Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:30

Dukchi eshon kimligini bilamizmi?


1898 yilning may oyida Andijonning Mingtepa tumanida chor istibdodiga qarshi xalq qo‘zg‘olonini uyushtirib¸ oxirda dorga osilgan Dukchi eshon tarixi aksar o‘zbekistonliklar uchun yaqin tarixning qorong‘u sahifasi sifatida qolmoqda.

Dukchi eshon rahbarligidagi xalq isyoni boshlanganiga 115 yil to‘ldi.

Keyingi 20 yil ichida Dukchi eshon isyoni haqida maqola va kitoblar chop etildi. Dukchi eshon isyoni tarixi maktab darsliklariga istqilol uchun kurash namunasi sifatida kiritilgan.

Dukchi eshonning rasmiy manbalarda keltiriladigan fotosurati.
Dukchi eshonning rasmiy manbalarda keltiriladigan fotosurati.
Andijondagi ko‘chalardan biriga Dukchi Eshon nomi berilgan. Ammo buning barobarida Dukchi eshon shaxsiyati va faoliyati borasida bir biriga zid qarashlar mavjud.

Shoir Xurshid Davronning yozishicha¸ Dukchi Eshon borasida qarashlar ikki qutbga bo‘linadi:

- Agar bir taraf uni ona yurt istiqloli uchun muhoraba maydoniga chiqqan fidoyi deb baholasa, ikkinchi taraf uni o‘ylamay ish tutgan, qancha begunoh odamlarning nobud bo‘lishiga sababchi bo‘lgan, xalifalik tuzishni ko‘zlagan chalamulla sifatida qoralaydi¸ deb yozgan Xurshid Davron Dukchi eshon kurashiga xolis qarash lozimligini urg‘ulaydi:

- Rad etib bo‘lmas haqiqat shundaki, Dukchi eshon, eng avvalo, mustabidlikka qarshi, millatining erku ozodligi uchun maydonga chiqqan edi. Bu kunday ravshan haqiqat. Uning isyonchi sifatidagi dunyoqarashida noqisliklar mavjud bo‘lgani ham shunday ochiq haqiqatdir. Yana bir achchiq haqiqat shundan iboratki, Dukchi eshon xususida bir qarorga kelolmasligimiz oqibatida (buning oson va aniq iloji borligiga ham unchalik ishonchim yo‘q), uning erk va istiqlol haqida aytgan gaplaridan ruhlanib, maydonga chiqqan insonlar xotirasi oldida uyatdan bosh egib turishdan boshqa ishga yaramaymiz. To‘g‘ri, har qanday inqilob va isyon maydonga chinakam fidoyi insonlar qatorida ko‘r olomonni ham olib chiqadi. Ammo ko‘r olomonni deb yurt uchun boshini dorga tikkan fidoyilarda nima ayb? deb ta‘kidlaydi shoir Dukchi eshon haqidagi maqolasida.

Dukchi eshon tarixini o‘rgangan olim Haydarbek Bobobekovga ko‘ra¸ Dukchi eshon shak-shubhasiz milliy istiqlol kurashining qahramonidir:

- Rus arxivlarida saqlanayotgan va men tanishgan hujjatlarda Dukchi Eshonning dor ostida ham tik turib zolimlarni qoralagani aks etgan¸ deydi suhbatdosh.

Eshonning ruslar tarafidan dorga osilishi borasidagi hujjatda mana bu satrlar bor:

"Daf‘atan ikki soldat eshonni dor tegiga olib kelgan mahal¸ boshqa sheriklarini ham etaklab ketib turgan holda¸ ikkisi yana behush bo‘lib yiqildi. Bularni sudrab, dor tegiga keltirib, uning ostig‘a qo‘yil‘g‘an ikki pog‘onalik kursiga “chiq, chiq” deb eshonni chiqardi. Shu holda kafan ichida bir o‘zi qadam qo‘yib chiqdi va baland ovoz bilan: “Ey musulmon birodarlar, guvoh bo‘linglar, man nohaq tuhmat bilan ketib turubman. Bola-chaqalarim, mayda-chuyda, ko‘p edi. Bu hokim va to‘ralar yaxshi adolat qilmadi. To‘g‘ri haqiqat qilmadi. Duo qilinglar, shu zolimlarni…” degan vaqtda bir to‘raning ishorati bilan birdan sirtmoqlarni solib, kursilarni tepib yubordilar......

Dukchi eshon isyoniga 115 yil to‘lishi munosabati bilan bu milliy ozodlik kurashi mavzusini Ozodlikning "Qurultoy" eshittirishi kun tartibiga chiqardik.

Davra suhbati davomida Dukchi eshon isyonining quyidagi jihatlarini muhokama qilamiz:

Agar Dukchi eshon istiqlol qahramoni bo‘lsa nega u kishining shaxsi Amir Temur¸ Jaloliddin Manguberdi kabi ardoqlanmaydi?

Nega Dukchi eshonni istiqlol kurashiga chorlagan va bu kurashda qatl qilingan yurt og‘alari Botir Mingboshi Normat o‘g‘li¸ Alibek Dodxoh¸Orziqulboy Ponsod¸ Hayitboy To‘qsoba kabi jasur shaxslari eslanmaydi?

Isyondan keyin Chor imperatorining marhamati deya Mingtepa tumani Marhamat deya o‘zgartirildi. Nega millat uchun sharmandali bu nom olib tashlanib, isyon beshigi bo‘lgan hududga asl nom qaytarilmaydi?

Isyon bostirilganida minglab aybsiz odamlar qatl qilingan. Rossiyadagi tashqi aloqalar arxividagi hujjatlarda bu qatl qilingan mazlumlarining ismlari bir-bir qayd qilingan. Nega ularning nomini marmar toshlarga o‘yib yozdirib eslamayapmiz?

"Qurultoy"da muhokama qiladiganimiz bu savollarga siz ham sharh qoldirish orqali javob berishingiz mumkin.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:50:54 0:00
Бевосита линк
XS
SM
MD
LG