Линклар

logo-print

O‘zbekiston banklari pul o‘tkazmalaridan ulush ola boshladi


O‘zbek banklarining Ozodlikka bildirishicha¸ pul jo‘natmalaridan ulush olina boshlaganiga Western Union kabi tizimlarning banklarga to‘lab kelgan xizmat haqini kamaytirgani sabab bo‘lgan.

O‘zbek banklarining Ozodlikka bildirishicha¸ pul jo‘natmalaridan ulush olina boshlaganiga Western Union kabi tizimlarning banklarga to‘lab kelgan xizmat haqini kamaytirgani sabab bo‘lgan.

O‘zbekistondagi bir necha bank xorijdan borgan pul jo‘natmasidan xizmat haqqi olayapti.

Rossiyada ishlaydigan Sherzod ismli yigit O‘zbekistonga pul jo‘natganida¸ "Xalq banki" 3 dollar miqdorida xizmat haqi olganidan nolidi.

Suhbatdosh pul jo‘natmasi uchun ikki taraflama haq olinayotganidan tashvish bildirdi.

Ozodlik suhbatlashgan Nilufar ismli qiz Koreyadan O‘zbekistonga pul yuborganida¸ Milliy bankning Toshkentdagi bo‘limlaridan birida xizmat haqi olinganini bildirdi.

Bundan oldin O‘zbekistondagi "Kapitalbank" hissadorlik-tijorat banki xorijdan borayotgan pul o‘tkazmalariga to‘lov joriy qilgani o‘z tasdig‘ini topgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda bank rasmiylari 1 iyundan boshlab xorijdan "Kapitalbank" orqali O‘zbekistonga yuborilgan 300 dollargacha pul jo‘natmasi uchun 3 dollar, undan ortig‘iga esa besh dollar xizmat haqi olinayotganini bildirishgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda bank xodimi "Kapitalbank" rahbariyati xorijiy transaktsiyalar uchun yangi tariflar joriy qilganini tasdiqlagan holda¸ xizmat haqi 5 dollardan oshmasligini urg‘uladi:

- Noldan 300 gacha uch dollar, 301 dan yuqori summaga 5 dollar to‘lanadi, dedi bank xodimi.

"Kapitalbank" 1 iyundan boshlab bergan bu amaliyotning oradan 10 kun o‘tib boshqa banklarda ham qo‘llanila boshlagani kuzatildi.

"Xalq banki"ning Ozodlik bilan mikrofonsiz so‘zlashgan xodimi mijozlar uchun noqulay bo‘lgan bunday tizimga boshqa banklardan keyin o‘tishganini pisanda qildi:

- Boshqa banklar pul jo‘natmasidan xizmat haqi olayotgan paytda bizning bank tashqaridan kelgan puldan bir tiyin haq olmasdan mijozlarga yetkazib turdi¸ ammo hozir bizda ham vaziyat o‘zgarayapti¸ dedi mulozim Ozodlik bilan suhbatda.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ tashqaridan keladigan pul jo‘natmalarining asosiy oqimiga sohib bo‘lgan Western Union banklarga transaktsiya uchun to‘laydigan xizmat haqini 0.6% dan 0.3% ga tushirgan.

O‘zbekistondagi bank tizimidan xabardor bo‘lgan va o‘zini Javlon deb atagan mutaxassisga ko‘ra Rossiyadagi mehnat muhojirlarining O‘zbekistonga pul jo‘natishida vositachilik qiladigan MIGOM, Contact, Bыstraya pochta, MoneyGram, Unistream, Zolotaya Korona, AziyaEkspress kabi pul o‘tkazish xizmatlari ham banklarga to‘laydigan xizmat haqini kamaytirishgan.

Bu o‘zgarishning esa o‘z navbatida chetdan keladigan pul o‘tkazmalarini O‘zbekistondagi banklar uchun kam foyda beradigan transaktsiyaga aylantirgani kuzatildi.

Bu sohadan keladigan foyda oqimini muvozanatlash uchun birinchi bo‘lib "Kapitalbank" xorijdan yuborilayotgan pul o‘tkazmalariga to‘lov joriy qildi.

O‘zbekistondagi bank tizimidan xabardor mutaxassis nazarida¸ bu amaliyotning boshqa banklarga tarqalishi “ko‘pga kelgan to‘y” tarzini oldi.


Zarar mehnat muhojiri zimmasida


Rossiya Markaziy bankining ma‘lum qilishicha, 2012 yilda o‘zbekistonliklar vatanlariga pul jo‘natishda MDHda birinchi o‘ringa chiqqan.

Rossiyada mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar uyiga jo‘natgan pul miqdori o‘tgan yili jami 6 milliard 241 million AQSh dollarini tashkil etgan.

Pul jo‘natmalaridan O‘zbekiston banklarining ulush ola boshlagani mardikorlar uchun malol kelayapti¸ deydi Rossiyada mehnat qilayotgan Dilshod ismli muhojir:

- Men Rossiyadan uyga pul jo‘natgandim, bugun lekin ukam shu pulni olish uchun Farg‘onadagi uchta bankka boribdi¸ har qaysisi shu jo‘natilgan puldan foiz olib qolishlarini aytishibdi. Sababini hecham tushunolmay qoldik men va sheriklarim har oyda uyga pul uzatamiz . Masalan¸ biz jo‘natgan 16 ming dollardan 500 dollariga O‘zbekiston banklari sheriklik qilmoqchi. Bu bizga qattiq botayapti¸ deydi Dilshod.
XS
SM
MD
LG