Линклар

Qarshidagi mahbuslar qiynoqlardan Ozodlikka xabar yo‘lladi


Qamoqxonadagi mahbuslar qiynoqlardan shikoyat qilib¸ Karimov va Inoyatovga yozgan ushbu maktub 2007 yilda Ozodlik muxbirlariga yetkazilgan edi.

Qamoqxonadagi mahbuslar qiynoqlardan shikoyat qilib¸ Karimov va Inoyatovga yozgan ushbu maktub 2007 yilda Ozodlik muxbirlariga yetkazilgan edi.

O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatidagi 64/33 sonli Qarshi qamoqxonasidagi mahbuslarga nisbatan qiynoqlar yanada kuchaygani, so‘nggi ikki oydan buyon dindorlar yakka holda kaltaklanayotgani aytilmoqda. Qamoqdan Ozodlikka yo‘llangan xabarga ko‘ra, qiynoqlar yuzlariga niqob taqqan retsidivist mahkumlar yordamida amalga oshirilmoqda.

Ozodlikka Rossiyadan bog‘langan o‘zbekistonlik tinglovchi Qarshidagi 64/33 sonli qamoqxonadagi dindor mahbuslardan xabar olib kelganini aytdi.

Ismi sir qolishi sharti bilan so‘zlagan tinglovchi so‘nggi ikki oydan buyon bu qamoqxonada jazo muddatini o‘tayotgan dindor mahbuslar tergov izolyatorida bittama-bitta kaltaklanayotgani haqida so‘zladi.

Suhbatdoshimiz "zona"dagi mahbuslar o‘zlarini ommaviy tarzda qiynoqqa solish ishlariga boshchi bo‘layotgan shaxslarga oid ma‘lumotlarni ham oshkor qilishni so‘raganini aytdi.

- Qarshidagi 33-zonada o‘tirgan mahbuslarni, ayniqsa, siyosiy, 159-modda bilan qamalgan mahbuslarni qattiq qiynashyapti ekan. Zamnachalnik Bahrom, degani va qamoqxonadagi operlarning boshliqlari qattiq zulmlarni qo‘llayotgan ekan. Mahbuslarni bittama-bitta izolyatorda o‘ladigan darajada urib, sanchastga tiqayotgan ekan. Urayotganlar yuziga maska kiyib olgan loxmachlar, aristonlar ekan ko‘proq,- dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka mahbuslardan xabar yo‘llagan tinglovchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dindor mahbuslarga nisbatan qiynoqning kuchayishi bundan ikki oy muqaddam boshlangan.

- Shunaqa tepadan buyruq bo‘lgan shekilli. Asosan, shu Hizb ut-Tahrirda ayblangan mahbuslarni qiynashyapti ekan. Yo‘lidan qaytarish uchun sindirish bo‘layapti ekan. Shunga mahbuslar Ozodlikka xabar chiqaraylik, deyishibdi. Menga o‘sha zonada o‘tirganlardan birining opasi shu xabarni yetkazdi,- dedi o‘zbekistonlik tinglovchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki oyda nisbatan kuchaygan qiynoqlar bois mahbuslarning nobud bo‘lganiga oid ma‘lumotlar yo‘q.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov Ozodlik bilan suhbatda Qarshidagi 33-zonada bo‘layotgan vaziyatdan xabari borligini aytadi.

- Aslida bu zonada dindorlar muttasil, sistematik ravishda qiynoqqa tutiladi va bizda buni tasdiqlovchi dalillar ko‘p. Lekin, har ikki-uch oyda tepadan buyruq boradi dindor mahbuslarni qiynoqqa solish bo‘yicha. Bu hozir doimiy tus olgan,- deydi Sur‘at Ikromov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dindorlarni qiynoqqa solishda retsidivist mahkumlar "xizmatidan" foylanilmoqda. Bunda ularni tanib qolishmasin uchun bu mahbuslar yuzlariga niqob taqib olishadi.

- Chunki, mahbuslar bir-birini taniydi, ism-familiyasini biladiku! Agar shunaqa xabarlar orqali u loxmachlar yoki qamoqxona nozirlarining ismi matbuotga chiqib ketsa, agar biz shunaqa konkret faktlarni yoritsak, ularga chora ko‘rishga majbur bo‘lishadi. Men buni o‘z praktikamdan bilaman. Lekin, ular yuziga niqob tutib olganidan keyin bilolmidida,- dedi huquq faoli.

Ozodlikka xabar yo‘llagan tinglovchining o‘zi ham bir vaqtlar Qiziltepa qamoqxonasida jazo muddatini o‘taganini aytadi.

U dindorlar, ayniqsa, Hizb ut-Tahrir tashkilotiga a‘zolikda ayblanib qamalgan mahbuslarni vaqti-vaqti bilan "sindirish" amaliyoti bo‘lib turishidan xabardorligini aytdi.

- Men 2003 yilda chiqqanman Qiziltepadagi qamoqxonadan. U yerda ham bizni sindirishga urinish bo‘lgan. Izolyatorga tashlashadi va keyin loxmachlar kirib, urib, xullas, shunaqa sindirish bo‘ladi. Endi dindan qaytarmoqchi bo‘lishadi. Biz ham qaytdik, deb yozib berganmiz. Endi tilimizda bu. Dilimizdagisi Ollohga ayonku. Lekin, hozir Qarshidagi sindirish juda qatiq bo‘layotgan ekan. Yigitlarni umuman urib to‘kib tashlashayotgan ekanda, dedi sobiq mahbus.

Qashqadaryodagi Qarshi va Navoiy viloyatidagi Qiziltepa qamoqxonalari ko‘proq diniy-siyosiy motivlarda ayblangan mahbuslar saqlanadigan muassasalardir.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi bergan ma‘lumotlarga ko‘ra, muttasil qo‘llanadigan qiynoqlar bois mahbuslarning nobud bo‘lishi ham aynan shu qamoqxonalarda ko‘p kuzatiladi.

Ushbu guruh kuzatuvlariga ko‘ra, birgina 2010 yilda mamlakat qamoqxonalarida 39 mahbus qiynoq yoki kasallikdan nobud bo‘lgan, marhumlarning jasadlari yaqinlariga yashirincha berilgan.

Bu esa ushbu guruhga yaqinlari bergan shikoyatlar asosida yig‘ilgan ma‘lumotdir. Aslida mavjud raqamlarning bundan bir necha barobar ko‘p ekani taxmin qilinadi.

Biroq, O‘zbekiston IIV qoshidagi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasidan qamoqxonada vafot etayotgan mahbuslar va umuman, diniy-siyosiy motivlarda ayblanib, jazo muddatini o‘tayotgan mahbuslarning aniq soni haqida rasmiy ma‘lumot olish imkonsiz qolmoqda.

Xalqaro Qizil xoch tashkiloti vakillari esa ayni damda O‘zbekistondagi qamoqxonalarga kirish imkonidan mahrum etilgan.
XS
SM
MD
LG