Линклар

logo-print

11 yoshli Muhammad oila boquvchisiga aylandi


KTK telekanali Muhammad Abdullayev haqida qilgan ko‘rsatuvidan so‘ng 11 yoshli bolakay taqdiri haqida ko‘plab maqolalar chop qilindi.

KTK telekanali Muhammad Abdullayev haqida qilgan ko‘rsatuvidan so‘ng 11 yoshli bolakay taqdiri haqida ko‘plab maqolalar chop qilindi.

Qozog‘istonning Ostona shahrida yashayotgan o‘zbekistonlik Abdullayevlar oilasi boshlig‘i Ikromjon aka o‘zbek hibsida bir yil davomida ushlab turilgan payti 11 yoshli Muhammad bozorga chiqib, pul topib, oilani iqtisodiy muammolar iskanjasidan qutqarib qoldi.


Tarozi yordamida oila boqqan bolakay


O‘tgan bir yil davomida 11 yoshli bolakay Muhammad oila yukini o‘z yelkasiga olib, ikki ukasi, singlisi va onasini boqdi.

Muhammad bir yil davomida yozning jaziramasiyu, qishning izg‘iriniga qaramay Ostona shahridagi "Artyom" bozoriga chiqib pul ishladi.

Surat markazida Muhammadning pul topishiga ko‘maklashgan tarozi. (KTK telekanalidan)

Surat markazida Muhammadning pul topishiga ko‘maklashgan tarozi. (KTK telekanalidan)

Muhammadning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, har kuni bozorga tarozi olib chiqib¸ odamlar vaznini o‘lchab kuniga 500 tangadan 1500 tanga (taxminan 3,5-10 AQSh dollari)gacha pul topgan.

- Papam (otam-tahr) ketgach tarozi bilan bozorga chiqdim. Ertalabdan kechgacha bozorda turdim. O‘rtada maktabga ham borib kelardim. Bozorga chiqqanim o‘qishimga xalaqit qilmadi. Kuniga 500-1500 tanga pul ishladim. Topgan pulimni mamam (onam-tahr)ga olib borardim. U produkta olardi. Tarozida o‘lchangan odamlar ko‘proq pul tashlab ketgan paytlari ham bo‘lardi, deydi Muhammad.

Muhammad ukalarining "detdom"ga berilmasligi uchun bozorga chiqdi

Bolakayning so‘zlariga ko‘ra, u bozorda turgan payti umuman ovqatlanmagan va topgan pulining bir tangasini ham sarflamasdan onasiga olib borgan.

"Agar ovqatga pul yetmay qolsa, onam meni va ukalarimni bolalar uyiga berib yuborishidan qo‘rqib, pulimning hammasini onamga olib borardim", deydi bolakay.

Muhammadning onasi Nazgul Iskendirova Ozodlik bilan suhbatda eri O‘zbekistonda qamoqqa olingach, iqtisodiy jihatdan qiynalgan payti farzandlarini bolalar uyiga topshirish rejasidan Muhammad tufayli voz kechganini aytadi.

Muhammad ukalarini bolalar uyiga berilmasligi uchun har kuni bozorga chiqib, pul ishladi. (Surat KTK telekanalidan)

Muhammad ukalarini bolalar uyiga berilmasligi uchun har kuni bozorga chiqib, pul ishladi. (Surat KTK telekanalidan)

- Erim O‘zbekistonga ketganda to‘rt bolam bilan qoldim. Kenja qizim 7 oylik edi. Kvartiraga pul to‘lay olmagan kunlarimiz bo‘ldi. Maktabda o‘qiydigan bolalarimni kun sovug‘ida oyoq kiyimiga ham pul topa olmadim. Shunday qiynalgach, katta o‘g‘lim Muhammadga "o‘g‘lim dadang kelguncha sizlarni detdomga berib turay. Men ishlab, pul topay. Keyin sizlarni detdomdan qaytarib olaman", dedim. Shunda o‘g‘lim yig‘lab, "Yo‘q, ona bizni detdomga bermang. O‘zim ishlab pul topaman. Dadam keladi, uni kutamiz", dedi bolam bechora, deydi Nazgul Iskendirova (yig‘laydi).


