Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:20

Toshkentda yana Mercedes-Benz avtobusi yonib ketdi


WhatsApp orqali Ozodlikka yo‘llangan videoda yonayotgan avtobus aks etgan.
WhatsApp orqali Ozodlikka yo‘llangan videoda yonayotgan avtobus aks etgan.
WhatsApp orqali Ozodlikka yonayotgan avtobus aks etgan video yo‘llandi. Norasmiy manbalarning xabar qilishicha, hodisada hech kimga zarar yetmagan va bu avtobusning Toshkent shahridagi "3 - Avtobus Saroyi"ga qarashli ekani aytilmoqda. Ayni paytda yong‘in sabablari noma‘lum qolmoqda.

WhatsApp ijtimoiy tarmog‘i orqali Ozodlik radiosiga yo‘llangan 18 soniyalik videoda bir necha metr naridan olingan avtobusning deyarli yonib bitayozgani aks etgan.

Qolgan-qutgan shakli va yashil rangidan yonayotgan avtobus ekani aniq ko‘rinib turgan bu videoni yo‘llagan manba hodisaning juma kuni Toshkentning Qorasaroy daxasida sodir bo‘lganini bildirdi.

Ozodlik muxbirining bu video ortidan aniqlashicha, bu avtobus shahardagi "3-Avtobus Saroyi"ga qarashli avtobus bo‘lgani aytilmoqda.

Uzbekistan - Public bus in fire, Tashkent
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:17 0:00


Hozircha bu avtosaroy bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, shahardagi boshqa avtosaroy xodimlaridan yig‘ilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, hodisa Toshkent shahrining Olmazor tumanida sodir bo‘lgan.

Ma‘lumotga ko‘ra, bekatga yaqinlagan avtobusda yong‘in xavfi sezilgach, haydovchi darhol yo‘lovchilarni avtobusdan tushirgan va nari ketishni so‘ragan.

"Keyin shu pojar bo‘pti ekan. Hech kimga hech narsa qilmagan. Hamma tarqalib ketgan bo‘lgan uje. Shu 3-atoparkka qarashli, deb aytishdi. Bugun ertalab bildim buni", dedi shahardagi avtosaroylardan birining dispetcheri.

Toshkentdagi 12-, 18-, 8-Avtobus saroylari xodimlaridan yig‘ilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, Mercedes-Benz Conecto rusumidagi avtobus yong‘indan so‘ng yaroqsiz holga kelgan.

Bu yong‘in haqida o‘zbek ijtimoiy tarmoqlaridagi ma‘lumotlar asosida xabar qilgan Gazeta.uz nashri ham hodisaning Olmazor tumanidagi "Qorasaroy" avtobus bekatida bo‘lganini yozdi.

Tahririyatga surat yo‘llagan Yelena ismli o‘quvchisiga tayangan internet nashrning yozishicha, avtobusning ichki qismida boshlangan yong‘in avtobus saloniga ko‘chguniga qadar yo‘lovchilar uni tark etishga ulgurgan.

Yong‘inni o‘chirish uchun esa 3 ta o‘t o‘chiruvchi mashina kelgan.

Hozircha, hodisadan so‘z ochgan manbalarning hammasi yong‘in sabablari noma‘lum ekani haqida yozmoqda.

Bunga qadar shu yilning 14 martida ham Toshkent shahridagi "7-Avtokorxona"ga qarashli ekani aytilgan Mercedes-Benz rusumidagi avtobus yonib ketgan edi.

Unda ham hech kimga zarar yetmagan va yong‘in sabablari qorong‘uligicha qolgan.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda bu hodisalarning qizg‘in bahsi bormoqda va foydalanuvchilar aynan sabablar xususida bahs qilmoqdalar.

Quyida bu bahslarda tilga olinayotgan bir necha omillar keltiriladi:

- Birinchidan, naqd pul tushumi bo‘yicha kundalik rejani bajarishga majbur etilayotgan Avtobus saroylari mutasaddilari texnik nazoratga e‘tiborsizlik bilan qaramoqdalar va odatan, yong‘inga aynan vaqtida aniqlanmagan nosozliklar sabab bo‘lmoqda.

- Ikkinchidan, shaharda avtomobil yo‘llari o‘ta abgor holga kelgani bois avtobuslar kutilgan muddatidan oldin ishdan chiqmoqda. Aynan Mercedes-Benz rusumidagi avtobuslar uchun asl ehtiyot qismlari esa so‘nggi 4 yil ichida xorijdan keltirilmagan.

- Uchinchidan, hozir aksar avtosaroylarda avtobus motorini sovutish uchun maxsus suyuqlik — antifriz o‘rniga suv ishlatilmoqda. Mercedes-Benz rusumidagi avtobuslar motorini esa suv bilan sovutish mutlaqo mumkin emas.

- To‘rtinchidan, aslida 22+1 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan avtobuslarda, odatan, 50-60 nafar, aholi qatnovi tig‘iz vaqtlarda esa undanam ko‘p odam tashilishi bois yoz kunlarida transport motori yanada qizib ketmoqda.

Bular ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar tomonidan Mercedes-Benz avtobuslarida yuzaga kelayotgan yong‘in sabablari xususida o‘rtaga tashlanayotgan taxminlardan ba‘zilari edi.

Mana shu taxminlarga oydinlik kiritishini so‘rab, Ozodlik muxbiri bog‘langan Toshkentdagi Avtobus saroylari xodimlari faqatgina yo‘llarning nobopligiga oid taxminlarni quvvatladilar.

"Bizda mana hoziram ishlayapti texniklarimiz. Ularning ish rejimi bor. Har bitta avtobus ipidan-ingrasigacha texosmotrdan o‘tadi. O‘tin tashimayammizku har holda, to‘g‘rimi?! Kerakli ehtiyot qismlar qo‘yiladi kerak bo‘lsa! Lekin, siz aytgan yong‘inga nima sabab bo‘lganini man bilmadim endi. Ekspertnыy gruppa aytadida uni", dedi Toshkentdagi yirik avtobus saroylaridan birining ismini aytmagan dispetcheri.

Shu tariqa, shahar aholisini tashiyotgan va tashqi ko‘rinishdan yap-yangi turgan Mercedes-Benz avtobuslarida ro‘y berayotgan yong‘in sabablari haqida Ozodlik hozircha biror rasmiy tashkilotdan munosabat olishga muvaffaq bo‘lmadi.

Ammo tahririyat kelgusi ish haftasi davomida bu hodisalar yuzasidan rasmiy tashkilotlar munosabatini o‘rganishga urinishda davom etadi.

Yangiliklarni Ozodlikda kuzating!
XS
SM
MD
LG