Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:11

"O‘zbekiston havo yo‘llari" ham dollarga o‘tmoqda


“O‘zbekiston havo yo‘llari” mahalliy aholiga ham aviachiptalarni valyutada sotishni rejalashtirmoqda. Bir-biridan mustaqil ikki manbadan olingan xabarga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistondan tashqariga uchadigan rezidentlar 1 iyuldan boshlab AQSh dollarida aviachipta xarid qilishlari haqida hujjat tayyorlanmoqda.

1 iyuldan boshlab "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi mamlakatdan tashqariga uchadigan o‘zbekistonlik yo‘lovchilarga AQSh dollarida chipta sotishni rejalashtirmoqda.

Bu haqda xabar bergan Uzmetronom Internet gazetasiga ko‘ra, "O‘zbekiston havo yo‘llari" samolyotlariga o‘zbek so‘mida chipta xarid qilish 2-jahon urush faxriylari,1 va 2- guruh nogironlar, xizmat safariga chiqqan yo‘lovchilar va yaqinlarining dafn marosimiga boradigan shaxslar uchun saqlanib qoladi. Qolgan yo‘lovchilarning hammasi faqat AQSh dollarida chipta sotib olishga majburdirlar.

Toshkentda istiqomat qiladigan Ozodlik manbasi "O‘zbekiston havo yo‘llari" kompaniyasida ishlaydigan mulozim gapiga tayanib bunday hujjatning hozirlanganini xabar qildi:

- "Havo yo‘llari"da ishlaydigan tanishimning aniq aytishicha, shu kompaniyadan xalqaro avialiniyalar bo‘yicha uchadigan o‘zbekistonlik yo‘lovchilar uchun ham dollarda bilet xarid qilish yo‘lga qo‘yilayotgan ekan. Hozir ana shu xususda maxsus hujjat tayyorlanyapti ekan. Faqat hozir bitta problema bor ekan. Ya‘ni agar chiptani yo‘lovchi qaytarsa, vozvratni so‘mda to‘lash kerakmi yoki dollarda, shu xususda ishlashayotgan ekan, dedi Ozodlik manbasi.

Ozodlik muxbiri bu yangilikka izoh olish maqsadida "O‘zbekiston havo yo‘llari" kompaniyasi bilan bog‘landi. Kompaniyaning chiptalar va tariflar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan xodimi Ozodlik bilan suhbatda bunday gaplardan xabari yo‘qligini aytdi:

- Bizda hozircha bunday gap yo‘q. Aslida¸ agar siz 1 iyuldan deb aytayotgan bo‘lsangiz, shunday bo‘lgan taqdirda ham bizga bu xabar bir kun oldin aytiladi. Hozir kompaniya o‘zbekistonlik rezidentlarga faqat so‘mda chipta sotmoqda, dedi "O‘zbekiston havo yo‘llari" kompaniyasining chiptalar va tariflar bo‘limi xodimi.

Uzmetronomga ko‘ra, O‘zbekiston havo yo‘llarining bunday choralar ko‘rishiga hukumatning valyuta xazinasi xaroblashib qolgani va mamlakatga investitsiyalar kirib kelishining sustlashuvi bog‘liq.

O‘zbekiston havo yo‘llari yaqinda uchta A-310 va uchta RJ-85 samolyotlarini sotuvga qo‘ygani haqida xabar qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 aprelidan boshlab, "O‘zbekiston havo yo‘llari" kompaniyasidan boshqa barcha xorijiy kompaniyalar samolyotlariga aviachiptalarni valyutada sotish tartibi joriy qilingan edi.
XS
SM
MD
LG