O‘zbek qamog‘idan qaytgan ota


Muhammadning otasi Ikromjon Abdullayev Ostonada pasportini o‘g‘irlatib qo‘ygach, O‘zbekistonga yangi pasport olish uchun ketgan payti o‘zbek chegarachilari tomonidan qo‘lga olingan.

Asli Namanganning Uchqo‘rg‘on shahridan bo‘lgan 44 yoshli Ikromjon Abdullayevning Ozodlikka aytishicha, uni O‘zbekiston chegarasidan noqonuniy o‘tganlikda ayblab, bir yillik shartli jazo berishgan.

Rasmiy Toshkentning so‘nggi amnistiyasi tufayli avf qilinib, yaqinda Ostonaga qaytgan Ikromjon Abdullayev o‘g‘lining qilgan ishini jasorat, deb hisoblaydi:

- Otasining o‘g‘lida bu. Molodets o‘g‘lim. Doimo uni yonimda olib yurardim. Biror kamchilik bo‘lsa darrov ahvolimni so‘rardi. Novvoyman. Non tarqatgan paytlarim kelib, "charchab qoldingizmi, men tarqataymi", deb so‘rardi. Juda epchil, chaqqon bola. Molodets, otasining yo‘qligini bildirmasdan, ukalarini boqdi, deydi Ikromjon Abdullayev.

Kasbi novvoylik bo‘lgan Ikromjon aka Qaziqurt, Chimkent shaharlarida novvoylik qilgach, 1997 yil Ostonaga kelib, qozoq qizi Nazgul bilan tanishib, turmush qurgan.


Muhammad kelajakda boks chempioni bo‘lmoqchi


Muhammad otasi O‘zbekistonga ketishidan avval Ostonadagi "Duman" sport maktabiga qatnab, boks sirlarini o‘rganishni boshlagan.

Musobaqalarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni ham olgan Muhammad otasi qamoqqa tushgach, sport maktabiga to‘lashga pul yo‘qligidan boksga qatnamay qo‘ydi.

Ikromjon aka o‘g‘lini yana boks bilan shug‘ullanishiga imkoniyat yaratishga va‘da qiladi.

Muhammadning o‘zi esa kelajakda professional bokschi bo‘lishni orzu qilishini aytadi:

- Olloh xohlasa, bokschi bo‘laman, deydi 11 yoshli bolakay.

Nazgul Iskendirova ham o‘g‘lining chempion bo‘lishiga ishonadi:

- Muhammad - o‘zbek o‘g‘loni. Hali millatdoshingiz chempion bo‘lganidan sizlar ham faxrlanasizlar, deydi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Nazgul Iskandarova.


KTK mashhur qilgan bolakay


Qozog‘istonning KTK telekanali Muhammadning bir yil davomida bozorda pul topib, oilasini boqqani haqida qilgan ko‘rsatuvidan keyin Qozog‘iston matbuotida Muhammad haqida juda ko‘plab maqolalar chop etildi.

Qozog‘iston qonunlariga ko‘ra, farzandini mehnatga jalb qilgan ota-onalar jarimaga tortilishi lozim.

Lekin Ostonadagi Bolalarni himoya qilish departamenti ko‘p bolali Abdullayevlar himoyasiga chiqib, oilaga jarima emas, yordam berishga qaror qilgan.

Hozirda Ikromjon Abdullayev Ostonadagi kafelardan biriga ishga joylashayapti. Uning rafiqasi Nazgul Iskendirova esa kuni-kecha shahardagi shifoxonalardan biriga sanitar bo‘lib, ishga kirgan.

Maqola saytga tayyorlanayotgan payt Abdullayevlar oilasidan so‘nggi yangilik keldi: Ostonadagi Bolalarni himoya qilish departamenti ko‘magida Muhammad 7 iyundan boshlab boks maktabiga qatnay boshlaydi.
XS
SM
MD
LG