Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 07:31

Turkmanistonda O‘zbekiston SIM kartasi ta‘qib etilmoqda


Turkmanistonning O‘zbekistonga chegaradosh Toshhovuz va Lebap viloyatlarida O‘zbekistondagi mobil aloqa operatorlariga qarashli SIM kartalaridan foydalanib kelgan mijozlar kuzatuv ostiga olinmoqda.

Ozodlik radiosining turkman xizmati Toshhovuz va Lebapda politsiya ko‘chada istagan odamni to‘xtatib, o‘zbek SIM kartasi bor odamlarga hech bir asossiz ravishda 1000 AQSh dollari miqdorida jarima solayotgani haqida xabar qildi:

- O‘zbek "simka"lariga qarshi kampaniya boshlanganiga bir necha oy bo‘ldi. So‘nggi kunlarda bu yana ham kuchaydi. Politsiya ko‘chada ochiqchasiga odamlarni to‘xtatib SIM kartalarini tekshirmoqda. Hozir ko‘pchilik O‘zbekistonning SIM kartasi bo‘lsa¸ yonida olib yurmaydi,uyida qoldiradi¸ deydi o‘z ismini aytmaslik sharti bilan Ozodlikka gapirgan lebapliklardan biri.

“Jarayon” internet nashri ham Turkmanistondagi o‘z manbaalariga asoslanib politsiya o‘z ayg‘oqchilariga O‘zbekistondagi uyali telefon shirkatlari SIM kartasiga ega bo‘lgan kishilarni kuzatib borishni buyurgani haqida xabar qildi.


Turkmanistonda Beeline va Ucell hali ham ommabop


Turkmanistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh viloyatlarida yashovchi aholi o‘zbek operatorlari bo‘lmish Beeline va Ucell xizmatlaridan foydalanishni afzal ko‘radi.

Xususan¸ Toshhovuz va Lebap viloyatlarida uyali telefon mijozlari orasida Beeline hamda Ucell mobil aloqa operatorlari SIM kartalari ommalashgan. Bu viloyatlar aholisining 70-80 foizini o‘zbeklar tashkil qiladi.

Yaqinlargacha¸ ko‘pchilik yonida ham turkman¸ ham o‘zbek operatoriga ulangan uyali telefonni olib yurishi odat tusiga kirgan edi¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan turkmanistonliklardan biri:

- Hozir ikkinchi telefonni uyda saqlashga majbur bo‘layapmiz. Faqat O‘zbekistondagi, Urganchdagi qarindoshlarimiz bilan gaplashsak foydalanamiz. Chunki Turkmanistondagi MTS xalqaro telefon so‘zlashuvi uchun ko‘p haq oladi. O‘zbekistonnikida ichki tarifda haq oladi, deydi toshhovuzlik uyali telefon mijozlaridan biri.

Toshhovuz va Lebap viloyatlarida o‘zbek SIM kartalari egalari ta‘qib qilinishining O‘zbekistondagi Beeline hamda Ucell mobil aloqa operatorlari o‘z signal qamrovini kengaytirishi ortidan boshlangani aytilmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekistondagi ikkita yirik uyali telefon shirkati Turkmanistonga chegaradosh Xorazm, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston respublikasida o‘z stantsiyalari sonini oshirgan, jumladan signal qamrovi Turkmanistonning Lebap va Toshhovuz viloyatlari hududlarini ham qamrovchi 500 dan ziyod stantsiya qurildi.

Bu esa Turkmanistonda o‘zbek SIM kartalaridan foydalanadigan uyali telefon mijozlari soni oshishiga olib keldi:

- Ota-onam Toshhovuzda, men Xorazmga kelin bo‘lib tushganman. Dadamga tez-tez gaplashib turamiz, deb bu yerni SIM kartasini olib berib yuborganman. Hozir ko‘p tekshirishayapti ekan, to‘g‘ri, lekin hozir ham gaplashayapmiz, amallab, deydi Urganchda yashovchi toshhovuzlik Mehribon.


Turkmaniston nazoratdan yiroq SIM kartalardan xavfsiramoqda


Turkmaniston huquq-tartibot idoralari o‘z fuqarolarining o‘zga mamlakat SIM kartasidan foydalanishini mamlakat milliy xavfsizligi uchun tahdid sifatida ko‘rmoqda:

- Turkmanistondek avtoritar davlatda fuqarolarning nazoratdan yiroq telefon xizmatidan foydalanishi maxsus xizmatlarni tashvishlantirishi tabiiy, deydi Venada yashovchi turkmanistonlik huquq faoli Farid Tuxbatullin.

Turkmanistonda inson huquqlari bo‘yicha Helьsinki jamg‘armasi raisi Tojigul Bekmetova fikricha, buni ortida iqtisodiy sabablar ham bor:

- Turkmaniston shu paytgacha o‘z fuqarolariga qulay kommunikatsiya xizmatini yaratib berishning uddasidan chiqmadi. Hozir mamlakatda yagona monopolist uyali telefon shirkati MTS bor. Raqobat bo‘lmagandan keyin, bu shirkat xohlagan tarifni belgilaydi, iste‘molchilar bundan ziyon ko‘radi. Ular aloqa qilishning o‘zlariga qulay va arzon bo‘lgan yo‘lini axtarishga majbur bo‘lishadi, deydi turkman faoli

Rossiyadagi MTS uyali telefon shirkatining Turkmaniston mobil aloqa bozoridagi ulushi 80 foizni tashkil etadi.

Turkmanistondagi davlatga qarashli "Oltin asr" deb ataluvchi shirkat esa¸ bor-yo‘g‘i 500 ming abonentga ega.


Chegara bilmas SIM kartalar


Ayni paytda qo‘shni Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘izistonning O‘zbekistonga tutash chegara hududlarida yashovchi asosan etnik o‘zbeklardan iborat aholisining ham O‘zbekistondagi Beeline va Ucell mobil aloqa operatorlari SIM kartalaridan foydalanishi aytiladi.

O‘tgan yil sevgan qizi bilan uchrashish uchun Amudaryoni kechib, Termizga o‘tgan afg‘onistonlik Abdulnazarbek ham sevgilisi bilan O‘zbekiston SIM kartasidan adashib qilingan qo‘ng‘iroq ortidan tanishgan edi.

O‘zbekistonning Tojikiston va Qirg‘izistonga chegaradosh tumanlarida yashovchi aholi esa qo‘shni mamlakatlardagi qarindoshlari bilan telefon aloqasini ushlab turish uchun o‘zbek SIM kartalarini ishlatadi.
XS
SM
MD
LG