Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:59

Jizzaxdagi avtohalokat qurbonlari soni olti kishiga yetdi


Jizzax viloyatining G‘allaorol tumani Baxmalsoy qishlog‘ida 30 may kuni sodir bo‘lgan avtohalokat natijasida jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan yana ikki buxorolik olamdan o‘tdi. Jiguli bilan avtobus to‘qnashuvi natijasida kelib chiqqan yong‘in oqibatida to‘rt kishi voqea joyida halok bo‘lgan edi.

Baxmalsoydagi avtohalokatdan jarohatlanib, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan uch kishidan ikki nafari 3 va 2 iyun kunlari olamdan o‘tganini shifokorlar Ozodlikka ma‘lum qildi.

Jizzax viloyat shoshilinch tibbiy yordam markazidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, vafot etgan ikki kishi avtobus haydovchilari bo‘lgan.

“Bittasi bugun ertalab o‘ldi. Ikkinchisi kecha ertalab o‘lgan. Ikkalasi ham yong‘indan kuygan. Ularning kuyish darajasi 90-95 foiz edi. O‘lganlarning biri 52 yoshli avtobus haydovchisi. Ikkinchisi uning yordamchisi 26 yoshli yigit. Ular hozir ekspertizaga jo‘natildi. Keyin buxoroga yuboriladi”, dedi Jizzax viloyat shoshilinch tibbiy yordam markazining shaxsini oshkor qilmagan shifokori Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

Uning aytishicha, shifoxonada yotgan yana bir buxorolikning ahvoli o‘rtachadan yuqoriroq bo‘lib, uning kuyish darajasi 45-50 foizni tashkil qiladi.

"Uning ahvoli o‘nglanishiga umid bor. Chunki hushi o‘zida", dedi shifokor.

G‘allaorol tuman Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimining Ozodlikka aytishicha, payshanba kuni soat 17lar atrofida sodir bo‘lgan avtohalokatda Jiguli bilan avtobus to‘qnashib ketgan.

Militsiya xodimi ma‘lumotiga ko‘ra, Jiguli egasi g‘allaorollik bo‘lgan, avtobus esa Buxoroning G‘ijduvon tumanidan Toshkent shahriga ketayotgan bo‘lgan.

To‘qnashuv natijasida kelib chiqqan yong‘indan kuygan ikki buxorolik va ikki g‘allaorollik voqea joyida halok bo‘lgan edi.

Avtohalokatda jarohatlangan buxorolik 15 kishi Jizzax viloyat shoshilinch tibbiy yordam markaziga 30 may kuni keltirilgan.

Tibbiy markazdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, o‘sha kuni yengil jarohat olgan besh kishiga ambulatoriya xizmati ko‘rsatilib, javob berilgan.

“Etti kishini uch kundan keyin poyezdda buxoroga jo‘natdik. Ular hech bir muammosiz Buxoroning G‘ijduvoniga yetib borishdi. Ikki doktorimiz ularni kuzatib, borib bugun qaytib kelishdi”, dedi tibbiy markaz shifokori.

Avariyaga guvoh bo‘lgan manbaning Ozodlikka xabar qilishicha, payshanba kuni Samarqand-Jizzax trassasida "Amir Temur" darvozasiga yaqin joyda VAZ-2106 avtomashinasi bilan avtobus to‘qnashib ketgan.

Manbaga ko‘ra, to‘qnashuv natijasida gaz bilan yuradigan Jiguli portlab, alanga avtobusga ham ulashgan, natijada yo‘lovchilar nobud bo‘lgan.

Avtohalokat oqibatida halok bo‘lgan ikki g‘allaorollik 31 may kuni dafn etilgan. Ikki buxorolikning jasadi esa G‘ijduvonga jo‘natilgan.

Hozirda G‘allaorol tuman IIBsi avtohalokat sabablarini o‘rganmoqda.

O‘tgan yilning noyabr oyi oxirida Sirdaryo viloyatining Oq Oltin tumanida ham avtobus halokatga uchragani oqibatida to‘rt kishi nobud bo‘lgan, uch odam jarohatlangan edi.
XS
SM
MD
LG