Линклар

logo-print

Rossiya matbuoti: "Arsenal" Odil Ahmedov uchun 4 million yevro bermoqchi


O'dil Ahmedov futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida Osiyo Kubogi o'yinlarida. Doha, Qatar. 28 yanvar 2011 yil.

O'dil Ahmedov futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida Osiyo Kubogi o'yinlarida. Doha, Qatar. 28 yanvar 2011 yil.

Maxachqal'aning "Anji" klubida to'p surayotgan o'zbekistonlik futbolchi Odil Ahmedov Londonning "Arsenal" klubiga o'tishi mumkin. Bu haqda Rossiyaning "Izvestiya" nashri xabar tarqatdi.

Nashrga ko'ra, londonliklar 25 yoshli Odil Ahmedov transferi uchun 4 million yevro berishmoqchi. Bu esa futbolchilar transfer narxini aniqlovchi Transfermarkt.de saytida ko'rsatilgan narxdan 2 million yevroga ozdir.

“Arsenal” vakillari “Anji” rahbariyati o‘zini Angliya Premyer-ligasida sinab ko‘rish istagida bo‘lgan Ahmedovning jamoadan ketishiga qarshilik qilmasligiga umid qilishmoqda, deb yozadi "Izvestiya".
Odil Ahmedovning o‘zi ham bu ma‘lumotni tasdiqladi.

- Ha, bu rost. “Arsenal” klubi skautlari meni anchadan beri kuzatib yurishibdi. Agar bu klubga o‘tadigan bo‘lsam, bu nafaqat men uchun, balki butun o‘zbek futboli uchun foydali bo‘ladi. Albatta, men “Anji”da o‘zimni yaxshi his etmoqdaman. Bu yerda meni barcha narsa qoniqtiradi. Ammo men o‘zimni Angliya yoki Ispaniya chempionatida sinab ko‘rmoqchiman. Ayniqsa, “Arsenal”da o‘ynashni anchadan beri orzu qilaman”, - dedi Odil Ahmedov "Izvestiya" bilan suhbatda.

Biroq hozircha "Anji" klubi rahbariyati o'zbekistonlik futbolchini Angliyaga qo'yib yuborishi yoki yubormasligi aniq emas.

Odil Ahmedov "Anji" klubida 2011 yildan beri faoliyat yuritib keladi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2015 yilning yozida tugaydi.

Londonning "Arsenal" klubi esa so'nggi bir necha yil davomida na mahalliy, na xalqaro musobaqalarda o'zini ko'rsata olayotgani yo'q.

Eslatamiz, "Arsenal" klubining 27 foiz aksiyalari asli o'zbekistonlik, biroq hozirda Rossiya fuqarosi bo'lgan milliarder tadbirkor Alisher Usmonovga tegishlidir.

Usmonov "Arsenal"ning so'nggi yillardagi omadsizliklarida murabbiy Arsen Vengerni ayblab keladi.

Odil Ahmedov ham, Alisher Usmonov ham O'zbekistonning Namangan viloyatidan bo'ladilar.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG