiqadigan “Milliyet”gazetasi.

Hurram Sulton rolni endi kim o‘ynaydi, degan savolga TİMS Production vakillari hozircha aniq javob berishmayapti.

Turk matbuoti xabarlariga ko‘ra, hozir bir nechta aktrisa bu rolga da‘vogarlik qilmoqda.

Serial prodyuseri Temur Savji filmning uchinchi sezonida keksaygan Hurram Sulton roli ijrosi masalasida turkiyalik aktrissa Vahide Go‘rdum bilan so‘zlashuv olib borgan. Shuningdek, ko‘rib chiqilaëtgan nomzodlar orasida bir qancha chet ellik aktrisalarining ham borligi aytilmoqda.

“Muhtasham yuz yil” serialida Hurram Sulton obrazini yaratishda Maryam Uzarli o‘rnini bosadigan aktrisani topish oson bo‘lmasa kerak", deb yozdi “Milliyet”gazetasi.

“Muhtasham yuz yil” turk seriali bir vaqtning o‘zida dunyoning 60 davlatida efirga berib kelinadi. Serialni Rossiya telekanallari yoki Internet orqali tomosha qilib kelaëtgan o‘zbekistonliklar orasida ham Hurram Sulton mashhur obrazga aylangan.

Bu kabi janjal turk serial sanoatida birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Ikki yil avval Turkiyada suratga olingan “Eng so‘ng bobolar biladi” seriali bosh qahramonlari ham prodyuserlar taklif qilgan ish haqiga rozi bo‘lmasdan, filmni tark qilishgan edi.
XS
SM
MD
LG