Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:00

WhatsApp - turkiyalik namoyishchilarning kurash vositasi


Istanbulning Taqsim maydonidagi namoyishchilar o‘zaro ma‘lumot almashish va o‘z xabarlarini Internet orqali tarqatishda Twitter va Facebook ijtimoiy tarmoqlarini ishlatish barobarida keyingi paytda ommalashayotgan WhatsAppdan ham keng foydalanmoqda.

Turiyalik namoyishchilarning aytishicha, WhatsApp namoyishchilar harakatini tashkillashtirish jarayonida eng samarali vosita hisoblanmoqda.

3G yoki Wi-Fi yordamida WhatsApp orqali cheklanmagan miqdorda yozishmalar qilish imkoni namoyishchilarga qo‘l kelmoqda.

Namoyishchilarga ko‘ra, WhatsApp yordamida ular o‘z guruhlarida maxfiy ma‘lumotlarni o‘zaro almashish imkoniga ega bo‘layapti.

Ushbu ijtimoiy tarmoq orqali matnli ma‘lumotlardan tashqari audio, video va fotolar almashish imkoni mavjudligi bois ham namoyishchilar orasida WhatsApp ommalashmoqda.

Turkiyada 31 maydan buyon davom etayotgan namoyishlar davomida WhatsApp orqali ma‘lumot almashish boshqa ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan xavfsizroq hisoblanmoqda.

Ayniqsa chorshanba kuni Izmirda 25 kishining ijtimoiy tarmoqlar orqali "tuhmat" ma‘lumotlar tarqatganlik aybi bilan hibsga olinishi va Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyip Erdo‘g‘onning joriy haftada Twitter tarmog‘ini "jamiyat uchun xavfli" deya ta‘kidlaganidan so‘ng WhatsApp norozilarning asosiy kurash vositasiga aylandi.

23 yoshli Chig‘atoy Nuho‘g‘li Taqsim maydonida namoyishchilarga nisbatan ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llangach, namoyishchilarga tibbiy yordam beruvchi ko‘ngilli shifokorlar safiga qo‘shildi.

Talaba yigit Chig‘atoyning aytishicha, Twitter orqali turli soxta ma‘lumotlar tarqalayotgan paytda WhatsApp ularga namoyishchilar bilan aniq ma‘lumot almashish vositasi sifatida ko‘mak berayapti:

- Juda ko‘plab yolg‘on ma‘lumotlar tarqatilayapti va biz haqiqiy do‘stlarimiz hamda aniq ma‘lumot almashish uchun WhatsAppdagi guruhimizdan foydalanamiz, deydi Chig‘atoy Nuho‘g‘li.

Mahalliy blogger va ijtimoiy media bo‘yicha ekspert Arzu G‘aybulla WhatsApp hali Twitter va Facebook darajasiga yetmagan deb hisoblaydi. Lekin ekspert xonim fikricha, WhatsApp orqali alohida guruhlar o‘rtasida ma‘lumot tarqatish imkoniyati ahamiyatlidir.

Istanbuldagi "Hurriyat" gazetasi muxbiri Yerdem Gunashga ko‘ra, WhatsApp tarmog‘idagi guruhidan namoyish borasida aniq ma‘lumot olish manbai sifatida foydalanmoqda.

2009 yilda yo‘lga qo‘yilgan WhatsApp ilovasini 1 AQSh dollariga xarid qilish mumkin.

Dunyoning turli burchaklarida bo‘lib o‘tayotgan namoyishlar payti Twitter va Facebook ijtimoiy tarmoqlari norozilarning asosiy kurash vositalaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.


PS. Ozodlik radiosi ham allaqachon WhatsApp da.

+420 724 971 539

XS
SM
MD
LG