Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:31

Turkiyadagi noroziliklariga futbol ishqibozlari ham qo‘shildi


Turkiya Bosh vaziri yetakchiligidagi partiya namoyishchilarning muddatidan oldin saylov o‘tkazish talabini rad qildi. Ayni paytda Istanbulning uchta mashhur futbol jamoasi ishqibozlari norozilar safiga qo‘shildi.

Turkiya Bosh vaziri yetakchiligidagi partiya namoyishchilarning muddatidan oldin saylov o‘tkazish talabini rad qildi. Ayni paytda Istanbulning uchta mashhur futbol jamoasi ishqibozlari norozilar safiga qo‘shildi.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning Adolat va taraqqiyot partiyasi namoyishchilarning muddatidan avval saylov o‘tkazish talabini bajarishdan bosh tortdi.

Partiya o‘n minglab odam ishtirok etayotgan hukumatga qarshi norozilik namoyishlari darhol to‘xtatilishini talab qildi.

Adolat va taraqqiyot partiyasi vakillari mahalliy va prezidentlik saylovlari, rejada belgilanganidek, 2014 yilda, umumiy saylovlar esa 2015 yilda o‘tkazilishini ta‘kidladi.

Ayni paytda Turkiyada hukumatga qarshi namoyishlar yakshanba kuni ham davom etdi.

8 iyun kuni kechqurun Istanbulning Taqsim maydoniga yig‘ilgan minglab namoyishchilar safiga Beshiktosh, Galatasaroy va Fenerbahche futbol jamoalarining minglab ishqibozlari ham qo‘shildi.

Uchta mashhur futbol jamoasi ishqibozlari birgalikda yurish o‘tkazib, Bosh vazirni iste‘foga chiqishga chaqirdi.

Turkiyadagi voqealarni Istanbul shahrida turib kuzatayotgan Ozodlik muxbiri Glenn Keytsga ko‘ra, uzoq yillar davomida bir-biriga ashaddiy raqib bo‘lib kelgan Beshiktosh va Fenerbahche futbol jamoalarining ishqibozlari hozirda mushtarak maqsad yo‘lida birlashgan.

24 yoshli Said Buraq futbol ishqibozlarining namoyishga qo‘shilgani sabablari to‘g‘risida Ozodlikka quyidagilarni aytdi.

- Biz Turkiyani diktatorlik va huquqlarimiz cheklangan davlat, deb o‘ylaymiz. Turkiya kelajakda erkinroq davlat bo‘lishi uchun futbol jamoalari ishqibozlari o‘zaro kelishmovchilikni bir chekkaga surib qo‘ydik va hammamiz birgalikda nimadir qilishga urinyapmiz, - dedi Beshiktosh jamoasi ishqibozi Said Buraq.

Kundalik "Hurriyat" nashrining sport bo‘yicha muharriri Chetin Yilmazning Ozodlikka aytishicha, norozilik aktsiyalari boshlanguniga qadar Turkiya futbolida muhit eng quyi darajaga tushgan va yaqin fursatda yaxshilanish belgilari kuzatilmagan.

Unga ko‘ra, 31 may kuni politsiya namoyishchilarni kuch bilan tarqatib yuborgani haqida xabarlar tarqalganidan so‘ng uchta futbol jamoasi fan-klublari ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashini e‘lon qilib, o‘zaro birlashgan.

Taqsim maydonidagi namoyishda qatnashayotgan Galatasaroy jamoasi ashaddiy ishqibozi Namiq Kamol Bora Go‘muller o‘g‘li Ozodlikka uchta jamoa ishqibozlari birlashganidan g‘ururlanishini aytdi.

- Men hamma jamoalar asosiy mushtarak g‘oya yo‘lida birlashganini hech qachon ko‘rmaganman. Biz o‘z huquqlarimizdan mosuvo bo‘lyapmiz va bu haqda hatto balandroq ovozda gapirish imkoniyatiga ega emasmiz, - dedi Galatasaroy futbol jamoasi ishqibozi.

Ozodlik muxbiri bilan so‘zlashgan turli futbol jamoalarining ishqibozlari Adolat va taraqqiyot partiyasi yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Mustafo Kamol Otaturk asos solgan Turkiyaning dunyoviyligiga tajovuz qildi, degan fikrda ekanligini aytgan.

Ayni paytda norozilik namoyishiga qo‘shilgan Fenerbahche futbol jamoasining bir guruh ishqibozlari milliatchilik shiorlarini aytib, Bosh vazir Erdo‘g‘onni ayirmachi Kurdiston ishchilar partiyasi bilan tinchlik kelishuviga erishishga uringanlikda ayblagan.

Ular “Turkiya - turklar uchun” kabi shiorlarni aytib baqirishgan.

Uchta futbol jamoasi ishqibozlari Ozodlikka, siyosiy motivlar qanday bo‘lishidan qat‘iy nazar, yangi birodarlik ruhi paydo bo‘lganidan mamnun ekanlarini aytishgan.
XS
SM
MD
LG