Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:00

Tojikiston "Halol" standarti ishlab chiqdi, O‘zbekiston voz kechdi


Tojikistonda oziq-ovqat mahsulotlari uchun "Halol" standarti joriy qilindi. Aholisining 95 foizi musulmon bo‘lgan davlat hukumati bunday standartga zarurat bor, deb hisoblamoqda. Aholisining 93 foizi musulmon bo‘lgan O‘zbekiston hukumati esa bunday standartdan butunlay voz kechdi.

"Tojikstandart" davlat nazorat agentligi rahbariyati mavjud zarurat bois mamlakatda "Halol" standarti joriy qilinganini e‘lon qildi.

Jurnalistlarga bu haqda ma‘lum qilgan agentlik rahbari Narzullo Sharipov hozirga kelib, mamlakatda oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi 6 ta korxonaga "Halol" tamg‘asi ostida go‘sht mahsulotlari va shirinliklar ishlab chiqarish uchun sertifikat berilganini aytdi.

Agentlik rahbari bergan ma‘lumotga ko‘ra, "Halol" standartini ishlab chiqish uchun 2 yil vaqt ketgan.

Bu jarayonda Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ulamolar Kengashi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishtirok etgan.

Bu idoralar vakillaridan tuzilgan maxsus komissiyasi "Halol" yorlig‘i bilan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini ham nazorat qilib boradi.

"Hay‘at a‘zolari butun jarayonni - xomashyoning yetishtirilishi va ishlab chiqarilishidan tortib, uning yetkazib berilishi va sotuviga qadar bo‘lgan jarayonni nazorat qiladilar", dedi "Tojikstandart"ning "Halol" yorlig‘i ostida chiqarilayotgan mahsulotlari bo‘yicha nazorat bo‘limi rahbari Avzalsho Oidov.

Shuningdek, rasmiyga ko‘ra, asosiy e‘tibor halol mahsulotlar tarkibiga islomda taqiqlangan xorijdan kelayotgan genetik tarkibi modifikatsiyalangan mahsulotlar, kimyoviy qo‘shimchalar, notabiiy ranglarning qo‘shilishi oldini olishga ham qaratilmoqda.

Tojikistonlik ishlab chiqaruvchilar orasida esa aholi orasida xaridorgir bo‘lgan ushbu yorliqni olish uchun urinayotganlar soni kundan-kunga ortmoqda.

Norasmiy kuzatuvlarga ko‘ra, aholisining 95 foizi musulmon bo‘lgan bu davlatda faqat "Halol" yorlig‘i ostida ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarni xarid qilishni afzal ko‘rganlar aholining 40 foizga yaqinini tashkil qiladi.

Markaziy Osiyoning Tojikistonga qo‘shni bo‘lgan va aholisining 93 foizi musulmon bo‘lgan O‘zbekistonda esa xaridorlarning 30 foizga yaqini oziq-ovqatning halolini qidiradi.

Toshkent va Toshkent viloyatining nisbatan gavjum nuqtalaridagi oziq-ovqat do‘konlari sotuvchilaridan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, bu talab ko‘proq go‘sht mahsulotlariga tegishlidir.

- Menimcha, taxminan 30 foizi kolbasa, sosiskalarni olayotganda, "Halolmi?" deb so‘raydi. Keyin tarkibiga qarab, surishtirib oladi. Qolganlari esa shundoq kelib olib ketaveradi,- deydi Toshkent viloyatidagi oziq-ovqat do‘konlaridan birining sotuvchisi Botirjon aka.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir mamlakat bozorlaridagi peshtaxtalarda "Halol" yorlig‘i yopishtirilgan go‘sht mahsulotlari bor.

- "Pokiza", "To‘xtaniyoz ota", "Shams" degan firmalarning kolbasalari yaxshi ketadi. Ba‘zilarining ustiga "halol", deb yozib qo‘yishgan. Ko‘rinadigan qilib, alohida qilib yozib qo‘yishgan. Xardiorlar kelib, o‘sha yozuviga qarab oladi. Yaxshi ketadi ularning mahsulotlari,- deydi Botirjon aka.

Lekin, O‘zbekistonda 2011 yilda oziq-ovqat mahsulotlariga "Halol" yorlig‘ini yopishtirish taqiqlangan edi.

"O‘zstandart" Davlat Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatsiya agentligi buni O‘zbekistonda “Halol” nomli yorliq davlat ro‘yxatidan o‘tmagani, chunki bunday standart ishlab chiqilmagani bilan izohlagan edi.

Agentlik mutasaddilari o‘shanda mamlakatda "Halol" standarti ishlab chiqilayotgani va uning joriy etilishi uchun 2 oydan bir yilga qadar muddat ketishini aytgan edilar.

11 iyun kuni Ozodlik muxbiri savollariga javoban agentlikning Standartlashtirish Bosh boshqarmasi xodimi bu jarayon to‘xtatilganini ma‘lum qildi.

"O‘zbekistonda "Halol" standartini joriy qilish maqsadga muvofiq emas, degan qarorga kelingan va bunaqa standartdan voz kechilgan", dedi qisqagina qilib Ozodlik savoliga mikrofonsiz javob bergan mulozim Ruslan Xusnulin.

Bu mulozimning so‘zlaridan tushunilishicha, bu qaror Standartlashtirish agentligi va bir qator mutasaddi tashkilotlar, shu jumladan, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikdagi muhokamalar asosida qabul qilingan.

"Nega endi "Halol" standartini joriy etish O‘zbekistonda maqsadga muvofqimas?" degan savolimizga javoban Ruslan Xusnullin bunday qaror "jamoatchilik so‘rovi asosida" qabul qilingani haqida noaniq javob berdi va bunga ortiqcha oydinlik kirita olmasligini aytdi.

Aslida, 2000 yillardan so‘ng O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlariga "Halol" yorlig‘ini yopishtirish urf bo‘lgan edi.

Birgina Toshkent shahri va viloyatida ishlayotgan 40 dan ortiq go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaruvchi xususiy korxonalar o‘z mahsulotlariga “halol” yorlig‘ini yopishtirib sotayotgan edi.

Xususan, “To‘xtaniyoz-ota”, “Sag‘bon”, “Sharshara” nomli korxonalar halol go‘sht mahsulotlari ishlab chiqaradigan va qisqa yillar ichida xaridorlarning ishonchini qozongan yirik korxonaga aylanib ulgurgan edi.

2011 yilgi taqiqdan so‘ng bu kabi korxonalarning ayrimlari o‘z mahsulotidagi maxsus “Halol”, degan yorliqni olib tashlagan.

Toshkent shahrida go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik korxonalardan birining rahbari o‘zbekistonliklarning aksariyati uchun bunaqa yorliqning ahamiyati yo‘q, deb hisoblashini bildirdi.

- Aholi orasida bunga unaqa talab yo‘q. Agar talab bo‘lsa, masalan, biz shunaqa yorliq haqida o‘ylab ko‘rishimiz mumkin. Lekin, bizda hamma musulmon va to‘liq protsess musulmoncha. Bunga alohida standart shartmas,- dedi Toshkent shahridagi yirik kolbasa ishlab chiqarish korxonalaridan birining ismi oshkor etilishini istamagan rahbari.
XS
SM
MD
LG