Линклар

Шошилинч хабар
27 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:05

Qarshilik pensionerlar nega pensiya ola olmayapti?


Qarshilik pensionerlar uch oydan buyon pensiya ololmayapti. Har zamon pochtaga keltiriladigan bir tutam pensiya 5-6 kishidan ortmayapti. Pochta eshigida kunu-tun qorovullik qilayotgan pensionerlar tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib uyiga qaytmoqda.

Qarshilik pensionerlar so‘nggi pensiyasini bundan uch oy muqaddam, mart oyida olishgan edi.

Bu haqda ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan qarshilik birinchi guruh nogironiga ko‘ra, faqat pensiyaga yashaydigan odamlar juda og‘ir ahvolga tushib qoldi:

- Mana iyun boshlandi. Hali aprel, may oylari turibdi. Birinchi guruh nogironiman, ko‘zim ojiz. Ikki nafar voyaga yetmagan bolam bor. Uch oydan buyon qiynalib ketdik. Tanish do‘konlardan qarzga oziq-ovqat olyapmiz. Pensiyamiz chiqsa qarzni yopamiz. Markaziy Bankning ishonch telefoniga qirq marta telefon ham qildik. Lekin aniq javob aytishmaydi, “ha chiqadi, ha beradi”, deyishdan nariga o‘tishmaydi, dedi birinchi guruh nogironi.

Qarshi shahrida istiqomat qiladigan 32 yoshli Gulsara ham nogiron bolasiga nafaqa pulini uch oydan buyon ololmayotganidan shikoyat qildi:

- Aprel oyidan buyon hech narsa yo‘q. Pochtalondan so‘rasak, “bankka borsam, bir yarim-ikki million so‘m pul beryapti, xolos. Buni men 3-4 odamga tarqatyapman xolos”, deyapti. Hech kim buni sababini ochiq aytolmayapti, dedi Gulsara.

Ozodlik suhbatlashgan qarshilik Ziyodillo boboning aytishicha, qariyalar hozir pochta eshigida sahardan shomgacha qorovullik qilishadi:

- Pochtalarni oldida urho-ur. Pochtaga kirib ham bo‘lmaydi, borib ham bo‘lmaydi. Ozgina pul kelsa hammaga ham yetmaydida, shunga janjal, vag‘ur-vug‘ur bo‘ladi. Qariyalarimiz qiynalib ketdi. Davlatga 40-50 yil ishlab bergan qariyalar bugun sarson, o‘z pensiyasini ololmaydi. Men ham davlatga 50 yil ishlab berganman. Nahotki qarigan chog‘imizda endi shunday azob berishsa, dedi Ziyodillo bobo.

Ozodlik bu muammoning sabablarini o‘rganish maqsadiga avval Qarshi shahar pensiya jamg‘armasi bilan bog‘landi. Jamg‘arma boshlig‘i Mavluda Xudoyqulovaning aytishicha, pensiya va nafaqalar to‘la pochtaga o‘tkazib berilgan:

- Biz oyni boshida pochtaga pensiya va nafaqlarni moliyalashtirib ham berganmiz, vedomostini ham berganmiz. Hozir faqat aprel uchun to‘lov ketyapti. Pochta to‘lovi hali 50 foiz ham bo‘lgani yo‘q. Pulning nega yetmayotganligini pochta boshlig‘idan so‘rang, dedi Qarshi Shahar pensiya jamg‘armasi boshlig‘i Mavluda Xudoyqulova.

Ozodlik Qarshi shahar pochtasi boshlig‘i Normurod Arziqulov bilan bog‘landi. Uning aytishicha, pensiyalarning berilmayotganiga Asakabankning Qarshi shahar filiali aybdor:

- Pensiya jamg‘armasi tomonidan 4 milliard 495 million so‘m pul moliyalashtirilib, vedomost berilgan. Asakabankka shuncha pulga talabnoma berilgan. Lekin bugungi kungacha 2 milliard 461 million so‘m oldik. Asakabank qolgan pulni berolmayapti. Naqd pul yo‘q deydi. Biz bankka 22 may kuni to‘lovlar kechikib ketayotganligi haqida xat ham chiqargan edik, lekin ijobiy hal bo‘lmadi. Bugungi chislo bilan aprel oyining to‘lovlari kechikib ketyapti, deb yana xat chiqardik, dedi Qarshi shahar pochtasi boshlig‘i Normurod Arziqulov.

Asakabankning Qarshi shahar filiali boshlig‘i Nurbek Boymurodov esa Ozodlik bilan suhbatda, pensiya pullari ta‘minotida uzilishlar bo‘layotganini keskin rad etdi:

- Muammo yo‘q, 100 foiz pul berilyapti, pensiyada hech qanday muammo bo‘lgan yo‘q. Bizda naqd pulda muammoning o‘zi yo‘q, mana bugun ham juda katta summa olishadi, dedi Asakabankning Qarshi shahar filiali boshlig‘i Nurbek Boymurodov.

O‘zbekistonda pensiyalarning ikki-uch oy kechiktirilib berilishi boshqa viloyatlarda ham kuzatiladi. O‘zbekiston Markaziy Banki mulozimi Ozodlik bilan suhbatda pensiya to‘lovlarida naqd pul muammosi yo‘qligi haqida gapirgan edi.
XS
SM
MD
LG