Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:12

Rossiyada 13 yashar o‘gay qizini zo‘rlagan o‘zbekistonlik qamaldi


Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasida sud 13 yashar o‘gay qizini zo‘rlagan o‘zbekistonlikni 12 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. Mahkama chog‘ida ayblanuvchi jinoyat sodir etganiga iqror bo‘lgani aytilmoqda.

Krasnoyarsk o‘lka prokuraturasi ma‘lumotiga tayanib Regnum axborot agentligining xabar qilishicha, voyaga yetmagan o‘gay qizini zo‘rlagan erkak jazo muddatini qattiq tartibli mehnat koloniyasida o‘taydi.

Agentlik xabariga ko‘ra, ismi oshkor qilinmagan o‘zbekistonlik erkak qariyb yetti yil davomida krasnoyarsklik ayol bilan qonuniy ro‘yxatdan o‘tib, birga yashab kelgan.

Er-xotin qaramog‘ida uch nafar yosh bola bo‘lgan. Ularning kattasi 13 yashar qizcha bo‘lgan.

2011 yil kuzida xotin homiladorligi bo‘yicha shifokorga ko‘rinish uchun ketganda o‘gay ota voyaga yetmagan qizchani zo‘rlagan. Oqibatda qizcha homilador bo‘lib, bola tuqqan.

Genetik ekspertiza chaqaloqning otasi qizchaning o‘gay otasi ekanini tasdiqlagan.

Jabrlangan qizchaning onasi oila boquvchisidan ayrilib qolishidan qo‘rqib, erini himoya qilgan.

Rad etib bo‘lmaydigan dalillar tufayli o‘gay ota og‘ir jinoyat sodir etganiga iqror bo‘lgan.

Mazkur jinoiy ish Krasnoyarsk prokuraturasining davlat ayblovchisi ishtirokida ko‘rib chiqilgan.

Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarining voyaga yetmagan va balog‘at yoshidagi qizlarga jinsiy tajovuz qilishi va zo‘rlashi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

Joriy yilning 22 may kuni Vologodsk viloyat sudi uch nafar o‘zbekistonlikni 2012 yil mart oyida ayol taksichini zo‘rlaganlik va o‘ldirganlikda aybdor deb topib, ularni 8 yildan 22 yil 2 oygacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilgandi.

2013 yil 13 mart kuni esa Sankt-Peterburgning Krasnoselьskiy tuman sudi samarqandlik ikki yigitni 2011 yil oktyabrida Peterburgning Janubiy Primorsk parkida 30 yoshli nogiron ayolni mast holatda zo‘rlaganlik va buyumlarini talon-taroj qilganlikda aybdor deb topib, 13 yildanga qamoq jazosiga mahkum etgan. Sud hukmida o‘zbekistonliklar jazoni qattiq rejimli koloniyada o‘tashi belgilangan.

Shuningdek, 2011 yil dekabr oyida Rossiyaning Chelyabinsk viloyatida 28 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Obid Jumayev o‘zi birga yashab kelgan ayolning 73 yoshli onasini o‘ldirib, 12 yashar qizini zo‘rlagan. Jinoiy javobgarlikdan qutulish uchun Jumayev qochib ketgan.

Rossiya axborot agentliklarida chet elliklar tomonidan sodir etilayotgan shu kabi o‘ta og‘ir jinoyatlar haqida tez-tez xabarlar tarqatiladi. Buning ortidan Rossiya jamiyatida aksar jinoyatlar mehnat muhojirlari tomonidan sodir etilayapti, degan taassurot paydo bo‘lmoqda.
XS
SM
MD
LG