Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 23:40

O‘qituvchilar pensionerlarni kartochkaga "ildirmoqda"


O‘zbekiston qator viloyatlarida qariyalarning pensiyalarini plastik kartochkalarga o‘tkazishga kollej o‘qituvchilari safarbar etilmoqda. Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ tuman hokimiyatidan berilgan bu og‘zaki buyruq bajarilmagan taqdirda¸ o‘qituvchilar yozgi ta‘til pullarini ololmasliklari haqida ogohlantirilmoqda.

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanining Sim qishlog‘ida istiqomat qiladigan, ismi sir qolishini so‘ragan 34 yoshli ayolning aytishicha, uning otasining pensiyasini so‘rab ham o‘tirmay plastik kartochkaga o‘tkazib yuborishgan:

- Qishlog‘imizda maishiy xizmat kolleji bor. Shu kollejning o‘qituvchilari mening otamning nomidan o‘zlari ariza yozib, uning pensiyasini plastik kartochkaga o‘tkazib yuborishibdi. Men kollej direktoriga janjal qilib bordim. Bo‘lgan ish bo‘ldi, endi bu yuqoridan kelgan buyruq, shunday qilmasak o‘qituvchilarimiz ta‘til pullarini olisholmaydi, ozgina sabr qiling yana naqdga o‘tkazib beraman, deb va‘da berdi, deydi qamashilik ayol.

Qamashi tumanidagi kollejlardan birining direktori Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda haqiqatan ham tuman hokimligidan shunday topshiriq bo‘lganini tan oldi:

- Tuman hokimiligi yig‘ilish o‘tkazib har bir kollej direktorlariga 100 tadan pensionerning pensiyasini plastik kartochkaga o‘tkazish haqida topshiriq berdi. Men o‘zim o‘qituvchilarimga topshiriq berdim. Ular pensionerlardan ariza yozdirib keldi. Yuzta deyishgan edi yuzta o‘tkazdik. Uch-to‘rtta qattiq norozilari ham bo‘ldi. Raysobezga aytib ularni qaytartirib berdik, dedi Qamashi tumanidagi kollej direktorlaridan biri.

Qarshi shahrida istiqomat qiladigan 72 yoshli pensioner Ziyod boboning aytishicha, shaharda ham pensiyalarini plastik kartochkalarga majburiy o‘tkazish haqidagi gaplar bo‘layapti:

- Bizda bir xil qariyalarning pensiyalarini Uzkard plastik kartochkalariga majburlab o‘tkazayapti. Agar menga ham kelishsa tayyorlanib turibman, nima deyishimni o‘zim bilaman, men siyosatni yaxshi tushunaman. Bu narsa ixtiyoriy bo‘lishi kerak. O‘zi shunday ham pensionerlarning holi xarob. Masalan, bizga mart oyidan buyon hali pensiya bergani yo‘q. Plastigi ham har qayerga o‘tmaydi, o‘lganni ustiga tepgan qilishmoqchimi bular?, dedi qarshilik Ziyod bobo.

"Birdamlik" harakatining xabar berishicha, qariyalarning pensiyalarini plastik kartochkalarga o‘tkazishda o‘qituvchilarning jalb qilinishi mamlakatning boshqa viloyatlarida ham kuzatilmoqda.

Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi o‘qituvchining ismi sir qolish sharti bilan aytishicha¸ muallimlarning shundoq ham boshidan oshib yotgan jamoat ishlariga shu kunlarda yangi tashvish qo‘shilgan:

- Har bir kollej o‘qituvchisiga 2 nafar pensiya oladigan qariyani topib, uning nafaqasini plastik kartaga o‘tkazishga roziligini olish vazifasi yuklatilgan. Agar bajarmasak¸ direktordan baloga qolamiz. Shuning uchun avvalo qarindosh-urug‘lardan, qo‘shnilardan qariyalarni topib, aldab-avrab ko‘ndirishga harakat qilayapmiz, dedi farg‘onalik o‘qituvchi.

O‘zbekiston Markaziy banki raisi muovini U. Mustafoyev 2011 yil 19 oktyabr kuni imzo chekkan hujjatda aytilishicha, agar pensioner o‘z ixtiyori bilan pensiyasini plastik kartochkaga o‘tkazmoqchi bo‘lsa, bank xodimlari pensionerlardan bu haqda ariza ëzdirib olishlari zarur.

Biroq plastik kartochkalar bilan ishlaydigan terminallar va bankomatlarning juda ozligi O‘zbekistonda plastik kartochka sohiblarini katta qiyinchiliklarga duchor qilinayotgani aytiladi.

Ayniqsa, tumanlarda plastik kartochkalar egalari bankomatlar yo‘qligi, bo‘lsa ham unda naqd pul yo‘qligi bois, kartochkalardagi pullarini 15-20 foiz hisobiga naqdlashtirishga majbur bo‘lmoqda.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq¸ 1995 yil 1 yanvaridan O‘zbekistonda ilk marotaba milliy valyutada kredit va debit to‘lov plastik kartochkalari muomalaga chiqarilgan.
XS
SM
MD
LG