Линклар

logo-print

MTS o‘rnini Korea Telecom egallashi mumkin


Ozodlik manbasiga ko‘ra, Janubiy Koreyaning KT Corporation kompaniyasi MTS o‘rnini egallash bo‘yicha faol harakatlarni boshlagan.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, Janubiy Koreyaning KT Corporation kompaniyasi MTS o‘rnini egallash bo‘yicha faol harakatlarni boshlagan.

O‘zbekistonda bankrot deb topilgan “O‘zdunrobita” mobil shirkati o‘rnini Janubiy Koreyaning KT Corporation (Korea Telecom) kompaniyasi egallashi mumkin. Ozodlik manbalariga ko‘ra, koreys shirkati o‘tgan hafta sotuvga qo‘yilgan “O‘zdunrobita” mulkini sotib olish bo‘yicha faol harakat boshlagan.

Rossiyaning MTS shirkatiga qarashli bo‘lgan “O‘zdunrobita” faoliyati o‘tgan yilning iyul oyida to‘xtatilgan edi. Shu yilning 31 may kuni esa “O‘zdunrobita” kreditorlari majlisida shirkat mulkini kimoshdi savdosi orqali jami 600 milliard so‘m (salkam 300 million AQSh dollari)ga sotish haqida qaror qilindi.

Rossiyadagi eng yirik telekom shirkati MTSning O‘zbekistondagi sho‘‘basiga doir mol-mulk kimoshdi savdosida sotilishi haqida o‘tgan juma kuni “O‘zdunrobita” kreditorlari majlisida qaror qilindi.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, MTS mulkiga uchta potentsial haridor haqida gap ketmoqda. 31 may kuni Sayyod.com nashri “Kecha 30 may kuni MTSning ofisida majlis bo‘lib, O‘zbekiston bozoriga kirishi kutilayotgan uchta mobil provayderi xaqida aytilgan. Lekin ularning nomi hozircha sir tutilmoqda”, deya yozdi.

Ayni paytda, Ozodlikning “O‘zdunrobita” shirkatiga yaqin manbasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, MTSning O‘zbekistondagi mulki Janubiy Koreyaning KT Corporation kompaniyasiga sotilishi mumkin. “Koreys shirkati bir necha oydan beri MTS o‘rnini egallash bo‘yicha faol harakatlarni boshlagan”, deya ta‘kidladi manba.

Uning aytishicha, KT Corporation kompaniyasini O‘zbekistonga olib kelish masalasi, MTS shirkati shu yilning 22 aprel kuni Toshkent shahar xo‘jalik sudi tomonidan bankrot, deb e‘lon qilingan paytda hal bo‘lgan. Ya‘ni bankrot deb e‘lon qilish qoidalariga ko‘ra, shirkat mulki kimoshdi savdosiga qo‘yilayotgan bo‘lsa-da, haridor aniqdir.

Janubiy Koreyaning eng yirik telekommunikatsiya shirkati hisoblangan KT Corporationdan bu iddaolar yuzasidan izoh olishning iloji bo‘lgani yo‘q. O‘zbekiston mutasaddi idoralari ham Ozodlikning bunga oid savollarini javobsiz qoldirdi.

O‘zbekiston hukumati moliyaviy qonunbuzarliklarda ayblab faoliyatini to‘xtatgan MTS shirkati o‘rniga Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan biridagi telekom shirkati kelishiga oid gap-so‘zlar shu yilning boshida paydo bo‘lgan edi.

Mart oyi o‘rtalarida O‘zbekiston Davlat aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosarligiga Janubiy Koreya fuqarosining tayinlanishi MTS o‘rnini koreys shirkatlaridan biri egallashi mumkin, degan taxminlarni kuchaytirdi.

Rasmiylar Janubiy Koreya Davlat boshqaruvi va xavfsizlik vazirining sobiq o‘rinbosari Kim Nam Sok O‘zbekistonda elektron hukumat tizimini joriy qilish ishlariga rahbarlik qilishini aytgan edi. Shuningdek, koreys fuqarosining vazir o‘rinbosari maqomidagi lavozimga tayinlanishi O‘zbekiston Prezident Islom Karimovning 2012 yil oktyabr oyida, ya‘ni MTS shirkati yopilishidan bir necha oy o‘tib, Janubiy Koreyaga qilgan safari davomida kelishilgani ham alohida ta‘kidlangan edi.

O‘zbekistonlik jurnalist, Uzmetronom Internet nashrining bosh muharriri Sergey Yejkov MTS yopilishidan keyin vujudga kelgan vaziyatda, uning o‘rnini bosadigan shirkat faqat sharqdan topilishi mumkin, deydi.

- Bu yerda bir uyum temir-tersak savdoga qo‘yilyapti. Hech qanday kompьter dasturlari yoki texnik qo‘llanmalari yo‘q. Bunaka ashqal-dashqal kimga xam kerak deysiz. Ammo eng asosiysi obro‘dir. Bu o‘rinni egallayman degan shirkat, istasa, istamasa, MTSdan qolgan obro‘ni ham sotib oladi. Xitoylik yoki koreyaliklar uchun esa, etik masalalar birinchi o‘rinda turmagan,- deydi jurnalist Yejkov.

Kimoshdi savdosi 1 iyul kuni Respublika mulk markazi qoshidagi “Ko‘chmas mulk savdo xizmati” MChJ tomonidan o‘tkazilishi aytilmoqda. Unda ishtirok etish uchun arizalar 28 iyungacha qabul qilinadi.

“Ko‘chmas mulk savdo xizmati”ning o‘zini tanishtirmagan vakili, Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, kimoshdi savdosi ochiq bo‘ladi va unda istagan jismoniy va yuridik shaxs ishtirok etishi mumkin, deya ta‘kidladi. Lekin suhbatdoshimiz MTSning qaysi mulki sotuvga qo‘yilayotganini ochiqlashdan bosh tortdi.

31 may kungi kerditorlar yig‘inda “O‘zdunrobita”ga qarshli mol-mulkning kimoshdi savdosidagi boshlang‘ich narhi 600 milliard so‘m (salkam 300 million AQSh dollari) qilib belgilashga qaror qilindi. Bunday katta narx belgilangani gap nafaqat ko‘chmas mulk, balki aloqa stantsiyalari va shu kabi boshqa texnika vositalari haqida ketayotganini anglatishi mumkin.

Mulkning yakuniy bahosi qancha bo‘lishini aytish qiyin, lekin o‘tgan yilning sentyabr-noyabr oylarida o‘tkazilgan sud mahkamalari MTS shirkatidan davlat foydasiga 600 million AQSh dollari miqdorida jarima undirish to‘g‘risida qaror chiqargan edi.

Faoliyati to‘xtatilguniga qadar O‘zbekistonning eng yirik mobil shirkati hisoblangan "O‘zdunrobita" o‘tgan yilning iyul oyida hukumat tomonidan yopilgan edi. Shirkatning to‘rt xodimi hibsga olinib, sentyabr oyidagi sudda jarima va ahloq-tuzatish ishlariga hukm qilingan edi. Kompaniyaning O‘zbekistondagi mulki hibsga olingan.

Aloqasi mamlakatning 94 foizini qamrab olgan "O‘zdunrobita" 9 milliondan ortiq abonentga xizmat ko‘rsatgan. Bu esa O‘zbekiston mobil aloqa bozorining 40 foizidan ortig‘ini tashkil qilgan.

“O‘zdunrobita” faoliyati to‘xtatilishi ortidan uning millionlab mijozi mamlakatda faoliyat yurituvchi boshqa shirkatlarga o‘tib ketdi.
XS
SM
MD
LG