Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:25

Suriyada halok bo‘lgan jihodchilar orasida bir o‘zbek ham bor


Syria -- A rebel fighter loads his machine gun during fightings with regime forces in the Sheikh Maqsoud neighborhood of Aleppo, 01Apr2013
Syria -- A rebel fighter loads his machine gun during fightings with regime forces in the Sheikh Maqsoud neighborhood of Aleppo, 01Apr2013
Suriyada prezident Bashar al-Assad armiyasiga qarshi janglarda halok bo‘lgan xalqaro jihodiy guruh vakillari orasida bir o‘zbekistonlik ham bor. Bu haqda Vashingtondagi Yaqin Sharq Instituti hamda Nyu Yorkdagi “Flashpoint Global Partners” tashkiloti e‘lon qilgan hisobotda bildirildi.

Har ikki tashkilot mutaxassislari o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Suriyada so‘nggi 11 oy ichida Assad rejimiga qarshi muxolif guruhlar tarkibida jang qilayotgan 280 nafar xorijlik janggari o‘ldirilgan.

Aksari Liviya, Saudiya Arabistoni, Tunis, Iordaniya, Livan, Falastin kabi mamlakatlar fuqarolari bo‘lgan bu janggarilar orasida bir o‘zbek fuqarosining ham halok bo‘lgani aniqlandi.

Hisobotda o‘zbek fuqarosining ismi, qachon va Suriyaning qaysi qismida halok bo‘lgani haqida ma‘lumot keltirilmagan.

Suriyada halok bo‘lgan xorijlik janggarilar orasida Checheniston, Dog‘iston, Ozarbayjon hamda Rossiyadan bo‘lgan postsovet o‘lkalari fuqarolarining ham borligi aytiladi.

Ularning yetti nafari Rossiya, bir nafari Ozarbayjon, besh nafari Checheniston va to‘rt nafarining Dog‘istondan ekani ma‘lum.

“Flashpoint Global Partners” tadqiqotchilariga ko‘ra, halok bo‘lganlarning aksari Al-Qoida terror tarmog‘i bilan aloqador “Jabhat an-Nusra” islomiy guruhi jangchilari bo‘lishgan.

Halok bo‘lganlar orasida o‘zbek fuqarosining ham borligi haqidagi xabar Pokiston va Afg‘onistonda faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston islomiy harakati mujohidlari Suriyada Assad rejimiga qarshi janglarda qatnashayotgani haqidagi iddaolarni kuchaytirdi.

Bir yil avval xalqaro jihodiy guruhlar saflarida bo‘lgan 40 dan ziyod o‘zbekistonlik janggarining Bashar al-Assad armiyasiga qarshi kurashayotgan isyonchilarga qo‘shilish uchun Suriya hududlariga o‘tgani xabar qilingan edi.

Britaniyada chiqadigan The Guardian gazetasi muxbiri Suriyaning Aleppo shahrida mukammal tayyorgarlikdan o‘tgan xorijlik janggarilar, jumladan o‘zbek va chechenlar janglarda qatnashayotganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani haqda yozgan edi.

Suriyaga Turkiya orqali o‘tgani ishonilayotgan bu janggarilarning aksari O‘zbekiston islomiy harakatidan ajralib chiqqan Islomiy jihod ittifoqi a‘zolari bo‘lishi mumkin.

2012 yilning avgust oyida O‘zbekiston islomiy harakati ham Suriyada Assad rejimiga qarshi jihodga qo‘shilayotgan ko‘ngillilar soni ortib borayotgani haqida o‘z sahifasi orqali bildirgandi.

Suriyada Assad rejimiga qarshi jang qilayotgan muxolif guruhlar o‘z saflarida Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan mujohidlarning borligini rad etishgan.

Turkiya rasmiylari ham o‘z hududi orqali xorijlik janggarilarning Suriyaga o‘tgani ehtimolini inkor etdi.
XS
SM
MD
LG