Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:30

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi internet sahifalari hakerlik hujumiga uchradi


12 iyun kuni O‘zbekiston Futbol federatsiyasining 2 ta rasmiy sayti va Twitterdagi 4ta sahifasi hakerlar hujumiga uchradi. Hujum uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olgan CLONE-SECURITY hakerlar guruhiga ko‘ra, shu yo‘l orqali o‘zbek futbolidagi muammolarga e‘tibor qaratishni maqsad qilishgan.


CLONE-SECURITY vakili, shaxsini ochiqlashni istamagan hakerning Ozodlikka aytishicha, chorshanba kuni O‘zbekiston Futbol federatsiyasining the-uff.com va pfl.uz saytlari hamda federatsiya vakillariga qarashli Twitterdagi @uzbff, @Uzbffonline, @pfluz, @theuffdotcom akkuantlariga hujum qilingan.

“Ikkita saytni ishdan chiqardik. Twitterdagi 4 ta akkuantini ham buzib kirdik. Bu akkuantlar endi umuman ishlamaydi. Ulardagi barcha kontaktlar ham bizga o‘tdi”, dedi haker yigit.

Uning aytishicha, 11 iyun kuni Seulda Janubiy Koreya jamoasi bilan uchrashuvda o‘zbek futbolchilari ishqibozlari ishonchini oqlamagach, hakerlar guruhi Futbol federatsiyasining Internet saytlariga hujum qilgan.

“O‘zbek futbolchilarining Messidan nimasi kam? Hammasining yuguradigan ikki oyog‘i bo‘lsa. Nimaga O‘zbekiston hech qachon jahon chempionatiga chiqa olmaydi? Tarixda biror marta chiqmagan. Mana kecha 30 millionlik O‘zbekiston aholisi intizor bo‘lib kutdi. Futbolchilar nima qildi? Avtogol urib, sharmanda qildi”, deydi haker yigit.

Hakerning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, federatsiya mutasaddilari futbolga e‘tibor qaratishi lozim.

“Bugun rahbarlar futbolga to‘liq e‘tibor qaratmayapti. Biz hujum orqali shu narsaga e‘tiborni tortish niyatidamiz”, dedi haker yigit.

Hakerlar hujumidan so‘ng federatsiya saytlariga O‘zbekiston terma jamoasining murabbiysi Mirjalol Qosimovning suratini joylab, tagiga “Avtogol zo‘r chiqdi-a?” degan yozuvni qoldirishgan.

Shuningdek, "Terma jamoa jahon chempionatiga chiqolmapti… Ha, chiqolmaydiyam-da!", deb yozishgan.

Haker yigitga ko‘ra, bu marhum qiziqchi Hojiboy Tojiboyevning mashhur iborasi, aslida hakerlar guruhi ham o‘zbek futbolchilarini jahon chempionatida ko‘rish niyatida.

Maqola saytga tayyorlanayotgan payt hakerlik hujumiga uchragan the-uff.com va pfl.uz saytlari yana o‘z faoliyatini davom ettirayotgani xabar qilindi.

11 iyun kuni safarda O‘zbekiston terma jamoasi JCh-2014 saralash bosqichi doirasida Janubiy Koreya jamoasiga mag‘lub bo‘ldi.

O‘yin davomida kiritilgan yagona to‘p sohibi o‘zbek futbolchisi Akmal Shorahmedov bo‘ldi va bu gol avtogol bo‘lgani uchun O‘zbekiston jamoasi jahon chempionatiga muddatidan oldin yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkonidan mahrum bo‘ldi.

CLONE-SECURITY guruhi joriy yilning 18 fevral kuni O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sayti - soliq.uz ga hujum qilgan.

Joriy yilning yanvar oyida esa “Antilag‘mon” siyosiy aktsiyasi nomi ostida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining rasmiy sayti www.mtrk.uz ga qilingan ikkita hakerlik hujumi uchun ham mas‘uliyatni ham mazkur guruh o‘z zimmasiga olgan edi.

Bu hujum kampaniyasi “Milliy teleradiokompaniya xalqqa tarqatayotgan axborotlar yolg‘on axborotdir!” shiori ostida o‘tkazilgan edi.

Shuningdek, o‘tgan yilning iyul oyida O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Tibbiyot portaliga uyushtirilgan hujum uchun ham mas‘uliyatni CLONE-SECURITY hakerlar guruhi o‘z zimmasiga olgan edi.

Guruh o‘sha paytda ayni hujum O‘zbekiston hukumatining ayollarni sterilizatsiya qilish siyosatiga norozilik sifatida amalga oshirilganini ta‘kidlagan edi.

Hukumat saytlarini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan o‘zbekistonlik xakerlar saytlarning bosh sahifasiga “Bizning onalarimizni sterilizatsiya qilmanglar!” degan yozuvni joylashtirgan va bu talab ostiga "CLONE-SECURITY” deya imzo qo‘ygan edi.

CLONE-SECURITY guruhi saytlarga qilinayotgan ushbu hujumlarni O‘zbekiston ichkarisida turib amalga oshirayotganini ta‘kidlab kelmoqda.
XS
SM
MD
LG