Линклар

O‘zbekiston-Qatar o‘yini uchun Toshkent chiptaxonalaridan topilmayotgan, ammo "qo‘l"ga o‘tib ketgan bir dona chipta narxi 250 minggacha ko‘tarildi. Chiptalar erkin savdosini cheklagan hukumatning futbol maydoniga haqiqiy ishqibozlarni emas, buyruqqa bo‘ysungan tashkilot va hokimliklar xodimlarini kiritish bilan o‘z xavfsizligini o‘ylayotgani aytilmoqda.

Dastlab O‘zbekiston-Qatar o‘yiniga chiptalar 13-14 iyundan boshlab sotuvga chiqarilishi xabar qilindi. Keyinchalik bu sana 15 iyun kuniga o‘zgartirildi.

Toshkentdagi futbol ishqibozlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, 15 iyun kuni "Bunyodkor" stadionining chiptaxonasida juda cheklangan miqdorda chipta sotilgan va ertasi kuniyoq chiptalar tugagani e‘lon qilingan.

17 iyun kuni vaziyatni o‘rgangan Ozodlik manbasiga ko‘ra, dushanba kuni "Bunyodkor" chiptaxonasi yaqinida "qo‘l"da chipta sotuvchilar guruhi paydo bo‘lgan.

Ushbu manba shu kuni chipta narxi "qo‘l"da 120 ming-175 ming so‘mga chiqqaniga shaxsan guvoh bo‘lganini xabar qildi.

Futbolga ixtisoslashgan jurnalist Bobomurod Abdullayevning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, o‘yin bo‘ladigan kun ertalabdan chiptalar narxi "qo‘l"da 10 barobargacha ko‘tarilgan.

O‘zbekiston-Qatar o‘yiniga chiptalarning sotuvga cheklangan miqdorda chiqarilgani va asosan, olibsotarlar qo‘liga o‘tib ketgani bilan bog‘liq vaziyatni kuzatayotgan mustaqil jurnalist Abdullayevga ko‘ra, chiptalar davlat idoralariga tarqatilgan.

- 2013 yil 27 may kuni Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, ta‘lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari bo‘yicha qo‘mitasida yig‘ilish bo‘ldi. Unda O‘zbekiston-Qatar o‘yinida bo‘ladigan xavfsizlik choralari, shu jumladan, bilet masalalari muhokama qilindi. Majlisda 131-sonli bayonnoma qabul qilingan. Unda o‘yinga chiqarilgan biletlar taqsimlangan, dedi jurnalist Ozodlik bilan suhbatda.

Ushbu bayonnomani qo‘lga kiritganini aytgan jurnalist chiptalar taqsimotiga oid quyidagi ma‘lumotlarni taqdim qildi:

- Toshkent shahar hokimligiga 6620 ta,
- O‘zbekiston futbol federatsiyasi, OFK va qatarlik mehmonlarga 2000 ta,
- Oliy ta‘lim muassasalariga 4000 ta,
- O‘zbekiston professional futbol ligasiga 2000 ta,
- Bunyodkor sport majmuasi kassalariga 13 ming 780 ta chipta taqsimlangan.

Jurnalistning aytishicha, sotuvga chiqarilgan chiptalar soni tarqatilgan chiptalar sonidan ozdir.

- Deyarli 14 ming bilet sotuvga chiqarilgan. Qolgan 16 ming bilet tashkilotlarga bo‘lib berilgan, deydi jurnalist.

Abdullayev O‘zbekiston hukumatining futbol o‘yiniga chiqarilgan chiptalar masalasiga aralishuvi ortida xavfsizlik masalasi turibdi, deb hisoblaydi.

- Muxlislarga jahon chempionati kerak bo‘lsa, mutasaddilarga tinchlik kerak bo‘layapdi. Davlat idorasidan borganlar o‘sha yerda tartibni buzmasdan, tinch o‘tirib, indamay kelishadi. Lekin haqiqiy ishqibozlarning xatti-harakatiga garantiya yo‘q. Ya‘ni, davlat o‘zining xavfsizligini o‘ylayapti, deydi Bobomurod Abdullayev.

Futbol sohasi bo‘yicha mustaqil jurnalist Bobomurod Abdullayev bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG