Линклар

Fransiyada chiqadigan “Le Point” jurnali e‘lon qilgan O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova haqidagi maqolaga uning 2011 yildagi kechalarning birida olingan yarim-yalang‘och suratini ilova qildi.

Le Point” jurnalining 30 may kungi sonida bosilgan “O‘zbek malikasi va diktator” sarlavhali maqolada Karimova xushbichim qomatli pop qo‘shiqchi, stilist va ayni paytda "qattol diktator" otasining vorisi bo‘lishga tirishayotgan va yirik moliya orttirish yo‘lida otasining mavqeidan foydalanayotgan shaxs sifatida ta‘riflanadi.

U olmos taqinchoqlarga burkangan yarim-yalang‘och tanasini namoyish qilishdan tortinmaydi.

"O‘zining shishirilgan lablari bilan, odamlarga go‘zalligini namoyon etayotganiga ishonadi. U yaqinda Rossiya fuqaroligini olgan frantsuz aktyori Jerar Depardye bilan o‘zining so‘nggi "Nebo molchit" deb nomlangan qo‘shig‘iga klipga tushdi. Lekin, klipdagi hatti-harakatlari va uning ijrosidagi qo‘shiq so‘zlari ma‘nosiz".

Gulnora Karimovaning “Le Point” jurnalida e‘lon qilingan bu surati 2011 yildagi kechalarning birida olingan.

Gulnora Karimovaning “Le Point” jurnalida e‘lon qilingan bu surati 2011 yildagi kechalarning birida olingan.

Aksari musulmon bo‘lgan 30 millionlik aholiga ega O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga “Le Point” jurnalida ana shunday ta‘rif beriladi.

"O‘zbekiston sayyohlar uchun tarixiy obidalarga boy jannatmakon o‘lkadir, lekin, rejim muxoliflari uchun u yer jahannam. 2005 yilda Gulnora Karimovaning qonxo‘r otasi Andijonda islomchilar naymoyishini bostirishga buyruq berdi, oqibatda mingga yaqin odam, jumladan yosh bola va ayollar nobud bo‘ldi", deb yozadi maqola muallifi.

Hozir Karimovning yoshi bir joyga yetib qolgan. Londonda yashovchi jurnalist Shohida To‘laganova “Le Point” jurnali muxbiri bilan suhbatda Gulnora Karimovani otasidan ham yomonroq shaxs, deya ta‘riflaydi.

To‘laganova Ozodlik bilan suhbatda ham bu fikrlarini takrorladi.

- Karimov eski kommunistik maktabidan chiqqan odam. Unda distsiplina, degan narsa bor. Karimovada shu narsa yo‘q. Uning harakatlarini avvaldan bilish qiyin. Shunaqa odam hokimiyatga kelsa, davlatdan hech narsa qolmaydi,- deydi To‘laganova.

“Le Point” jurnalining yana yozishicha, "Gulnora Karimovaning sobiq eri amerikalik o‘zbek Mansur Maqsudiy rafiqasining Islomga zid qiliqlari, jumladan nomahram erkak tan qo‘riqchilari ko‘z o‘ngida yarim-yalang‘och xovuzda cho‘milgani haqda shikoyat qilib kelgan".

O‘zbekistonda “Koka-kola”ni idishga quyish bilan shug‘ullanib kelgan eri Mansur Maqsudiy bilan 2001 yilda ajrashganidan so‘ng Karimova Nyu Jersi sudi qaroriga zid tarzda farzandlarini eridan tortib oldi, eriga tegishli bo‘lgan O‘zbekistondagi shirkatlar yopildi.

Maqsudiy bilan ajrashganidan so‘ng O‘zbekistonga qaytib kelgan Karimovaning biznes doiralardagi ta‘siri kengaydi.

O‘shanda nufuzli “Faynenshl tayms” gazetasi Gulnora Karimovaning otasi mavqeidan foydalanib¸ qisqa davr ichida O‘zbekistondagi yetakchi mobil telefon shirkatidan tortib, mamlakatdagi eng yirik tsement zavodidagi ulushlari evaziga keng qamrovli biznes imperiyasini yaratishga muvaffaq bo‘lgani haqda yozgan edi.

Uzoq yillar Gulnora Karimovaning moliyaviy direktori bo‘lib ishlagan Farhod Inog‘omboyev prezident qizining noqonuniy orttirgan boyliklari haqida daliliy hujjatlarni taqdim qilgan.

Yaqinda esa O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ichi Teliasonera uyali telefon shirkatiga ko‘p million dollarlik haq evaziga muhofaza taklif qilingani va Teliasoneradan Gulnora Karimovaning xayriya tadbirlariga homiylik talab qilingani bilan bog‘liq janjal markazida ko‘rindi.

Bugungi kunda Gulnora Karimova O‘zbekistonning BMTdagi elchisi. Lekin, uning Jenevadagi ish joyida ko‘rinmay qolganiga bir yildan oshdi.

O‘zbekiston prezidenti qizining ochiq-sochiq suratlariga aksar aholisi musulmonlardan iborat mamlakatda toqat bilan qaraydiganlar kam.

Zero, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasida aprel oyida bo‘lib o‘tgan yig‘inda o‘zbek qizlarini Internet va mobil telefonlar orqali kelayotgan behayo tasvirlardan himoya qilish masalasi ko‘rilgan.

Hozir O‘zbekistondagi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida qizlarni ommaviy madaniyat hurujidan himoya qilish maqsadida “Qizlar jamiyat va millat kelajagi” mavzusida maxsus tadbirlar o‘tkazilmoqda.
XS
SM
MD
LG