Линклар

logo-print

Bir guruh gavdali-gavdali chegarachilar qo‘lida kichkina kompyuteri bilan kirib, tekshirishni boshladi. Ularni Rossiyaning qizil pasportiyam, Ukrainaning ko‘k pasportiyu qozoqlarning havorang pasporti ham qiziqtirmaydi. Ularga ortiqcha so‘roq-savolsiz shtamp urib ketaveradi. Yashil pasport egalari bilan boshqacharoq gaplashiladi. Endi bu yerda "juz rubl" ketmaydi. Mingsiz ish bitishi qiyinroq...

O‘zini O‘zbek Turist deb tanishtirgan tinglovchimiz WhatsApp dasturi orqali yozib jo‘natgan yo‘lnomasi - Shig‘ar juz rubl-1 va Shig‘ar juz rubl-2 hikoyalari bilan may oyida tanishgan edingiz. Texnik muammolar tufayli bu tinglovchi biz bilan bir muddat bog‘lana olmagan ekan. O‘z manziliga yetib olgach, u hikoyaning davomini Ozodlikka jo‘natishga muvaffaq bo‘ldi.

O‘zbek Turist o‘z smartfon hikoyasida bu gal o‘zbek mehnat muhojirlarining Rossiya va Ukraina chegaralarida duch kelgan hodisalarini bayon qiladi

***

Salom, Ozodlik. Turist yana aloqada.

Xullas, poyezdimiz yulida davom etyapti. Biz ham amal-taqal qilib, qozoq chegarachilarining ko‘nglini oldik. Borlar pul berishdi. Puli yo‘qlar - kim mayiz, kim turshak, qurut, bir-ikki pachka ko‘k choy, yana biri bankada yarimlab qolgan qovurdoq deganday - bergisi kelmasayam berishdi.

Bu azamatlar ham tortinib o‘tirishmas ekan - nima bo‘lsa olib, cho‘ntaklariga, sig‘maganni qo‘yinlariga tiqib, xursand bo‘lib, tushib ketishdi. Biz yarim soatcha yurib, yarim tunda Rossiya chegarasiga yetib keldik. Bu chegarada aytarli hech bir hodisa sodir bo‘lmadi, dehqonobodlik bir yigitni tushirib, qaytarvorganini hisobga olmaganda (to‘lanmay qolib ketgan shtrafi borlarni Rossiya qaytib kirgizmaydi, qaytarvoradi chegaradan).

Rossiya

O‘zbeklarimiz manzillariga yetib, bitta-bitta yo guruh-guruh bo‘lib tushib qolyapti. Tushgan joyida har vagonning oldida kutib oluvchisidan ham oldin jonsarak melisalar (yoki zamonaviy qilib aytganda politsiyachilar) kutib olishadi.

Ular orasida taxminan shunday suhbat bo‘lib o‘tadi:

Melisa: Bilet.
Muhojir yo‘lovchi: Marhamat, mana biletim.
Melisa: Pasport.
Muhojir yo‘lovchi: Mana pasport, mana migratsionka. Mana yangi pasportligi uchun perevodi.
Melisa: Nima maqsadda kelding?
Muhojir yo‘lovchi: Ishlashga (ammamning o‘g‘lini ko‘rgani kelamanmi bo‘lmasam?!).

Melisa oxirgi, "rokovoy xod"ini ishga soladi. U: “A u vas yest priglasheniye na rabotu ot rabotadatelya?” deb so‘raydi (so‘ragan narsasini shuncha yil melisada ishlab, o‘ziyam bilmaydi qanaqa bo‘lishini).

Ana!!! Bu yog‘i endi qozoqchasiga "shig‘ar juz rubl!"

Shunaqa tomoshalar bilan yo‘lda davom etamiz.

Yo‘l-yo‘lakay shu yerlarda ishlaydigan o‘zbeklar chiqishadi: kim nos so‘rab chiqadi, kim ko‘k choy, guruch so‘rab, hatto “tandirda yopilgan uy noni bormi, yaxshi pul beramiz”, deganlariyam bor.

Rossiyadan chiqishga 2-3 soat qolganda bir stantsiyada 4 yigit keldi. Uchtasining milliy libosidan (sariq kamzulidan) bildimki, yo dokumenti yo‘q, yoki bir ishkali bor. To‘rtinchisi qolgan uchtasini kuzatib, vagonga opchiqib qo‘yib, qaytib ketdi. Uchchovining bittadan salafan paketdan boshqa yuki yo‘q. Paketda nima borligini ko‘rmasam ham bilaman: bitta baton non, bir baklashka suv, uchta doshirak (balkim to‘rttadir), lekin boshka narsa yo‘q. Bular kim? 23-26 yoshlardagi bu yigitlar Andijonning Jalolquduq degan joyidan ekan. "Kirdi-chiqdi"ga ketishyapti.

Ko‘pchilik bilsayam, izoh berib ketaman. Rossiya qonuniga ko‘ra, migrantlar 90 kunda chiqib ketishi kerak Rossiyadan. Bo‘lmasa, shtraf yoki deportatsiya. “Unda qanday yillab ishlayapti?” desangiz, xuddi mana shunaqa "kirdi-chiqdi" qilinadi har uch oyda. Bunda o‘zbek poyezdga chiqadi, boya aytganimdek, bitta salafan bilan. Rossiyadan chiqadi, Ukrainaga kiradi. Yana shu poyezdning o‘zida Ukrainadan chiqib, Rossiyaga kiradi yangi migratsionka, pasportda yangi pechat bilan. Keyin yana uch oy bemalol ishlayveradi.

Bu Ukrainaga yaqin joylarda ishlaydiganlar. Qozog‘istonga kirib-chiqadiganlar ham bor. Bunga o‘rtacha bilet-miletlari bilan 100 dollardan 200 dollargacha pul ketadi.

Bundan arzon yo‘liyam bor. Besh-olti yuz rublga Ukraina, Rossiyaning qalbaki pechatini bosib, soxta pechatli migratsionkani qo‘lingizga beradi. Ham arzon, ham tez. Ko‘pchilik shunaqayam qilib yuradi. Lekin xavfli tomoni bor, qalbaki pechat bilan qo‘lga tushib qolsangiz, oqibati yaxshi bulmaydi, o‘zimning boshimdan o‘tgan. Qalbakiligini ko‘chada to‘sib tekshiradigan melisa bilmaydi. Lekin uyga ketayotganda chegarachi biladi. Insoflirog‘i indamay chiqarvoradi. Yomonrog‘iga tushib qolsangiz, yo pulingizni oladi, yo shtrafga tortadi. Pul olgani yaxshi. Jarima solib qo‘ysa, uyga ketayotgan odam tushib qolib, yugurib borib, bankka pul to‘lab kelmaydi-ku. Qo‘lida kvitantsiyasi bilan ketaveradi. Keyin kelganda, kechagi dehqonobodlik bolaga o‘xshab, chegaradan o‘tolmay, qaytib ketadi.

Rossiyadan chiqish chegarasida ko‘pchilik tushib ketdi. Vagonda hammasi bo‘lib, 15-17 tacha odam qoldi Ukrainaga ketadigan.

Ukraina

Rossiyadan chiqib, birpasda Ukrainaga kirdik. Bu yerning chegarachilari poyezdga chiqib, keyingi stantsiyagacha tekshirib ketaverar ekan. Keyingi stantsiyada tushib qolishadi. Ko‘ziga yoqmagan yulovchilarniyam shu yerda tushirib, Rossiyaga qaytarvorishadi.

Mana, biz ketayotgan vagongayam navbat keldi. Bir guruh gavdali-gavdali chegarachilar qo‘lida kichkina kompyuteri bilan kirib, tekshirishni boshladi.

Ularni Rossiyaning qizil pasportiyam, Ukrainaning ko‘k pasportiyu qozoqlarning havorang pasporti ham qiziqtirmaydi. Ular ortiqcha so‘roq-savolsiz shtamp urib ketaveradi. Yashil pasport egalari bilan boshqacharoq gaplashiladi. Endi bu yerda "juz rubl" ketmaydi. Mingsiz ish bitishi qiyinroq. O‘zlarini har xil qonunlarini pesh qilishadi. Guyo Ukrainadan chiqib ketgandan keyin bu mamlakatga 90 kun o‘tmasdan kirish mumkinmasmish.

Yoki mana bunday suhbat bo‘lib o‘tadi ular bilan:

Chegarachi: Kimnikiga ketyapsan?
Yashil pasport egasi: Falonchinikiga.
Chegarachi: Falonchi Ukraina grajdanimi? Telefon nomeri bormi? Seni kelishingni biladimi? Hozir telefon qilib, so‘rab ko‘ramiz rost yo yolg‘on gapirganingni.

Yoki:

Chegarachi: Necha kunga kelyapsan Ukrainaga?
Yashil pasport egasi: Faloncha kunga.
Chegarachi: Har bir mehmonni kunlik ehtiyoji faloncha griven, demak, falon kunga ko‘paytirsak, faloncha griven bo‘ladi. Senda bormi shuncha pul? Yo‘qmi, demak, Ukrainagayam yo‘l yo‘q.

Xullas, shunga o‘xshash jinni-ketti prinsiplar. Kirdi-chiqdiga kelayotganlarni darrov bilishadi. Jalolquduqlik bolalarniyam pasportini olib, cho‘ntagiga solvoldi. Rosa u yoqdan bu yoqqa sudrab yurib, uchchoviga ikki ming rublga pechat qo‘yib berdi. Pulini olgani yetmagandek, haligi yigitlardan birining kallasi kattaroq ekan - o‘rtaga olishib, to‘rt kishi rosa masxara qilishdi.

Ular o‘tib ketishi bilan tamojnyachilar kirib, hammaning sumkasini tit-pit qilishni boshladi. “U mumkinmas Ukrainaga, bu mumkinmas”. Qo‘qonlik savdogar opalar bor ekan qo‘shni vagonda, ularniyam bizning vagonga chaqirib, ancha pulini olishdi “mumkinmas”ligini pesh qilib.

Ukrainada ishlayotgan o‘zbeklar Rossiyadagi o‘zbeklardan ancha farq qiladi. Ukrainada o‘zbek muhojirlarimizning ko‘pi tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Bozorda “tochka”si bor, zapchast magazini bor, mashina tuzatadigan ustaxonasi bor.

Oshxonasi, restorani bor o‘zbeklaram yo‘q emas. Qurilishlarda, qora ishlarda o‘zbek kam. O‘zimning shaxsiy xulosam - Ukraina chegarasidagi stavkalarni ham o‘zimiz ko‘tarib yubordik shekilli, aytgan pulini beraverib. Aytuvdim-ku, Ukraina chegarachisining oldida qozoq askari o‘n baravar arzon so‘raydi, deb.

Hikoyam tamom. Voqealar hammasi rost, hammasi real. Ishingizga rivoj tilab,

O‘zbek Turist.

R.S. Ukrainaning melisalari haqida yozish esimdan chiqibdi. Ular haqida keyinroq hikoya qilib berarman.


Ozodlikdan: Tinglovchimiz O‘zbek Turistning smartfondagi Whats App dasturi orqali yozib jo‘natgan hikoyasi poyoniga yetdi.

Ozodlikning WhatsAppi:

(WhatsApp +420 724 971 539)

Siz ham biz bilan aloqaga chiqing!
XS
SM
MD
LG