Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:00

Endi avtomobildagi xavfsizlik komplekti ham sertifikatlanadi


Endi alohida sertifikatlangan o‘t o‘chirgichi bo‘lmagan avtomobillar egalari katta miqdorda jarima to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.
Endi alohida sertifikatlangan o‘t o‘chirgichi bo‘lmagan avtomobillar egalari katta miqdorda jarima to‘lashlariga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistonda avtomobillardagi xavfsizlik komplekti - o‘t o‘chirgich, aptechka va favqulodda to‘xtov belgisi ham bundan buyon maxsus tekshiruvdan o‘tkazilib, sertifikatlanadigan bo‘ldi. Sertifikati bo‘lmagan xavfsizlik komplekti uchun haydovchi 400 ming so‘mga qadar jarimaga tortilishi aytilmoqda.

O‘zbekistondagi avtomobil haydovchilari zimmasiga avtomobilda muntazam saqlanishi kerak bo‘lgan xavfsizlik komplekti — o‘t o‘chirgich, aptechka va favqulodda to‘xtashga to‘g‘ri kelganda ishlatiladigan maxsus belgini davlat standartidan o‘tkazish majburiyati yuklandi.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasi, Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi majburiyatni bajarmagan haydovchilar jarimaga tortilishini aytdi.

- Ognetushitel, aptechka va avariyniy znakning hammasi bir komplekt qilib sotiladi. Avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limlarida maxsus firmalarning ana shu mollari bor. Ular sertifikatlangan. Sertifikatlanmagan xavfsizlik komplekti uchun avtomobil egasi jarimaga tortiladi, dedi Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi mulozimi.

Biroq mulozim, bu jarimaning qancha miqdorda ekanligiga aniqlik kiritmadi.

Shu paytgacha, avtobil haydovchilari xavfsizlik komplekti buyumlarini istalgan do‘kondan sotib olish haqqiga ega edi.

Ammo, Uzmetronom Internet gazetasining yozishicha, setifikatlangan o‘t o‘chirgich, aptechka va favqulodda to‘xtov belgisidan iborat xavfsizlik ashyolarini faqat Toshkentdagi uch firma sotish huquqiga ega.

“Ekspertlarga ko‘ra, bu uch firma ortida Ichki ishlar vazirligidagi yuqori lavozimli mulozimlarning yaqin qarindoshlari turadi. Sertifikatlangan xavfsizlik komplektining narxi 136 ming so‘mdan 350 ming so‘mgacha. Agar aynan bu ashyolar oddiy do‘konlardan sotib olinsa, nari borsa 70 ming so‘mcha turadi. IIV tizimida kimdir bundan o‘z biznesini yaratmoqchiga o‘xshaydi”, deb yozadi Uzmetronom Internet gazetasi.

Shuningdek, Uzmetronomga ko‘ra, alohida sertifikatlangan xavfsizlik komplekti bo‘lmagan haydovchilar 400 ming so‘m miqdordagi jarimaga tortiladi.

Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida o‘z shaxsiy mashinasida kirakashlik bilan shug‘ullanayotgan 40 yoshli Rahimjonning aytishicha, bunday yangiliklarning joriy qilinishi ortida kimlarningdir manfaatdorligi turadi.

- Albatta, tepada turgan kimlardir bundan manfaatdor bo‘lsa kerak. Bo‘lmasa, hamma o‘t o‘chirgichlar ham uni ishlab chiqaruvchi korxona tomonidan kafolatlanadi. Unga yana alohida sertifikat qilib, narxini otni kallasiday qilib qo‘yish xalqni yana talash, degani. O‘zbekistonda eng kam ish haqi 80 ming so‘m bo‘lib turganda, bu narsalarni 350 ming so‘mgacha sotib olish uchun hammaning ham imkoni yo‘q. Bu xalqning hisobiga pul qilishning yana bir yo‘li, dedi yangiyo‘llik kirakash Rahimjon.

O‘zbekistonda 2011 yilning15 iyulidan boshlab avtomobillarida aptechkasi bo‘lmagan haydovchilar eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida jarimaga tortilishi haqidagi qaror kuchga kirgan edi.
XS
SM
MD
LG