Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:18

TeliaSonera rahbari "o‘zbek ishi" bo‘yicha shved parlamentiga hisob bermoqda


TeliaSonera shirkati boshqaruv kengashi raisi Mariya Irling.
TeliaSonera shirkati boshqaruv kengashi raisi Mariya Irling.
TeliaSonera va Gulnora Karimova o‘rtasidagi maxfiy kelishuvlar fosh etilgan "Moskvadan kelgan chopar" hujjatli filmi munosabati bilan shirkat boshqaruv kengashi raisi Shvetsiya parlamenti deputatlari savollariga javob bermoqda. Parlamentdagi so‘roq-savol yopiq eshiklari ortida o‘tmoqda.

Shvetsiya parlamenti — Riksdagda Biznes va savdo qo‘mitasi a‘zolari ishtirokida o‘tayotgan uchrashuvga TeliaSonera shirkatining boshqaruv kengashi raisi Mariya Irling chaqirilgan.

Ayni damda parlament binosida bo‘lgan shved jurnalisti Ula Vesterberg yig‘ilish yakunini kutayotganini aytdi.

- Ishtirokchilar uchrashuvdan chiqishini kutyapman. Hozircha yig‘ilish qanday o‘tayotgani haqida biror ma‘lumot yo‘q. Uchrashuv yopiq o‘tmoqda, dedi shved jurnalisti.

TeliaSonera rahbariga bir qator keskin savollarni hozirlab qo‘yganini aytgan muxolifatdagi Yashillar partiyasi raisi o‘rinbosari Yonas Eriksson uchrashuv arafasida Ozodlikka bergan intervyusida davlatga qarashli shirkat rahbarining parlamentga chaqirilish sabablarini shunday izohlagan edi:

- Mariya Irlingni parlamentga chaqirishning ikki sababi bor. Birinchisi, Telia Sonera o‘zbek rejimiga o‘z fuqarolari ustidan nazorat o‘rnatishda hanuz yordam berayaptimi-yo‘qmi, shuni aniqlash. Ikkinchisi, shirkatning O‘zbekistonda Karimovlar oilasi bilan olib borilgan korruptsiyaviy aloqalarga oidmi yoki yo‘qligini aniqlash, degan edi Yonas Eriksson.

Muxolifatchi deputat shirkat rahbariyati bilan bir necha oy avval parlamentda o‘tgan yig‘ilishda ham ishtirok etgani va o‘shanda bu muammoni hal qilish aniq-tiniq va‘da qilinganini esladi.

- Buning o‘rniga korruptsiyaga oid qandaydir harakatlarning davom etayotgani haqida jurnalistlar aniqlagan ma‘lumotlar meni lol qoldirdi. Uchrashuvda shaxsan men shu masalaga aniqlik kiritmoqchiman, degan edi shved parlamenti a‘zosi.

Mariya Irling Shvetsiyada katta obro‘-e‘tibor va ta‘sirga ega bo‘lgan biznes yetakchilaridan biri hisoblanadi.

2006 yilda u Forbs jurnalining dunyo biznes olamida ta‘siri kuchli bo‘lgan 100 ayol ro‘yxatiga kiritilgan.

Bundan tashqari, u 2004-2006 yillar oralig‘ida TeliaSoneraning Shvetsiyadagi faoliyatiga prezidentlik qilgan.

Shvetsiya jamoat televideniyesi jurnalistlarining o‘tgan yil kuzida taqdim qilgan "TeliaSonera:O‘zbek ishi" deb nomlangan ilk hujjatli filmi ortidan TeliaSonera boshqaruvida jiddiy o‘zgarishlar bo‘ldi va Mariya Irling shirkat boshqaruv kengashi raisi etib tayinlandi.

22 may kuni e‘lon qilingan "Moskvadan kelgan chopar" hujjatli filmida TeliaSonera rahbariyati bir necha oy muqaddam parlament a‘zolari so‘roqlariga javoban berilgan va‘dalarni bajarish o‘rniga Gulnora Karimovaga aloqador jamg‘armalarga pul o‘tkazish¸ korruptsion kelishuvlarni ado etayotganlikda ayblandi.

Parlamentdagi muhokamalar samarasiga bildirilgan shubhalarga javoban mamlakatdagi eng yirik siyosiy partiya — Sotsialistlar partiyasining Riksdagdagi vakili Yenni Nilson: "Qanchadir darajada choralar ko‘rildi", deb javob bergan.

- Men aytib o‘tmoqchimanki, shirkat boshqaruv kengashi raisi Lars Nyuberg iste‘fo berdi. Parlament aralashuvidan so‘ng boshqaruv kengashi tarkibida ayrim o‘zgarishlar bo‘ldi. Ammo bu o‘zgarishlar muammoni hal qilish uchun yetarlimi¸ hozircha bu ma‘lum emas va aynan shu juda qoniqarsizdir, degan edi Yenni Nilson.

Telia Sonera va Gulnora Karimova o‘rtasidagi noqonuniy oldi-berdilarga oid iddaolar hozir politsiya tergovi ostida ekani ta‘kidlagan bu parlament a‘zosi ham tergovning yakunini kutish muhimligini alohida urg‘ulagan.

Mavjud tartibga binoan, parlamentning Biznes va savdo qo‘mitasida o‘tayotgan yig‘ilishdan so‘ng matbuotga hech qanday rasmiy bayonot berilmaydi.

Ayni paytda¸ mojaroga bildirilgan jamoatchilik qizishini muhim, deb bilgan parlament a‘zolari Shvetsiya nufuziga soya solayotgan shirkat rahbari bilan so‘roq-savol yakunini matbuotga yetkazishga hamisha hozirliklarini bildirganlar.

Ozodlik Riksdagdagi uchrashuv natijalarini o‘rganib, sizga xabar qilishga urinadi.

Yangiliklarni bizning saytimizda kuzatib boring!
XS
SM
MD
LG