Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:10

G‘uzorliklarga oqar suv sotilayapti


Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani markazida yashovchi aholi tomorqasini bir marta sug‘orish uchun “mirob”larga besh ming so‘m to‘lashga majbur bo‘layapti.


“Oqar suvni sotishayapti”


Bir guruh g‘uzorliklar Ozodlikka yo‘llagan maktubda “sug‘oradigan suv to‘rt yildan buyon Akbar Po‘latov ismli shaxs qo‘liga o‘tgani va pullik bo‘lgani” aytiladi.

Ozodlik maktubda keltirilgan holatni o‘rganish uchun G‘uzor tuman markazida yashovchi fuqarolar bilan bog‘landi.

O‘zini tanishtirmagan g‘uzorlik ayolning aytishicha, bir oyda ikki marta tomorqasini sug‘oradi va buning uchun 10 ming so‘m to‘laydi.

- Har bir ko‘chada bittadan mirob bor. Ular katta ariqdan mahalla ariqlariga suv olib keladi. O‘sha miroblarga hovlimizni bir marta sug‘organimiz uchun besh ming so‘m to‘laymiz. Miroblar ham aytadi, o‘sha Akbar- suvni kattasi bo‘lsa, o‘shanga beramiz, deyishadi. Undan suv olib kelishar ekan. U kishi katta ariqning egasi,- deydi g‘uzorlik ayol.

Suhbatlashganimiz, g‘uzorlik erkak ham o‘zini oshkor qilmaslik sharti bilan aytishicha, aholi suv sotilayotgani bo‘yicha shikoyat qilishga qo‘rqadi.

- Akbar Po‘latov bepul suvni pullik qildi. Hozir har bir fuqaro hovlisini bir marta sug‘orish uchun besh ming so‘m pul to‘laydi. To‘lamasa suv berilmaydi. Hech yerga shikoyat qila olmaydi xalq. Tasavvur qiling, yoz kunlari ekinlarni bir oyda 4-5 marta sug‘oriladi. Hisoblab chiqilganda hamma mahalladan tushadigan pul bir oyda 85 million so‘m bo‘ladi,- deydi g‘uzorlik erkak.

G‘uzorliklar "mirob"lardan suv narxini arzonlatish bo‘yicha qilgan iltimoslariga ham qoniqarsiz javob olgan.

- Bu yil yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ldi. Qo‘shnilarimiz bilan domkomga chiqdik. Domkomlar “2-3 ming so‘m qilib bersin, borib aytinglar”, dedi. Biz borib miroblarga aytgandik. Ular “Olsanglar shu, bo‘lmasa suv yo‘q” degan javobni qilishdi,- deydi g‘uzorlik ayol.


G‘uzor hokimi: Ha, suv sotilayapti!


Biz ayni mavzu yuzasidan G‘uzor tuman hokimi Shomurod Donayev bilan telefon orqali bog‘langanimizda u suv sotilayotganini inkor qilmadi.

- O‘sha miroblar bor, suvchilar bor. Ular borib tomorqasini sug‘orib beradi-da. Xohlovchilarni. O‘sha joyiga borib sug‘orib bergan xizmat haqiga besh ming-mi, uch ming so‘m pul olishi mumkin,- dedi G‘uzor tuman hokimi Shomurod Donayev Ozodlik bilan suhbatda.

Hokim “Akbar Po‘latovning suv sotishi qonuniymi?”, degan savolimizni javobsiz qoldirdi.

Bu savolga G‘uzor tuman hokimligining mas‘uli Jo‘rabek Norimanov oydinlik kiritdi.

Uning aytishicha, Akbar Po‘latov G‘uzor tuman obodonlashtirish bo‘limining rahbari bo‘lib, aholi undan norozi bo‘lish o‘rniga minnatdor bo‘lishi lozim.

- 15 yil davomida shu shahar markaziga suv bormagan. Shu yigit olib bordi. Rahmat aytmaydimi bular naoborot. U shuncha kilometr joyga truba tashlatib, suv olib keldi. U juda yaxshi ish qilgan. Endi pul masalasiga biz aralashmaymiz-u, lekin qilgan ishlari tahsinga loyiq.

Ozodlik: Demak, u kishining qilayotgan ishlari qonuniy?

- Endi qonun tomondan noqonuniy bo‘lishi mumkin. Lekin ishni ko‘zini bilgan kishi yaxshiku. Mayli o‘shani qurbi yetmasa, ishchilariga bergandir pulni. Balki ariq qazuvchiga bergandir.

Ozodlik: O‘zi amalda oqar suvni sotish qonuniymi?

- Hech qaysi joyda suv sotilsin, degan joyi yo‘q... Balki shunga... sotmagandir balki. Buni aniqlash kerak,- dedi G‘uzor tuman hokimligi mas‘uli Jo‘rabek Norimanov.

Biz G‘uzor tuman obodonlashtirish bo‘limi rahbari Akbar Po‘latovning mobil telefoniga bir necha marta bog‘lanishga harakat qildik. Lekin bog‘lanish imkoni bo‘lmadi. G‘uzor tuman hokimligidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Akbar Po‘latov maxsus topshiriq bilan Toshkentga ketgan.

O‘zbekistonning “Suv resurslari va suvdan foydalanish” qonunida suvni pulga sotish yoki pullashni taqiqlash borasida hech narsa deyilmagan.
XS
SM
MD
LG