Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:31

Hizb un-Nusrat haqiqatan bor tashkilotmi?


O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Hizb un-Nusrat deb atalmish yangi tashkilotning 20 ga yaqin a‘zosi qo‘lga olinib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilinganini da‘vo qilmoqdalar.
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Hizb un-Nusrat deb atalmish yangi tashkilotning 20 ga yaqin a‘zosi qo‘lga olinib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilinganini da‘vo qilmoqdalar.
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari mamlakatda “Hizb un-Nusrat” deb nomlangan yangi diniy-ekstremistik tashkilot aniqlangani, bu tashkilotga a‘zo bir necha kishi sudlanganini iddao qilmoqda. Mustaqil ekspertlar esa tartib posbonlarining bu kabi da‘volariga shubha bilan qarayaptilar.

O‘zbekiston kuch ishlatar tuzilma xodimlari iddaosicha, “Hizb un-Nusrat” toshkentlik Sharipjon Mirzajonov ismli kishi tomonidan tashkil qilingan va u besh yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Bu haqda dastlab O‘zbekiston maxsus xizmatlariga yaqinligi aytiladigan Gorizont.uz sayti 7 iyun kuni xabar tarqatdi. 10 va 11 iyun kunlari esa bu haqdagi xabarlar O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Qirg‘iziston saytlarida paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi ismi keltirilmagan manbalarga asoslangan holda yoyinlangan xabarlarga ko‘ra, 61 yoshli Mirzajonov avval “Hizb ut-Tahrir” partiyasiga a‘zo bo‘lgan va bunga aloqador faoliyati uchun qamalgan. Xabarlarda uning necha yilga ozodlikdan mahrum qilingani haqida aytilmaydi, biroq qamoqda bir muddat jazo o‘tagach, Mirzajonov amnistiya asosida ozodlikka chiqqani qayd etiladi.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari ma‘lumotiga ko‘ra, avvaldan “Hizb ut-Tahrir”ning varaqa tarqatish orqali odamlarni ochiq da‘vat qilish kabi usullaridan norozi bo‘lib yurgan Sharipjon Mirzajonov qamoqdan chiqqanidan keyin o‘z tashkilotiga asos soladi. Maqsad va vazifalari “Hizb ut-Tahrir” kabi xalifalik qurish bo‘lgan bu tashkilot, o‘zbekistonlik tartib posbonlari iddaosicha, faoliyatini o‘ta maxfiy sur‘atda olib borishi va tashkilot ichida intizomning qattiqligi bilan ajralib turgan. Ayni paytda “Hizb un-Nusrat” deb atalayotgan tashkilot o‘z faoliyati davomida “Hizb ut-Tahrir”ga doxil qator adabiyotlardan foydalanib kelgani aytilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, hozirgacha mazkur guruhning 20 ga yaqin a‘zosi qo‘lga olinib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan. Ayni paytda manbalar bu kishilar ustidan mahkama qachon va qayerda bo‘lib o‘tganiga aniqlik kiritmaganlar.

11 iyun kuni esa 12uz.com sayti O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan Toshkentda ekstremist ayollarni tayyorlash bo‘yicha maktab topilgani haqida xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, “Hizb ut-Tahrir”ga a‘zolikda ayblanib o‘tgan yilning dekabr oyida 9 yilga qamalgan Mahmudxo‘ja Ahmadjonovning xotini Lola Ahmadjonova erining ko‘rsatmasiga binoan atrofiga dindor ayollarni yig‘ib, noqonuniy diniy ta‘lim bilan shug‘ullangan.

12uz.com manbasi Lola Ahmadjonova ta‘lim chog‘ida "Hizb ut-Tahrir" va "Hizb un-Nusrat"ning noto‘g‘ri aqidalaridan foydalanganini, shu tariqa bir necha yil mobaynida u toshkentlik bir necha ayolni ashaddiy ekstremistga aylantirishga muvaffaq bo‘lganini iddao qiladi.

Toshkentlik huquq faoli Sur‘at Ikromov ommaviy axborot vositalarida Hizb un-Nusrat tashkiloti to‘g‘risida ketma-ket paydo bo‘lgan bu materiallarni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari tomonidan olib borilayotgan kampaniya hosilasi, deb baholaydi.

- Yana qandaydir namozxonlarni ushlab, “mana o‘sha oqimga a‘zo” deb, reklama qilishadi. Biz keyin baribir buni kuzatamiz, [u odamlarning aytilayotgan oqimlarga] hech qanaqa aloqasi yo‘qligi ma‘lum bo‘ladi. Shuning uchun bunga shubha bilan qarayapman, - deydi O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov.

Boz ustiga, huquq faoli hozir O‘zbekistonda yangi bir diniy-ekstremistik oqim tashkil qilib, unga chor-atrofdan tarafdorlar jalb qilish mumkinligiga ham ishonmaydi.

- Hozir O‘zbekiston hududida bir yangi diniy oqimni tashkil qilishning o‘zi, menimcha, juda qiyin masala, bu birinchidan. Ikkinchidan, bunga juda ko‘p mablag‘ kerak, boshqa-boshqalar kerak. Buni bir kishi baribir qilolmaydi. Bu muxolifat partiyalari emas - diniy nimada darrov bilinadi bu narsa, agar kimdir qo‘l urgan bo‘lsa bunga, - deydi Sur‘at Ikromov.

Mustaqil siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov esa O‘zbekistonda Hizb un-Nusrat nomli bir tashkilotning bor yoki yo‘qligi haqida tugal bir xulosaga ega emasligini qayd etadi.

- O‘zbekiston davlati ham, jamiyati ham yopiq jamiyat. U yerdan ma‘lumot olish va tekshirish imkoniyatlari mutlaq cheklangan. Bu tashkilotning borligini tasdiqlay ham olmayman, inkor ham qila olmayman, chunki bu men uchun imkonsiz. Lekin shu narsani ta‘kidlash mumkinki, O‘zbekistondagi asosiy omil bu hukumat va davlat. Gap shundaki, O‘zbekiston davlatchiligi tafakkurida ichki va tashqi tahdidlar bilan kurash iqtisodiy rivojlanish yoki boshqa bir islohotlardan ko‘ra birinchi o‘rinda, ustun turadigan omil hisoblanadi. O‘zbekiston, masalan, 90-yillarning birinchi yarmida dunyoviy oppozitsiya bilan kurashdi, 90-yillarning ikkinchi yarmidan to bugungi kungacha diniy oppozitsiya, hukumatning o‘z ta‘biri bilan aytganda esa, diniy ekstremizm va terrorizm bilan kurashishni o‘zining bosh ustivor maqsadi qilib oldi va O‘zbekistonda shakllangan qudratli repressiv mashina uchun dushman qiyofasi juda ham muhim, - deydi Kamoliddin Rabbimov.

Siyosatshunos Rabbimov O‘zbekistondagi qatag‘on mashinasini kombaynga qiyoslaydi.

- Yuz mingdan ortiq bo‘lgan militsionerlar, yuz mingdan ortiq bo‘lgan milliy xavfsizlik xizmati va shunga o‘xshagan qudratli kuch ishlatar tashkilotlari mana shu repressiv kombaynni tashkil qiladi. Bu kombaynning ishlab turishi uchun, umuman, siyosiy rejimni mustahkamlab turish uchun “yoqilg‘i” kerak. “Yoqilg‘i” - bu aynan dushman qiyofasi. Buni ichki, yashiringan, topilishi qiyin bo‘lgan “dushman” deyishimiz mumkin. Bu orqali bir tomondan siyosiy rejim mustahkamlab turiladi va uning eng asosiy vazifalaridan bittasi jamoatchilik tafakkurini qo‘rquv bilan boyitib turish. Agarki, mana shu “yoqilg‘i”, ya‘ni “dushman” mavjud bo‘lmas ekan, bu kombayn tezda ishdan chiqish xavfi paydo bo‘ladi. Ya‘ni siyosiy rejimning ekzistentsial, ya‘ni borliq (mavjud bo‘lish) masalasi kun tartibiga qo‘yiladi. Shuning uchun, o‘ylaymanki, siyosiy rejimning mana shunday dushman topishga va yaratishga katta ehtiyoji bor. Mana shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsak, Hizb un-Nusrat partiyasi yoki guruhi O‘zbekiston hukumati uchun eng kerakli unsurlardan biri bo‘lib hisoblanishi mumkin, - dedi Kamoliddin Rabbimov.
XS
SM
MD
LG