Линклар

logo-print
BMT inspektorlari Suriyada shu yilning mart va aprel oylarida sodir etilgani aytilayotgan kimyoviy hujumlar haqida shu hujumlardan aziyat ko‘rgan odamlar, ularga tibbiy yordam ko‘rsatgan shifokorlar va guvohlar bilan suhbatlar asosida ma‘lumotga ega bo‘lganliklarni aytishmoqda.

Ammo, tarkibida qanday zaharli modda bor kimyoviy qurol ishlatilgan, degan savolga BMT inspektorlari javob berishga qiynaldilar.

BMT komissiyasiga rahbarlik qilgan Palo Pinheyro Jeneva shahrida jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Suriyada Bashar al Assad kuchlari sodir etgan jinoyatlarni sanab o‘tdi.

- Hukumat kuchlari, hisobotda ko‘rganingizdek, qotillik, qiynoq, ayollarni zo‘rlash kabi noinsoniy jinoyatlarga qo‘l urgan. Bu jinoyatlarning ko‘pchiligi insoniyatga qarshi jinoyat, deya tasniflanishi mumkin, - dedi Palo Pinheyro.

BMT inspektoriga ko‘ra, isyonchilar sodir etgan jinoyatlar ko‘lami ham kam emas.

-Hukumatga qarshi kurashayotgan qurolli guruhlar ham harbiy jinoyatlarni sodir etgan. Bular sudlovsiz odamlarni qatl etish, ularni qiynoqqa solish, odamlarni garovga olish kabi jinoyatlardir, - deydi BMT komissiyasi rahbari Palo Pinheyro.

20 kishidan iborat BMT komissiyasi hulosasiga ko‘ra, kimyoviy hujumlar Suriyaning Xon al-Assal, Aleppo, poytaxt Damashq yaqinidagi Al Utayba shaharlarining aholi yashash hududlarida shu yil mart va aprel oylarida sodir etilgan.

Suriyada Bashar al Assadga tarafdor kuchlar va isyonchilar o‘rtasida ikki yildan oshqiroq vaqtdan buyon qonli mujodala davom etmoqda.

Avvalroq Suriyada urushayotgan har ikki tomon bir birilarini kimyoviy qurol qo‘llaganlikda ayblagandi.

G‘arb josuslik hizmatlariga ko‘ra, hozirda Suriya 1000 tonna atrofida kiyoviy qurol zahiralariga ega va ular ellikdan ziyod omborda saqlanadi.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Suriyada 2011 yil mart oyida boshlangan va hali ham davom etayotgan fuqarolik urushida shu kunga qadar 80 ming odam halok bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG