Линклар

logo-print
“UzGazOyl”ning Toshkentdagi sho‘‘basi ishchilaridan Ozodlikka kelgan navbatdagi shikoyat maktubini o‘rganish asnosida mazkur shirkatining mehnat haqidagi O‘zbekiston qonunlarini buzib, ishchilar huquqlarini poymol qilayotgani borasidagi qator faktlar qo‘lga kiritildi.

Shirkat rahbariyati va ishchilar o‘rtasidagi murakkab vaziyat haqida “UzGazOyl” boshqaruviga yaqin shaxs Ozodlik radiosi bilan suhbatda ismini aytilmaslik sharti bilan gapirdi:

- O‘tgan hafta 500-600 nafar operator xodimlar bilan shartnomalar ularga qulay bo‘lmagan tarzda o‘zgartirildi. Yangi shartnomaga ko‘ra operator 240 soat ishlashi kerak bir oyda . Vaholanki bu mumkin emas¸ Mehnat kodeksi bo‘yicha ish soati oyda 160 soatdan oshmasligi kerak. Shartnoma yonida ishchilardan 240 soat ishlashga roziman¸ maoshim 160 soat uchun rasmiylashtirilishiga e‘tirozim yo‘q¸ degan tilxat ham yozdirishdi¸ deydi “UzGazOyl” mulozimi Ozodlik bilan suhbatda.

“UzGazOyl”ning viloyatlardagi shoxobchalaridan birida ishlaydigan 37 yashar Shuhrat ismli operatorning aytishicha¸ ko‘p ishlatib¸ kam haq berilayotgan ishchilardan tilxat olish amaliyoti Toshkent shahridagi “UzGazOyl” zapravkalarida ham kuzatilgan.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ “UzGazOyl” ishchilari O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ariza berganlaridan keyin prokuratura shirkatda taftish o‘tkazgan. Ana shundan keyin ishchilar bilan shartnoma yanglangan va tilxatlar yozdirilgan.


Ishchilar haqi ikki daftarda ikki xil yozilmoqda


“UzGazOyl” boshqaruviga yaqin shaxs Ozodlik radiosi bilan suhbatda¸ shirkat buxgalteriyasidagi tovlamachilik borasida iddaoli fikrlarni aytdi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ 240 soat ishlatilib¸ faqat 160 soatiga haq berayotgan shirkat hisobchilari tarafidan har ehtimolga qarshi ikki hujjat bilan rasmiylashtirilmoqda:

- Bo‘tta hozir ikkita vedomost tutilvotti bizada. Korxonada ikkita vedomost. Xodimlar 160 soat uchun ham qo‘l qo‘yadi. 240 soatga ham qo‘l qo‘ymoqda. Mabodo kimdir meni ko‘p ishlatib¸ kam oylik berdi¸ deb shikoyat qilsa¸ taftishchilarga 160 soatlik vedomostni ko‘rsatishadi. Mana o‘zi qo‘l qo‘ygan¸ deb ko‘rsatishadi. Ammo oylik yozilganida 160 soatlik vedomostga asoslanishadi¸ dedi “UzGazOyl” ning o‘zini tahririyatga tanishtirgan¸ ammo ovozi efirga uzatmasligini istagan mulozimi.

Ozodlik bu iddaolar yuzasidan izoh so‘rab “UzGazOyl” boshqaruviga telefon qildi.

“UzGazOyl”ning o‘zini tanishtirmagan huquqshunosiga ko‘ra¸ bu iddaolar o‘rinsiz va shirkatda ishchilar huquqi poymol qilinmagan.


“UzGazOyl”ning popukqand va qamchi siyosati


“UzGazOyl” boshqaruviga yaqin shaxs Ozodlik radiosi bilan suhbatda ishchilar o‘tgan yili o‘z huquqlari poymol qilinayotgani borasida O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ariza berganlaridan keyin prokuratura shirkatda taftish o‘tkazganini ma‘lum qildi.

Mufattishlar ketib¸ hamma ishlar bosti-bosti bo‘lganidan keyin¸ shirkatda norozilik o‘choqlarini tugatish ishlari boshlangan.

"Korxona bosh ofisida ayrim xodimlarga katta-katta mukofotlar berish amaliyoti ham taftishlardan keyin boshlandi"¸ deydi “UzGazOyl” boshqaruviga yaqin shaxs Ozodlik radiosi bilan suhbatda:

- Bizaga¸ ya‘ni ofis xodimlariga premiyalar ko‘proq chiqayapti. Har ikki oyda bir martadan oylikdan tashqari bir million premiya olayapmiz. Maqsad jim qilish. Chunki ofisdagilar biladi hamma narsani. Norozi bo‘lmasligi uchun rahbariyatdan shunaqa qilinayapti¸ deydi mulozim.

Mulozimga ko‘ra¸ katta mukofot olib jim bo‘lmaganlarga esa keskin intizomiy choralar qo‘llanmoqda. Suhbatdosh keyingi bir oy ichida “UzGazOyl” ishchilaridan ikki nafari rahbarga gap qaytargani uchun kaltaklanganini aytdi.

Ulardan biri Internetdagi “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘ida “UzGazOyl” rahbarini tanqid qilgani uchun shirkat tansoqchilari tarafidan ofisga chaqirilib kaltaklangan.

Suhbatdosh ofisdagi kaltaklash jarayonini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini aytadi.

Hozircha Ozodlik bu voqeani boshqa manbalar tarafidan tasdiqlata olmadi.

“UzGazOyl” shirkati kasaba uyushmasi vakillari bu holat borasida Ozodlik muxbiri bilan gaplashishni istamadi.

Ozodlik suhbatlashgan “UzGazOyl” xodimi¸ kasaba uyushmasi rahbarlari ochiqchasiga shirkat rahbari Botir To‘rayevning yonini olayotganidan tashvish izhor qildi.

Ikki va undan ortiq manba tarafidan tasdiqlagan ma‘lumotga ko‘ra¸ “UzGazOyl”ning 1500 ishchisidan xalqaro radiolarga ma‘lumot bermaymiz¸ degan tilxat yozdirib olingan.

“UzGazOyl” benzin zapravkalarida ishlaydigan Baxtiyor ismli xodimga ko‘ra¸ tilxatlar kompyuterda terilgan bo‘lib¸ faqat uning tagiga imzo qo‘ydirib olishgan.


Archa-archa jon archa¸ yaproqlaring ninacha...


“UzGazOyl” shoxobchalari atrofidagi bog‘chalarga qarash ishlari ham shirkat operatorlari zimmasiga yuklatilgan.

Ayniqsa¸ bog‘chaga ekilgan va har biri 150 dollar ekani pisanda qilingan archa daraxti parvarishining xodimlar zimmasidagi og‘ir yuk bo‘lgani aytilmoqda.

“UzGazOyl” bosh ofisidan kelgan og‘zaki farmoyishga ko‘ra¸ bu archalar qurib qolsa¸ xodimlar oyligidan 150 dollar ushlab qolinadi¸ deb yozg‘irdi shirkatning viloyatlardan birida ishlovchi xodimi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Sibir o‘rmonlarida o‘sishga moyil archaning jazirama issiqda qurimasligi uchun “UzGazOyl” xodimlari sabr va bardosh bilan harakat qilishmoqda.
XS
SM
MD
LG