Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:25

Futbol muxlislari chiptalar “qo‘l”ga chiqib ketganidan xavotirda


O‘zbekistonlik futbol muxlislari chipta olish ilinjida Toshkentdagi "Bunyodkor" stadioni chiptaxonasi yaqinida turibdilar, 2013 yilning 17 iyuni.
O‘zbekistonlik futbol muxlislari chipta olish ilinjida Toshkentdagi "Bunyodkor" stadioni chiptaxonasi yaqinida turibdilar, 2013 yilning 17 iyuni.
18 iyun kuni Toshkentda o‘tadigan O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi futbol uchrashuviga chiptalar tamom bo‘ldi. 17 iyun – dushanba kuni erta tongdan “Bunyodkor” stadioni atrofiga to‘plangan yuzlab muxlisga militsiya xodimlari shunday deb ma‘lumot berdi.

Chiptaxonalar atrofi panjaralar bilan o‘rab olingan. Bir necha yuz chog‘li muxlis esa quruq bilan qaytgisi kelmay, shu yerda turibdi. Chipta ilinjida to‘plangan izdihom doirasi kengayib boryapti. Stadion atrofida tartibni saqlash uchun o‘ndan ziyod ichki ishlar xodimini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston-Qatar o‘yini haqida “Bunyodkor” stadioni panjarasiga ilingan banner.
O‘zbekiston-Qatar o‘yini haqida “Bunyodkor” stadioni panjarasiga ilingan banner.
Jahon chempionati saralash bosqichi doirasidagi so‘nggi o‘yin – O‘zbekiston va Qatar uchrashuvi uchun chiptalar 15 iyundan sotila boshlagan. Stadion atrofida to‘plangan aksar muxlislar – ular orasidan chipta uchun atayin viloyatlardan kelganlar ham bor – qisqa muddatda 30-35 ming dona chipta sotilib ketishiga ishonmayotir. Muxlislar chiptalar “qo‘l”ga – olibsotarlarga chiqib ketgan, deb gumon qilmoqda.

– Bilet 15 iyun, shanbadan boshlab sotilgan. Kassa yakshanba kuniyam bir-ikki soat ishlagan, xolos. Kuniga nari borsa, 5 mingtadan sotgandir. Ikki kun ichida 30 mingta bilet sotilib ketganiga ishonish qiyin-da. Menimcha, biletlar “qo‘l”ga chiqarib yuborilgan. Mana ko‘rasiz, ertaga 15 minglik biletni 100 mingdan pullashadi, – deydi Sardor ismli futbol muxlisi.

“Bunyodkor” stadionidagi uchrashuv uchun chipta bahosi 15 ming so‘mdan 35 ming so‘mgacha belgilangan. Chipta sotuvi payti muxlislardan pasport nusxasini ko‘rsatish talab qilingan.

"Bunyodkor" stadioni chiptaxonasi O‘zbekiston-Qatar jamoalari o‘yinidan bir kun oldin ham yopiqligicha qolmoqda.
"Bunyodkor" stadioni chiptaxonasi O‘zbekiston-Qatar jamoalari o‘yinidan bir kun oldin ham yopiqligicha qolmoqda.
Aksar muxlislar “Bunyodkor” stadioni ma‘muriyati futbol ishqibozlarini chalg‘ituvchi ma‘lumotlar berganidan yozg‘irmoqda.

– Boshida “Bunyodkor” saytida biletlar 13-14 iyun kunlari sotiladi, degan xabar berishdi. Shunga ishonib, qancha odam 13-14 iyun kunlari bu yerga keldi, lekin kassalar taqa-taq yopiq. Keyin “bu noto‘g‘ri informatsiya”, deb aytishdi. Shuncha odamni ovora qilmay, to‘g‘ri informatsiya bersa bo‘lmaydimi?! – deydi Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlaridan birida o‘qiydigan Behzod ismli ishqiboz.

“Bunyodkor” stadioni ma‘muriyati bilan bog‘liq chipta mojarosi ilk bor kuzatilayotgan yo‘q. Joriy yil 26 mart kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi livanliklarni qabul qilganida ham chipta olmoqchi bo‘lgan muxlislar sarson bo‘lgan.

18 iyun kuni o‘tadigan futbol uchrashuvini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari umid va ilinj bilan kutmoqdalar. Qatar bilan kechadigan o‘yin O‘zbekiston terma jamoasining Braziliyada o‘tadigan jahon chempionatiga chiqish masalasini hal qilishi mumkin. Shu kuni parallel vaqtda o‘tadigan Janubiy Koreya – Eron bahsida koreyslar forslarni yer tishlatsa va Mirjalol Qosimov shogirdlari Qatarni mag‘lub eta olsa, O‘zbekiston Braziliya yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

Terma jamoaning jahon chempionatiga chiqishi yo‘lidagi hal qiluvchi o‘yinini stadionning o‘zida ko‘rish ashaddiy muxlislar uchun katta ahamiyat kasb etadi.
XS
SM
MD
LG