Линклар

logo-print
Xalqaro futbol uyushmalari federatsiyasi - FIFA e‘lon qilgan milliy terma jamoalar iyun oygi reytingida O‘zbekiston 8 pog'ona yuqorilab, dunyo bo'yicha 58-o'ringa ko'tarilib oldi.

Osiyo mamlakatlari reytingida ham O'zbekiston bir pog'ona yuqoriladi va ayni damda to'rtinchi o'rinni egallab turibdi.

Mintaqada peshqadamlik maxkam ushlab kelayotgan Yaponiya bu safar ham Osiyoning birinchisi bo'ldi. Ikkinchi o'rinni Janubiy Koreya, uchinchi o'rinni esa Avstraliya egallagan.

FIFAning jahon reytingi birinchi uchtaligida o'zgarishlar bo'lgani yo'q - birinchi Ispaniya, ikkinchi Germaniya va uchinchi Argentina terma jamoalari.

Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida O‘zbekiston dadillik bilan birinchilikni saqlab qolmoqda. Qo'shni mamlakatlarga FIFA reytingi birinchi yuztaligiga kirish nasib etmadi - Tojikiston 112, Turkmaniston 132, Qirg'iziston 143, Qozog'iston 146-o'rinda.

O‘zbekistonning FIFA reytinggida egallagan eng yuqori pog‘onasi 2006 yil noyabr oyiga to‘g‘ri keladi. Unda terma jamoamiz jahon reytingida 45-o‘rinni olgan edi.

FIFA reytingi har oyda yangilanib turiladi.

Eslatamiz, 6 iyun kuni safarda Xitoy terma jamoasiga qarshi o'tgan o'rtoqlik uchrashuvida g'alaba qozongan O'zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreya termasiga qarshi o'yinda ishtirok etish uchun bugun Seulga yo'l olgan.

2014 yili Braziliyada o'tadigan Jahon chempionati saralash bosqichi doirasidagi o'yin Seulda 11 iyun kuni bo'lib otadi.
XS
SM
MD
LG