Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:26

Ro‘yxatdan o‘tmagan tadbirkordan bir yillik soliq undiriladi


Birinchi iyundan boshlab ro‘yxatdan o‘tmagan holda tadbirkorlik bilan shug‘ullangan shaxslar ma‘muriy javobgarlikka tortiladi. O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tmagan tadbirkorlardan bir yillik soliq summasi undirib olinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining "Davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslardan qat‘iy belgilangan soliqni undirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarorini O‘zbekiston Adliya vazirligi ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Bu qarorga ko‘ra, davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslardan qat‘iy belgilangan soliqni undirish tartibi belgilandi.

Bu haqda O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy saytida xabar berilgan.

Ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 4- va 5-bandlariga binoan, jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirish holatlari aniqlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organi xodimi O‘zbekiston Respublikasi Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda ma‘muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtiradi.

Toshkent shahridagi Olmazor tumani soliq inspektsiyasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, bu qaror g‘ayriqonuniy ishlayotgan tadbirkorlarni qonun doirasida ishlashga majbur qilishini aytadi:

- Ba‘zi tadbirkorlar o‘z biznesini boshlashdan oldin bu biznesning qanday rivojlanishini sinab ko‘rmoqchi bo‘ladilar. Keyin biznesi yaxshi ketsa ham soliqlardan qochib faoliyatini rasmiylashtirmaydilar. Bu qaror shunday g‘ayriqonuniy tadbirkorlikning oldini olishga qaratilgan,- dedi soliq inspektori.

Biroq, ismi sir qolishini so‘ragan andijonlik tadbirkor mazkur qaror
soliq tizimida poraxo‘rlikni urchitishidan tashvish bildirmoqda.

- Har qanday tadbirkorning bir yillik soliq summasi ancha katta bo‘ladi. Bu qaror soliqchilarga ikki qo‘llab Xudo berganday bo‘ldi. So‘nggi paytlarda tadbirkorlar o‘z huquqlarini yaxshi bilib olgani bois, poraxo‘rlik ancha kamaygan edi. Endi inspektorlarga yana yo‘l ochilibdi-da. Chunki, ko‘chaning burchagida to‘rtta semichka bilan qurt sotib o‘tirganlarga ham endi qiyin bo‘ladi. Soliqchilar “bir yillik solig‘ing buncha bo‘ladi” deb, ularni ham qiyratadi endi,- deydi andijonlik tadbirkor.

Toshkent shahrida yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan 32 yoshli Zafarjon bu qarordan so‘ng g‘ayriqonuniy ishlayotgan tadbirkorlarning “ushlanishi”ga shubha bildiradi:

- Ushlansa agar. O‘sha ushlansa... Men ularning ushlanishiga tarafdor emasman. Hammasini ham bola-chaqasi bor, hammasi ham mehnat qiladi. Lekin ularning ushlanmaydigani ham ko‘pda. Chunki kimnidir soliqda yaqin tanishi bor, kimdir o‘sha tuman soliqchisiga muayyan “soliq” to‘lab turadi, kelishuvi bor. Buni hamma biladi, bu o‘zbekistonliklar uchun yangilik emas,- deydi toshkentlik tadbirkor Rustam.

Qaror bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirish holatini aniqlagan davlat soliq xizmati organi xodimi ikki ish kuni davomida tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirgan jismoniy shaxsga qat‘iy belgilangan soliqning yillik summasini to‘lash to‘g‘risidagi talabnomani tadbirkorga taqdim etadi.
XS
SM
MD
LG