Линклар

O‘tgan seshanbadan beri “UzGazOyl” shirkatidan 35 kishi ishdan bo‘shatildi. Yana 50 nafar ishchi ishdan bo‘shatilishi haqida bildirgi olgan. Ozodlik manbalariga ko‘ra, bundan oldin ham “UzGazOyl” o‘nlab xodimni ishdan bo‘shatgan.

“UzGazOyl” rahbariyatining tasdiqlashicha, bu ishchilar mehnat intizomini muntazam buzib kelgani uchun O‘zbekiston mehnat qonunlariga muvofiq tarzda ishdan bo‘shatilgan.

Suhbatdoshlarga ko‘ra, kechqurungi reydlar deb atalgan taftishlar paytida “UzGazOyl” ishchilari tekshirilib, ayblari topilsa, zudlik bilan bo‘shatilmoqda.

“UzGazOyl” shirkatidagi bir-biridan mustaqil ikki manba, Ozodlik bilan suhbatda, bu ishchilar bo‘shatilib, o‘rniga boshqa ishchilar pora evaziga olinayotganini iddao qildi.

Bu manbalar iddoasiga ko‘ra¸ “UzGazOyl” shirkatiga ishga kirish uchun olti ming AQSh dolarigacha miqdorda pora olinmoqda.

Shirkat rahbariyati va ishga olinayotganlar o‘rtasidagi korruptsiya manzarasi va ta‘magirlik vaziyati haqida “UzGazOyl” boshqaruviga yaqin shaxs Ozodlik radiosiga o‘z ismini tanishtirgan xolda¸ lekin ismi efirda aytilmasligi sharti bilan gapirdi:

- Ikki kun ichida yuz nafarga yaqin xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tmagani sabab qilinib ishdan bo‘shatildi. Bo‘shatilgan xodimlar o‘rniga bir kun ichida yuzga yaqin yangi ishchi olindi. Yangi ishga olinganlarning hammasi “UzGazOyl” bosh ofisida ishlaydiganlarning tanish-bilishi va qarindoshlaridir¸- deydi “UzGazOyl” boshqaruviga yaqin shaxs Ozodlik radiosi bilan suhbatda.


AYoQSh operator bo‘lmoqchimisan, cho‘ntakni kavla!


“UzGazOyl”ning viloyatlardagi shoxobchalaridan birida ishlaydigan xodim bu ish joyiga ega bo‘lish uchun 6000 dollar miqdorda pora berganini iddao qildi.

“UzGazOyl” boshqaruviga yaqin shaxs, Ozodlik radiosi bilan suhbatda, ishchilarni bo‘shatishdan maqsad ularning o‘rniga kelayotgan ishchilardan pora olish ekanligini iddao qildi:

- Har bir yangi xodim uchun¸ masalan, AYoQSh operatori lavozimi uchun 3500 AQSh dollaridan 4500 dollargacha pora olinadi. Servis ishchisi bo‘lib joylashishga 500 AQSh dollaridan 1000 dollargacha pul beriladi¸- deydi suhbatdosh.

“UzGazOyl”ga ishga kirish uchun beriladigan pora miqdori ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokama qilinmoqda.

“Odnoklasniki” ijtimoiy tarmog‘ida “UzGazOyl”ga ishga kirish uchun 4000 dollar to‘lash kerakligi borasida gap so‘zlar e‘lon qilingan edi.

“UzGazOyl” xodimlaridan biri, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, yaqin do‘stini 4000 dollar evaziga ishga kiritishga ko‘maklashganini tan olgan edi.


“UzGazOyl” rad qiladi


Ayni paytda “UzGazOyl”da ishga kirish pora evaziga amalga oshayotgani borasida aniq tasdiqlangan hujjat Ozodlik tasarrufida yo‘q.

Mirobod tuman prokuraturasi tarafidan “UzGazOyl”da o‘tkazilgan taftishlarda nima tekshirilgani borasida ham ma‘lumot ololmadik.

“UzGazOyl”dagi manbalarga ko‘ra¸ bu taftishlar katta urinish evaziga bosti-bosti qilingan.

“UzGazOyl” ishchilari O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ariza berganlaridan keyin prokuratura shirkatda taftish o‘tkazgani aytiladi.

“UzGazOyl” huquqshunosi Ozodlik bilan suhbatda bu ayblovlarni asossiz deya ta‘kidlagan edi:

- Bizni qancha tekshirib aybimizni topa olishmadi. “UzGazOyl”da pora olinmaydi. Mehnat qonunlari bor, kasaba uyushma bor, qanday qilib biz noqonuniy ishga qo‘l ura olamiz,- deydi shirkat vakili.


“Zeromaks” va “UzGazOyl”


2010 yilda O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga tegishli deya iddao qilingan “Zeromaks” va unga qarashli “UzGazOyl” shirkatlari yopilgan edi.

O‘sha paytda "O‘zbekneftegaz” shirkati boshqaruv kengashi raisi Ulug‘bek Nazarov va mamlakat bosh vazirining geologiya, neftkimyo va metallurgiya sanoati masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ergash Shoismatov ishdan olingan edi.

Sobiq “Zeromaks” shirkati bosh ijrochi direktori Mirodil Jalolov qamoqqa olingan edi.

“UzGazOyl” prezidentning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovga tegishli bo‘lgani aytiladigan hamda Shveytsariyada ro‘yxatga olinib, faoliyatini O‘zbekistonda olib borgan “Zeromaks” shirkati tarkibiga kirar edi.

2010 yilda “UzGazOyl” asosan neft, gaz va oltin qazib olish, qishloq xo‘jaligi va tekstil sanoati bilan shug‘ullangan “Zeromaks” tarkibidan chiqarilib davlat korxonasiga aylantirildi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra “UzGazOyl” davlat tasarrufiga o‘tganidan keyin shirkatda korruptsiya alomatlari ko‘paygan.
XS
SM
MD
LG