Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:38

O‘zbekistonda “Bolajon” telekanali ish boshladi


1 iyundan boshlab O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi - MTRK tizimida bolalarga mo‘ljallangan “Bolajon” nomli yangi telekanal o‘z faoliyatini boshladi.

MTRK mas‘ullaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, yangi telekanal hozircha “Yoshlar” teleradiokanali tarkibida ishlaydi:

- Bu kichkintoylarimiz uchun “Bolalar kuni”ga ajoyib sovg‘a bo‘ladi. Hozircha “Bolajon” kanali “Yoshlar” telekanali qoshida bo‘ladi. Bu vaqtincha. Keyinchalik “Bolajon” alohida telekanal bo‘lib ajralib chiqadi. “Bolajon” raqamli telekanal hisoblanadi, dedi MTRK mas‘uli.

“Bolajon” telekanalida kuniga 12 soat davomida ko‘rsatuvlar namoyish etilishi rejalashtirilgan:

- Ko‘rsatuvlarning 6 soati orginal bo‘ladi, 6 soati esa takror bo‘ladi. Telekanal ko‘rsatuvlari asosan, 3 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan. Bolalar uchun badiiy film va multfilmlar namoyish qilinadi. Bolalarning aqliy va jismoniy qobiliyatini shakllantirish uchun jiddiy ko‘rsatuvlar ham beriladi. Intellektual o‘yinlar va viktorinalar bo‘ladi. Bolalarning ingliz tilini o‘rganishlariga ko‘maklashadigan ko‘rsatuvlar beriladi. Bolalarga mo‘ljallangan xorijiy filmlar o‘zbekcha subtitrlar bilan namoyish qilinadi”, dedi MTRK mas‘uli.

Suhbatdosh yangi telekanal faoliyati uchun xarajatlar manbaini ochiqlamadi.

MTRK muharrirlaridan biri ismini ochiqlamaslik va ovozini efirga bermaslik sharti bilan ma‘lum qilishicha, yangi telekanalni tashkil qilish uchun “Yoshlar” telekanali imkoniyatlaridan foydalanilgan.

“Yangi telekanal uchun ortiqcha pul sarflanmadi. Hech qanday homiy ham bo‘lmadi. Bir amallab ochishdi. Butun texnika “Yoshlar”niki. “Yoshlar”ning videokameralari va montajlaridan foydalanishayapti. Yangidan xodim ham olinmadi. “Yoshlar” telekanali “Yangi avlod” bo‘limining xodimlari “Bolajon”ga o‘tkazildi. "Madaniyat va ma‘rifat" va "Dunyo bo‘ylab" telekanallarini ochishganda ham boshqa kanallarning texnikalarini olishgan edi. Bu kanallar homiylar hisobiga endi o‘zini o‘nglab olayapti”, dedi MTRK muharriri.

“Bolajon” telekanali prezident Islom Karimovning o‘tgan yil 30 iyuldagi “O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining raqamli telekanallari sonini ko‘paytirish ulardan to‘la formatda foydalanish, mundarijasi va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan ta‘sis etilgan.

Ushbu qarordan kelib chiqib, joriy yilning o‘zida yana ikkita yangi telekanal - “Oilaviy” va “Kino” kanallari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

O‘tgan yilning 31 dekabr kuni MTRK tizimida ikkita yangi raqamli telekanal - "Madaniyat va ma‘rifat" va "Dunyo bo‘ylab" faoliyatini boshlagan edi.

O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga ko‘ra, mamlakatda 1305 ta ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ulardan 712 tasi gazeta, 264 tasi jurnal, 16 tasi axborotnoma-byulleten, 4 tasi axborot agentligi, 63 tasi televideniye va 34 tasi radiodir.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekistondagi siyosiy rejim matbuot ustidan nazorat o‘rnatganini ta‘kidlab keladi. O‘zbekiston hukumati esa mamlakatda matbuot ustidan tsenzura o‘rnatilganiga oid ayblovlarni rad etgan.
XS
SM
MD
LG