Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:03

Blog: Zilzilashunoslarning bir tog‘dan, biri bog‘dan keldi


1966 yilda Toshkentda ro‘y bergan zilzila munosabati bilan o‘rnatilgan yodgorlik.
1966 yilda Toshkentda ro‘y bergan zilzila munosabati bilan o‘rnatilgan yodgorlik.
Odamzod tabiatan xavotirga moyil. Biror tabiiy ofat ro‘y berib qolsa, bormi, vahimaning kuni tug‘adi! 25-26 may kunlari O‘zbekistonni silkitib o‘tgan zilziladan keyin ham tashvishli xabarlar bolaladi.

“Shu kunlarda yana yer qimirlarmish! Tunov kungisi holva bo‘p qolarmish!..” qabilidagi uzunquloq gaplar ishxonayu choyxonaning asosiy mavzusiga aylandi.

Ko‘ngliga vahm oralagan odamlar olimlarning og‘ziga qaraydi, ularning imosiyu himosini kutadi.

Ammo kitob ko‘rganlar har doim ham jonga ora kirmaydi. Ba‘zida esa biri tog‘dan, biri bog‘dan keladi – kalavasini uchini yo‘qotgan mardumning fikrini battar chuvalashtiradi.

Misol kerakmi? Marhamat!

“Darakchi” gazetasining 30 may sonida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti laboratoriya mudiri Qahhorbek Abdullabekov bilan suhbat chiqdi.

“Noviy vek” gazetasining shu kungi sonida esa mazkur institutning direktori o‘rinbosari Sabriddin Husomiddinov bilan intervьyu chop qilindi.

Har ikki zilzilashunos O‘zbekistonda yaqin kunlarda yer silkinishi xavfi bormi, degan masalada gapirgan.

“Dunyoning hech bir mamlakatida zilzila haqida aniq ma‘lumot beradigan tizim yaratilmagan. Shuning uchun qachon va qayerda hamda qanday kuchli zilzila ro‘y berishini oldindan aytishning hozircha iloji yo‘q” deydi laboratoriya mudiri Qahhorbek Abdullabekov.

Ikkinchi zilzilashunos fikricha esa, yer silkinishini oldindan aniq aytish mumkin.

“Bugungi kunda olimlar ehtimoliy xavfni oldindan yetarli darajada aniq ayta oladilar, ya‘ni uni (zilzilani) baholay oladilar, masalan, muayyan hududda, deylik, 50 yil davomida zilzila kuchi u yoki bu darajadan oshmasligiga kafolat bera oladilar”, deydi Seysmologiya instituti direktori o‘rinbosari Sabriddin Husomiddinov.

Qahhorbek Abdullabekovga ko‘ra, O‘zbekistonda 1998 yildan buyon seysmik faollik kuzatilyapti:

“Erning 12 yaxlit plitasi bor bo‘lib, ularning chegaralari seysmik kamar deb nomlanadi. O‘zbekiston O‘rtayer dengizi – Osiyo seysmik kamarida joylashgan. Bugungi kunda ana shu kamarda 1998 yildan buyon seysmik faollik kuzatilmoqda va uning 2017-18 yilgacha davom etishi taxmin qilinmoqda”.

Husomiddinov esa yer silkinishi intensivligi oshmasligiga 99 foiz kafolat beradi:

“Bizda seysmik hududlarning xaritalari ham bo‘lib, ularda yer silkinishining maksimal kuchi ko‘rsatiladi. Ishonch bilan ayta olamizki, ushbu xaritalar seysmik mustahkamlik bo‘yicha loyihalarga asos sifatida xizmat qiladi. Ularga asoslanib, 90-95 va hatto 99 foiz kafolat bilan 50 yil davomida yer silkinishi intensivligi oshib ketmasligi aniqlangan”.

Xo‘sh, “hech bir mamlakatda zilzila haqida aniq ma‘lumot beradigan tizim yaratilmagan”iga ishonish kerakmi? Yo, “olimlar 50 yil davomida zilzila kuchi oshmasligiga kafolat bera olishi”gami?

“1998 yilda boshlangan seysmik faollik 2017-18 yilgacha davom etishi”ga ishonish kerakmi? Yo, “99 foiz kafolat bilan yer silkinishi intensivligi oshib ketmasligi aniqlangan”igami?

Muallif: Savoliga javob topolmagan fuqaro

P.S. 2009 yil 6 aprelda Italiyaning Akvila shahrida ro‘y bergan kuchli zilzila 279 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Yer silkinishi xavfini to‘g‘ri baholamagani uchun olti nafar seysmolog olti yilga ozodlikdan mahrum etildi. Mahkamaga tortilgan olimlar ofatdan bir hafta burun “Shaharga zilzila tahdid solmayapti” deya noto‘g‘ri xulosa bergan edi.
XS
SM
MD
LG